Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston qonunchiligida qanday diplomlar tan olinmaydi? Inspeksiya «ISAL»ga e’tiroz bildirdi

O‘zbekiston qonunchiligida qanday diplomlar tan olinmaydi? Inspeksiya «ISAL»ga e’tiroz bildirdi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan «ISAL» MChJ reklama qilayotgan Rossiya universitetlarida masofaviy o‘qish O‘zbekiston qonunchiligiga to‘g‘ri kelmasligi haqida ma’lumot berildi.

«Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash bilan bog‘liq munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi qonuni asosida tartibga solinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 martdagi «Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 241-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomning 2-bandiga asosan Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni tashkil etish uchun yuridik shaxslarga litsenziya berish, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish, shuningdek, uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Lekin keyingi vaqtlarda ayrim fuqarolar yoki MChJlar tomonidan belgilangan tartibda litsenziyaga ega bo‘lmagan holda, noqonuniy ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanayotganligi ma’lum bo‘lmoqda.

Jumladan, «ISAL» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’lim xizmatlari bozorida faoliyat olib borishi uchun ta’limning ma’lum bir turi bo‘yicha belgilangan tartibda litsenziyalanmagan holda ijtimoiy tarmoqlarda «Uyingizdan chiqmagan holda Rossiya universitetlarida oliy ma’lumot olishni xohlaysizmi?» deb nomlangan reklama va e’lonlarini berish bilan shug‘ullanmoqda.

E’londa «ISAL» mas’uliyati cheklangan jamiyati Rossiya Federatsiyasining oliy ta’lim muassasalarida masofadan o‘qish uchun imkoniyat yaratib berishini ta’kidlagan. Amaldagi qonunchilikka asosan «ISAL» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati litsenziyalanmasdan ta’lim faoliyati (o‘qishga kirish va o‘quv jarayonlarini tizimli ravishda amalga oshirilishini tashkil etish) bilan shug‘ullanishi qonunga zid hisoblanadi.

Shuningdek, Postupi.uz O‘zbekistondagi oliy distansion ta’lim markazining https://postupi.uz/ rasmiy saytida ham Rossiya va Belarus oliy ta’lim muassasalariga masofaviy (distansion) ta’lim shaklida o‘qishga taklif etishmoqda. Mazkur tashkilot O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritishi uchun Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 9 fevraldagi 66-sonli qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tmagan va bunday faoliyat bilan shug‘ullanishi qonunga zid hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi ta’lim to‘g‘risidagi qonunida ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda (kunduzgi, sirtqi hamda kechki ta’lim shakllari ko‘zda tutilgan) ta’lim olish belgilangan, lekin masofaviy ta’lim shakli ushbu qonun hujjatlarida ko‘zda tutilmagan. Ya’ni, respublikamizda oliy ta’lim tizimida masofaviy ta’lim olish mexanizmlari shakllanmagan. Shularni inobatga olib, Respublikamiz qonunchiligida ayni paytda masofaviy shaklda ta’lim olish amalda mavjud emasligi sababli bu shaklda o‘qib olingan diplomlar tan olinmasligini hamda tan olinmagan ta’lim hujjati O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy kuchga ega bo‘lmasligi ma’lum qilingan.

Bu borada Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi «ISAL» mas’uliyati cheklangan jamiyatini qonunga zid faoliyat bilan shug‘ullanmasligi to‘g‘risida bir necha marotaba ogohlantirishiga qaramasdan yana ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federatsiyasining oliy ta’lim muassasalarida masofadan o‘qitishni reklama va e’lonlarda berishda davom etmoqda.

Bu esa respublikamiz fuqarolariga noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilishiga va mazkur tarzda o‘qib olingan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasida bugungi kunda amalda bo‘lgan qonunchilikka muvofiq tan olinmasligiga olib keladi hamda fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘ladi.

Hurmatli fuqarolar,

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi OGOHLANTIRADI! Turli tashkilotlar yoki fuqarolar tomonidan OAV va ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy davlatlarda masofaviy ta’lim olish bo‘yicha keng jamoatchilikka berilayotgan reklamalariga ishonmang va bunday hiyla-nayranglariga tushib qolmang.

O‘zingiz va farzandlaringiz umrini va mablag‘laringizni besamar sarflamang».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring