Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ona tili» va «O‘qish» dars soatlari qisqartirilmagan holda birlashtirilib, yagona fan joriy etildi

«Ona tili» va «O‘qish» dars soatlari qisqartirilmagan holda birlashtirilib, yagona fan joriy etildi

Shu paytgacha «Ona tili» va «O‘qish» fanlari alohida o‘qitilgan. Endi esa ushbu ikki fanni birlashtirgan «Ona tili va o‘qish savodxonligi» deb nomlangan yagona fan tashkil etiladi. Bu haqda Respublika ta’lim markazi xabarida aytilmoqda. 

O‘qish fani, asosan, badiiy uslubdagi, mavhum tushunchalarni tashiydigan matnlardan iborat edi. Yangi darslik uchun tanlangan matnlar va she’rlar esa bolaning ijtimoiy hayotga kirishib keta olishida ko‘maklashadigan, ham badiiy, ham informativ, ham ilmiy-ommabop uslubdagi matnlardan iborat.

Amaldagi darsliklarda tinglab tushunish kompetensiyasini rivojlantirish uchun topshiriqlar ajratilmagan bo‘lsa, yangisida bu kompetensiyasini rivojlantirish uchun har bir mavzuga alohida topshiriqlar ishlab chiqilgan, deyiladi xabarda.

O‘qib tushunish kompetensiyasini rivojlantirish uchun ajratilgan topshiriqlar esa, asosan, matnda ochiq ifodalangan ma’lumotlarga, yoki didaktik elementlarga qaratilar edi. Endi esa darslikda o‘qib tushunish kompetensiyasining barcha qismlarini qamrab oladigan savol va topshiriqlar bo‘ladi.

Shu paytgacha ona tilini o‘qitishdan maqsad tilning grammatikasini o‘rgatish, til strukturasiga oid qoidalarni yod oldirish edi. Yangi darslikda eng muhim qoidalargina qoldirilgan. Rang-barang tasvirlar va qiziqarli topshiriqlarga ko‘proq urg‘u berilgan.

Ahamiyatli tomoni endi o‘qituvchilar uchun «O‘qituvchi kitobi», o‘quvchilar uchun esa «Mashq daftari» ham bo‘ladi.

Eski darsliklar til strukturasini o‘rgatishga qaratilgan. Yangi darsliklarda esa til strukturasidan ko‘ra, tilning leksikologik, semantik tomonlariga urg‘u berilgan. Ya’ni asosiy e’tibor so‘z, uning ma’nolari, o‘rindoshlari, qo‘llanish o‘rinlari, lug‘at boyligi kabi tomonlarga qaratilgan.

Amaldagi darslikdan o‘rin olgan matnlarda bola yoshiga mos bo‘lishidan ko‘ra, didaktik ahamiyatiga urg‘u berilgan. Taqdim etilayotgan didaktika esa yoshga mos, qiziqarli mavzulardagi matnlar hamda she’rlarga singdirilgan. Yozuvchilar bilan birgalikda matnlar qayta ishlab chiqilgan.

Darsliklardagi tushunarsiz bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar izohsiz qoldirilar edi. Yangi darsliklarda bolaning tushunishi uchun qiyin bo‘lgan so‘zlar darslikning orqa qismida maxsus lug‘atga joylashtirilgan. Bundan tashqari ular ustida alohida mashqlar ishlab chiqilgan.

Tayyorlanayotgan darslikda gapdan to yaxlit matn yaratishgacha bo‘lgan jarayon tizimli ravishda ishlab chiqilgan. Avval gaplardagi bo‘sh o‘rinlarni to‘ldirishni boshlagan bola ma’lum mavzu doirasida kichik matn yarata olish darajasiga olib chiqiladi.

Shuningdek, darslikda o‘quvchilarning eng og‘riqli muammosi bo‘lgan og‘zaki javob beriladigan, og‘zaki tarzda bajariladigan alohida topshiriqlar ham ishlab chiqilgan. Yodlash uchun berilgan she’rni aytib berishlari uchun alohida vaqt ajratilgan.

Yangi darslikda uyga vazifalar mavjud emas. Nutqiy mavzular asosida izchillikda bir-birini to‘ldiradigan, o‘zi izlanib topishga qaratilgan nostandart mashq va topshiriqlar ishlab chiqilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring