Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Isroil Tillaboyev

Xalq uchun ishla, o‘zinga qaytmasa, farzandingga qaytadi!

Chet tili faqat «english»mi?

Chet tili faqat «english»mi?

Foto:«Xabar.uz»

Yaqinda bosh vazirimiz Abdulla Aripov Xalq ta’limi xodimlari bilan uchrashganida men sizlarga Prezidentimizning gaplarini aytmoqdaman, dedi. Uchrashuv jarayonida, ingliz tiliga e’tibor qaratib rus tili va boshqa tillarni unutdik, xorijda maktabni bitirayotgan o‘quvchi 4 ta horijiy tilni biladi, biz esa borini yo‘q qildik, o‘rniga yangisini qurmadik, dedi.

Men ijtimoiy tarmoqda O‘zbekistonning minglab o‘qituvchilari bilan bevosita aloqada bo‘laman, fanimga doir bo‘lmagan boshqa fan guruhlarida ham bo‘lib suhbatlashaman. Shunday guruhlardan biri nemis va fransuz tili o‘qituvchilari bilan gaplashib ularning dardlari, millatimiz dardi naqadar og‘ir ekanligini his qilib bugun e’tiboringizni bugun hal qilmasak ertaga kech bo‘ladigan chuqur muammoga qaratishga bel bog‘ladim. Meni  tashvishga solgan narsalar,  bular yoshlarimizga  nemis va fransuz tillarining o‘qitilish darajasi o‘ta susayib, mavqei pasayib ketganligidir.

Bir zumgina o‘ylab ko‘ringchi, siz yashab turgan xududingizda avvallari qancha nemis va fransuz tilini o‘rgatuvchi maktablar bor ediyu hozir qancha bor? Masalan men 40-50 yoshlilar orasida ko‘p eshitaman, men nemis tili o‘qiganman, men fransuz tili o‘qiganman, degan so‘zlarni, demak bizning xududda qadimda ushbu tillar chet tillar qatorida o‘qitilgan ekan. Hozirgi kunlarda 65 ta maktabli tumanimda 1 ta maktabda  nemis tili o‘qitilishini bilaman, 2 ta edi, ikkinchisi qayta tayyorlovdan o‘tib ingliz tiliga o‘tib ketgan ekan. 1 ta maktabda esa fransuz tili o‘qitiladi. Xullas nemis va fransuz tili  o‘qitilishi shaharda bilmadimu qishloq  joylarida ayanchli axvolda desak bo‘ladi.

Xo‘sh ushbu tillarning jaxonda ahamiyati qanday?

Har ikki til jaxonda katta e’tiborli  tillaridan xisoblanadi, Fransuz tili jaxon tillaridan deb tan olingan. Dunyo bo‘yicha ingliz tilida 600 mln, rus tilida 260 mln, nemis tilida 130 mln, fransuz tilida esa 220 mln kishi (www.kazakh-tv.kz) so‘zlashadi. Demak ushbu 4  tilning  ahamiyati katta jaxonda.

Bu ikki tilning bilgichlari tomonidan ko‘plab alohida xususiyatlarini eshitamiz, jumladan  fransuz tili dunyodagi eng chiroyli  va yoqimli tillardan deyishsa, nemis tilini o‘rganish va qo‘llash  juda oson deya maqtashadi.

www.vatandosh.uz saytining 2011-yil 24-sentyabrdagi Davronbek Tojialiyevning maqolasiga ko‘ra yurtimizda 2300 ta maktabda nemis tili o‘qitilgan. Lekin bu ma’lumotga 7 yil bo‘ldi, hozirgi axvol haqidagi aniq ma’lumot topilmadi, bu real axvol nemis va fransuz tili o‘qituvchilari ijtimoiy tarmoqlaridagi guruhlarida birga suhbatlashish orqali juda pasayib ketganini his qildim.

Nemis va fransuz tillarining o‘qitilishi bizda susayib ketganligiga sabab nima?

Birinchidan kadrlar masalasi, Jaxon tillari va Milliy universitetlarda va viloyatlar markazlaridagi ba’zi Universitetlarda ushbu tillar uchun fakultetlar ochilgan, pedagogika institutlarida ham bittadan guruh 20-25 ta talaba qabul qilishadi xar yili.  xo‘sh har yili ingliz tili kabi yuzlab yosh kadrlar chiqmayotgan bo‘lsa ham har xolda bitirib chiqyapti-ku, bu yoqda mexnat qilib kelayotgan mutaxassislar ham bor,  unda muammo nimada? Gap shundaki, biz xaqiqatan ham borini ham «yo‘qotib bo‘ldik», nima demoqchi bo‘lganimni kuyida bayon qilaman.

Ikkinchisi, zanjir reaksiyasi, ya’ni ushbu tillarni bitirib kelgan o‘qituvchilarga dars berish muammosi, katta qilib ChET TILLARni  o‘qitishni takomillashtirish bo‘yicha, deb qo‘yilgan  1875-qarorni faqat ingliz tiliga chiqarilgan deb o‘ylaguvchi direktorlar negadir nemis va fransuz tili o‘qituvchilariga dars berishga unamaydi. Peshonasi tirishadi.  Sabab qilib esa ota-onalar bolasini ingliz tilini o‘qishini istashini ro‘kach qilishadi, ularning tushunchasi bo‘yicha, agar maktabni ingliz tiliga o‘girmasa, ota-onalar bolasini boshqa maktabga olib ketarmish, axvol shu darajaga keladiki, maktablarda, hatto ingliz tili mutaxassisi bo‘lmasa-da direktorlar ingliz tili «o‘tuvchi» sinflar ochib tashlashyapti.

Masalan Buxoro viloyati Vobkent tumani bir maktab nemis tili fani ustozi bian gaplashib qoldim,  maktabda 2017-2018 o‘quv yilida birinchi sinflarning barchasini ingliz tili o‘qitamiz deb turib olishdi, lekin kadr yo‘q, kadr bo‘lmagach birinchi chorakda dars umuman o‘qitilmadi, keyin biz yuqori tashkilotlarga murojaat qildik, shundan keyin ham bir chorak o‘tib ketdi deb, ikkinchi chorakdan nemis tili fani o‘qituvchisi ingliz tilini qo‘shib o‘tdi, hech tushuna olmaydigan holat, kimga kerak bunday o‘tilgan ingliz tili? Jamiyat bundan qanday manfaatdor? Shuncha mashmashadan keyin ham 2018-2019 o‘quv yilida ham birinchi sinflarni ingliz tili qilishmoqchi, dedi.

Bilasizmi men gaplashgan  maktabda 2017-2018-o‘quv yilida «Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi – 2018» ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichida nemis tilidan birinchi o‘rinni olgan o‘qituvchi ishlaydi (ikki marta Germaniyada malaka oshirib qaytgan). Shunday ustoz ishlayotgan maktabda qadrlari shu bo‘lsa boshqa maktabdagilarni tasavvur qilaverdim. Ular shuncha yutuqqa erishib kelsa-da nima uchundir har doim o‘zini kamsitilgan his qiladi. Maktabda nima uchun shunday kadrlar mavjud bo‘lganda faqat hujjatda ingliz tili o‘qitilishi kerak? Ularning aybi Davlat Respublika bo‘ylab ochib qo‘ygan ushbu fakultetlarni bitirib chiqqanliklaridami? 4 yil oliygohda nemis yoki fransuz tilini ne ne umidlar bilan o‘qib kelgan yosh kadr yo tarjimonlikka o‘tib ketishadi va yoki qayta tayyorlov orqali ingliz tiliga o‘tib ketishadi-da shu fandan dars berishadi va yoki shartta Germaniya yoki Fransiyaga ish izlab ketib yuborishadi: «boriniyam yo‘qotyapmiz».

 Paradoks: pedagoglikka tayyorlab nemis va fransuz tillaridan talaba kadrlar bitirgizish tinmaydi, lekin ularni maktabda tan olmasdan yana boshqattan ingliz tiliga tayyorlovga majburlashadi, undan ko‘ra kelinglar Oliy o‘quv yurtlarida mazkur tillardan ixtisosliklarni berkitib o‘rniga birato‘la ingliz tilini ochib qo‘yaqolaylik?!

Aytgancha, qayta tayyorlov kursi bilasizmi  muddati qancha: 4 oy! Atigi 4 oyda Institutda 4 yil o‘qib erishgan  ingliz tili o‘qituvchisi darajasi bilan tenglashtirib qo‘yish mumkinmi, qaysi super interfaol texnologiya asosida? Shu qisqa muddatda butun sohasini majburan o‘zgartirishga majbur bo‘layotgan, o‘zi sevib tanlagan tilini ishsiz qolmaslik uchun boshqasiga almashtiryotgan kuchli bilimli nemis yoki fransuz tili o‘qituvchisi rahmim keldi, yana bir tomondan o‘ylab qarasak ushbu kadrlarimiz shu qisqagina muddatda qay darajadagi va saviyadagi ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lishi hech kimning parvoyiga kelmaydi, ularga muhimi ingliz tili «sertifikat»i bor-ku, «hammasi pochestniy»,  qolgani bilan nima ishi bor… kimni aldayapmiz, davlatnimi, prezidentnimi, ota-onalarnimi  yoki bolalarnimi?!

Uchinchisi, Bunda ota onalarga ham kunda miyasiga quyganimiz, chet tili - ingliz tili, degan tushunchamiz ham albatta tasir qiladi. Buning natijasida universitetga faqat ingliz tilidan imtixon topshiriladi, deb o‘ylashadi.

To‘rtinchi sabab. Ommviy axborot vositalari, masalan: televideniya, gazeta-jurnallar negadir doim ingliz tilini targ‘ib qiladi.  «Yoshlar» telekanali «General English», Sevimli telekanali «The News» , Bolajon telekanali «ABC Kids»,  «Quvnoq Alifbo», «We learn English»,…. Bu yaxshi albatta, lekin oilangizda to‘rt nafar farzandingiz bo‘lsayu birining ishi sal yurishib qolsa hamma mehringizni o‘sha bittasiga bermaysizku?!

Birinchilardan bo‘lib Naziraxon Ahmedova «O‘zbekiston» telekanalida «Nous apprenons le Francais» (Fransuz tilini o‘rganamiz) nomli teledastur namoyish qilinganini ko‘pchilik eslasa kerak. Naxotki hozirgi davrda shunga o‘xshash dasturlarni fransuz va nemis tiliga qiziqtirishda efirga uzatishning iloji yo‘q, axir u davrdan hozir kompyuter texnologiyalari va o‘qitishning yangi innovatsion usullarining  o‘ta zamonaviy turlari chiqib ketganku?

O‘zbekistonga keladigan  turistlar soni bo‘yicha fransuzlar bir, nemislar ikkinchi (ba’zan) o‘rinda ekanligini xisobga olinsa, yaqin yillarda fransuz va nemis tillaridan gid va tarjimonlar yetishmay qolishi mumkin, maktablardagi o‘qituvchilar tanqisligidan va yoki hammani ko‘r ko‘rona «ingliz» qilib tashlayotganimizdan. Yana bir jihati,  yurtimizda fransuz va nemis hamkorlar bilan  ko‘plab  qo‘shma korxonalar ochilgan bo‘lib ushbu korxonalar uchun ham tarjimonlar o‘zimizdan yetishib chiqishi shart, chunki muzokaralarda tarjimonning o‘zingizniki bo‘lishi sizning katta yutug‘ingiz bo‘lishini katta tadbirkorlar juda yaxshi bilishadi.

Men nemis tili o‘qituvchilari bilan suhbatlashish jarayonida ularni har yili 10-15  tadan o‘qituvchilarni Germaniyada tajriba va malakasini oshirish uchun yuborilayotganligi eshitdim, bu ajoyib xol edi, demak albatta O‘zbekistonda nemis va fransuz tillarini ommalashtirishda Germaniya va Franssiya davlatlari doimo moddiy tomondan qo‘llaydi, bundan unumli foydalanib, baxonada yutimizdagi ushbu fan o‘qituvchilari va yoshlarimizning bu tillardan bilimlarini oshirib olishimiz lozim.

Muammoni kanday yechishimiz mumkin,  nimalar qilish kerak?

Avvalo maktab dasturlarini qayta ko‘rib chiqib ingliz va rus tili bilan birgalikda ikkinchi yoki uchinchi til sifatida ushbu nemis yoki fransuz tillarini ham qo‘shimcha til fani sifatida qo‘shish lozim. Shunda o‘quvchilar va ota onalarga qaysi tilni tanlay ekan, deya muammo paydo bo‘lmas edi, shunda nemis tili va fratsuz tili mutaxassisi bo‘lib maktabga kelgan yosh kadrlarimiz direktornng qosh qovog‘iga qarab noqulay axvolga tushib o‘ksimas va yoki eng ayanchlisi qayta ingliz tili mutaxassisligiga o‘qishga majbur bo‘lishmas edi. Mayli maktab o‘quvchilarimiz bitirguncha butunlay ushbu fanlarni o‘rganisha olmas (rus yoki ingliz tilidan ham juda qoyillatishayotgani yo‘qligini ko‘rib turibmiz)  lekin boshlang‘ich ma’lumotlar va umumiy bilimlarni yetkaza olsak, ushbu fanlar bilan qo‘shimcha shug‘ullanish orqali bo‘lsa ham to‘liq o‘rganadigan darajadagi qiziqish va xohish uyg‘otishga xizmat qilar edi bu darslar.

Bular uchun kadrlarni yetishmovchiligiga yo‘liqishimiz mumkin, lekin bu xolatda kayta tayyorlatganimiz, igliz tilidan majbur dars berib kelayotgan asli nemis tili yoki fransuz tili mutaxassislaridan foydalanamiz. Kamiga  respublika pedagogika oliy o‘quv yurtlarida ushbu tillarga doir kafedralarni ko‘paytirishimiz lozim. 

O‘quvchilar va ota onalar o‘rtasida Germaniya va Fransiyaning iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatlari, u yerdagi oliy o‘quv yurtlarida grantlar orqali o‘qishlar haqida targ‘ibot qilib, bir ikki emas, bir necha tilni o‘rganishga qiziqtirish ishlarini olib borish lozim. Zero Fransuz tilini o‘rganib Eyfel minorasini fransuzlarning o‘z tilidan eshitib tomosha qilish va yoki Yevropa lokomativi Germaniya oliy o‘quv yurtlarida o‘qib kelishni kim ham istamaydi deysiz?

Til bilish dunyo bilishdir, xaqiqatan ham bir tilni bildingizmi istaysizmi yo‘qmi o‘sha davlatning urf odatlari va ijtimoiy xayotini o‘rganasiz, dunyoqarashingiz oshadi. Hozirgi global zamonada O‘zbekiston maktab o‘quvchilari bir ikki emas, 3-4 tilni bilib chiqishi jamiyatimizning har bir jabhasida o‘zining katta foydasini beradi. Biz buni uddalay olamiz, o‘quvchilarimiz til o‘rganishga ishtiyoqlari kuchli, faqat ushbu yoshlarimizning til o‘rganish xarakatlarini barcha imkoniyatlarimizni kuchaytirib davlat miqyosida qo‘llab quvvatlashimiz kerak.

Ta’lim tizimimizga yangi «qon» keldi: Chet elda o‘qib kelgan yosh yurtdosharimiz butun jamoa bilan ishga kirishdilar, xurmatli Sherzod Shermatov ushbu tillarni O‘zbekistonda o‘qitilish samaradorligi va mavqeini yuqori darajaga ko‘tarishiga umid qilamiz, zero jaxon ko‘rgan ushbu kishilar ushbu tillarning ahamiyatini, ko‘p tillar bilish foydalarini men va sizdan ko‘ra ko‘proq bilishadi!

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring