Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Putin orzusi Rossiyaning bor qudratiga ham tarixiy zarba beryapti» – Rabbimov

«Putin orzusi Rossiyaning bor qudratiga ham tarixiy zarba beryapti» – Rabbimov

Putin Rossiyani qaytadan imperiyaga aylantirishni orzu qilib, uning bor qudratiga ham tarixiy zarba berib qo‘ydi. Bu haqda o‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

Kecha, 23 noyabr kuni Yevropa Ittifoqi parlamenti Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzi tufayli Rossiyani terrorizmning homiysi sifatida tan olish to‘g‘risidagi rezolyusiyani qabul qildi. Qarorni 494 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi, 58 nafari qarshi chiqdi, 44 nafari betaraf qoldi. Ciyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bunga munosabat bildirar ekan, shunday deydi:

«Yevropa Parlamenti ko‘pchilik ovoz bilan Rossiya Federatsiyasini «terrorizm homiysi bo‘lgan davlat» (gosudarstvo-sponsor terrorizma) deb tan olibdi. Bu qaror, hozircha ramziy-siyosiy ma’noga ega, va real huquqiy oqibatlari mavjud emas. Lekin, bu katta qadamlarning boshlanishi bo‘lishi mumkin. Yevroparlament Yevropa Komissiyasi va Kengashini Rossiyaga nisbatan «terror homiysi bo‘lgan davlat» sifatida muomalada bo‘lishga chaqirgan. Ya’ni, rasmiy Moskvani to‘liq ihotalash tavsiya qilingan».

Siyosatshunosning ta’kidlashicha, AQShda ham bir necha oydan beri Rossiyani «terrorizm homiysi bo‘lgan davlat» sifatida baholash chaqiriqlari bor. Lekin, Bayden ma’muriyati bu taklifga qarshi.

«AQShda ham bir necha oydan beri Rossiyani “terrorizm homiysi bo‘lgan davlat” sifatida baholash chaqiriqlari bor. Lekin, Bayden ma’muriyati bu taklifga qarshi. Chunki, AQSh qonunchiligiga ko‘ra, Vashington qaysi bir davlatni “terrorizm homiysi” deb tan olsa, unga nisbatan real huquqiy mexanizmlar ishlashi kerak. Rossiyaga nisbatan shunday mexanizmlarni joriy qilishni oqibatlari global darajada katta o‘zgarishlarga olib keladi».

Kamoliddin Rabbimov agar Rossiya «terrorizm xomiysi bo‘lgan davlat» deb tan olinsa, BMT Xavfsizlik Kengashidan chiqarilishi nazarda tutilishi kerakligini aytgan.

«Misol uchun, Rossiya BMTning Xavfsizlik Kengashi doimiy a’zosi. Agar Rossiya «terrorizm homiysi bo‘lgan davlat» deb tan olinsa, BMT Xavfsizlik Kengashidan chiqarilishi nazarda tutilishi kerak. Buning uchun, Xavfsizlik Kengashining qolgan doimiy a’zolari ham bunga rozilik berishi kerak. Qolaversa, Rossiya bilan AQSh va g‘arb davlatlarining diplomatik munosabatlar deyarli uzilishi yoki juda pasayishi kerak bo‘ladi».

Siyosatshunosning fikricha, xalqaro hamjamiyat Rossiyaga nisbatan real bosimlarni Putin hokimiyatga ketganidan keyin ham to‘xtatmaydi.

«Nazarimda, Rossiyaga nisbatan real bosimlar Putin hokimiyatdan ketganidan keyin ham to‘xtamaydi. Rossiyani qo‘lidan yadro qurolini olib qo‘yish, BMT Xavfsizlik Kengashidagi uni veto huquqini olib tashlashga intilish ham kuchayadi. Putin, Rossiyani qaytadan imperiyaga aylantirishni orzu qilib, uni bor qudratiga ham tarixiy zarba berib qo‘ydi. Rossiya bu vaziyatdan 2021-yildagi kabi jamuljam resurslar va qudrat bilan chiqa olmaydi, albatta zaif yoki o‘ta zaif holatda chiqadi».

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring