Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Said-Abdulaziz Yusupov

Men millatimni boshqariluvchi emas boshqaruvchi, taroshlanuvchi emas taroshlovchi sifatida ko‘rgim keladi.

Maqsad — «G10». Boltani tashlang!

Maqsad — «G10». Boltani tashlang!

Illyustrativ surat.

Foto: «Playbuzz.com»

Vaziyat og‘ir, juda ham og‘ir!

Bugun dunyo hamjamiyatida juda ham og‘ir vaziyat hukm surmoqda. Vaziyatning og‘irligi esa siyosiy munosabatlarda asl siyosiy maqsadlarning hamisha ham oshkora ma’lum bo‘lmasligida. Kichik bir misol keltiraman.

Qatarga nisbatan bir kunda birdaniga yettita arab davlati ultimatum e’lon qilgan holatni olaylik. Ultimatum vajlari, sabablari keltirildi. Ularning orasida terrorni qo‘llash, islomiy ahkomlarga zid harakat ayblovlari qatori turli siyosiy-diplomatik ayblovlar ham bor. Dunyo aholisiga bular sabab qilib ko‘rsatildi. Hamma narsa ochiq-oydin aytildi go‘yoki. Aslidachi? O‘quvchining yodida bo‘lsa, bu voqealar jahon mamlakatlariga demokratiyani eksport qilishga odatlangan davlat rahbarining Saudiya Arabistoniga tashrifidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ldi.

Bu tashrifdan so‘ng, avvaliga kutilmaganda valiahd shahzoda «almashtirilib», uy qamog‘iga tashlandi. Uning o‘rniga dunyoga gegemonlik qilish istagidagi davlatning siyosatiga xayrixoh bo‘lgan shahzoda tayinlandi (mamlakat mudofaa vaziri bo‘lmish yangi valiahd anchadan beri Eronga urush ochish kerakligini ilgari surib kelardi). Saud oilasining boshqa shahzodasi esa navqiron yoshida yurak xurujidan vafot etdi.

So‘ngra bir kunda Qatar davlatiga ultimatum qo‘yildi. Hodisani chetdan kuzatgan dunyo aholisi bir arab davlatiga boshqa arab davlatlari «siyosiy vajlar» sabab ultimatum qo‘ygan deb qabul qildi. Voqelik shunday singdirildi. Ammo bu voqealarni keltirib chiqargan asl haqiqat yashirildi va hamon sir tutilmoqda. Haqiqat shuki, prezidenti Saudiyaga kelgan «buyuk davlat»ning tashqi qarzi 15 trillion dollardan oshib ketgan, Qatarning esa 10 trillion dollardan ortiqroq puli bor edi… Ziyrak o‘quvchi uchun ortiqcha izohga hojat yo‘q deb o‘ylayman.

Bu kichik bir misol edi xolos. Aslida, jahonda kechayotgan tendensiyalar juda katta muammolarning mavjudligidan darak beradi. Buni har bir ongli inson tushunib, his qilib turibdi. Dunyo bo‘ylab ilm-fan, sanoat, qishloq xo‘jaligi, armiya va savodxonlik masalalari tanazzulga uchrayotir. Jahon miqyosida tug‘ilish, axloq, ta’lim ko‘rsatkichlari tushib ketmoqda. Bolalar o‘limi, fohishabozlik, giyohvandlik darajasi o‘sib borayapti. Buning sabablari haqida o‘ylagan inson ich-ichidan dunyoda uchinchi jahon urushi hidi anqiyotganligini sezadi.

Chunki bugungi dunyo urushning noan’anaviy usuli bilan yuzlashdi. Qaysidir Davlatlar yoki Kuchlar g‘olib bo‘layaptiyu, INSONIYaT MAG‘LUB BO‘LMOQDA. Hozirgi holat istasakda, istamasakda Ikkinchi Jahon Urushi oldidan vujudga kelgan vaziyatga juda o‘xshaydi. O‘shanda Vermaxtning faolligi kuzatilgan bo‘lsa, bugun agressiv informatsion qo‘shinlarning faolligi kuchaymoqda. Bugun mazlum va zolim kimligini haqiqat emas, OAV va ijtimoiy tarmoq imkoniyatlaridan kim ko‘proq hamda unumliroq foydalanyotganligi belgilamoqda.

Navbatdagi loyiha: Markaziy Osiyo…

Maqolamiz tahliliy ruhda bo‘lsa ham, biz bu yerda mamlakatlar ismlarini keltirmaymiz. Chunki gap kim yoki qaysi mamlakat haqida ketayotganini ziyoli o‘quvchi shundoq ham biladi.

Ma’lumki, gegemonlikka da’vogar mamlakatlar vositasida dunyoni parda ortidan boshqarishga intilayotgan kuchlarning Yaqin Sharq loyihasi nihoyasiga yetdi. Arab bahori bilan boshlangan bu loyiha so‘nggida Yaqin Sharq tamoman vayron bo‘ldi. Davlatlar vayronaga aylantirildi, millionlar Vatansiz qoldi. Asl maqsadga ham erishildi…

Xo‘sh bo‘ldi tamommi? Shu bilan geosiyosiy o‘yinlar tugadimi? Aslo yo‘q! Shaytoni layn qiyomatga qadar insonni yo‘ldan urushdan to‘xtolmagani kabi, Haq va Botil urushini abadiy davom etgani kabi, eng kuchli bo‘lish da’vogarlari ham to‘xtamaydilar. Endigi navbat Markaziy Osiyoga. Nega?

Birinchidan, Markaziy Osiyo — dunyoga gegemon bo‘lish istagidangi uchta davlatning manfaatlari kesishadigan nuqta. Ikkinchidan, muqobil energetika va biotexnologiya rivojlanib borgani sayin neft va gazning ahamiyati asta sekin pasaymoqda. Oltin, uran va toriumning qiymati oshmoqda. Hozircha torium faqat Turkiya tuproqlarida ko‘pligi ma’lum, oltin va uranga boy tuproqlar esa Markaziy Osiyoda. Uchinchidan, Iroq kimyoviy qurolni yo‘q qilish bahonasida, Liviya diktatorlikni yo‘q qilish bahonasida, Suriya terrorizmni moliyalash ayblovi va «mazlum musulmon shia»larni «zulmdan ozod etish» bahonasida xonavayron qilindi. Ya’ni har bir xonavayrongarchilik qaysidir «ezgu» maqsad yo‘lida amalga oshirilib kelinmoqda. Yuqorida misol keltirganimiz kabi asl sabablar esa boshqa. Markaziy Osiyo mintaqasida esa bunday «ezgulik»ni amalga oshirishga zamin va bahona tayyor. Bu — Afg‘oniston.

Navbat aynan Markaziy Osiyo loyihasiga kelganining misollarini sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Maqsadimiz bu haqiqatni qayta isbot qilish emas. Maqsadimiz dunyo siyosiy sahnasidagi vujudga kelgan bunday tahlikali holatda milliy davlatchilikni saqlab qolish barobarida, mamlakatimizda tinchlikni va iqtisodiy rivojlantirishni saqlab qolish uchun nima qilmoq kerak degan savolga javob topish.

Yurakni asrash kerak!

O‘zbekiston — Markaziy Osiyoning yuragi. Bu mintaqadagi siyosiy muvozanatni saqlashdagi asosiy tayanch nuqta — O‘zbekiston. Umume’tirof etilgan va isbot talab bo‘lmagan haqiqat — bu. Markaziy Osiyo mintaqasida notinchlik istagan kuchlar (kim bo‘lishidan qat’iy nazar — terroristik tashkilotlarmi, ularni vujudga keltirgan turli davlatlar maxsus xizmatlarmi yoki parda ortidagi kuchlarmi, farqi yo‘q), eng avvalo, bizning mamlakatda notinchlik keltirib chiqarishga harakat qiladi. Chunki, O‘zbekiston iqtisodi hozircha Markaziy Osiyoda eng kuchli bo‘lmasa-da, geostrategik joylashuviga ko‘ra u baribir geosiyosatda birinchi o‘rinni egallaydi.

Ayniqsa, muhim bir nuqtaga e’tibor qaratmoqchimiz: nega O‘zbekiston dunyo buzg‘unchi kuchlari, jumladan terroristik tashkilotlar uchun juda muhim ahamiyatga ega? Tabiiy boyliklar sababgina emas! Sababi Islom olamida (!) Islom dini uchun muqaddas sanalgan (!) birato‘la ikki shaharga egalik qiladigan ikkitagina mamlakat bor: biri Makka va Madina joylashgan Saudiya Arabistoni, ikkinchisi Buxoro va Samarqand joylashgan O‘zbekiston!

Yurakni qanday asraymiz?

Bunday tahlikali va murakkab vaziyatda mamlakatda barqarorlikni saqlash va xavfsizlikni ta’minlash uchun qilinishi kerak bo‘lgan ikkita asosiy va bir-biri bilan uzviy bog‘liq vazifa bor.

Birinchisi, rivojlangan mamlakatlar investitsiyalarini ko‘proq hajmda va qisqa muddatda O‘zbekistonga jalb etish kerak. Chunki, rivojlangan mamlakatlar o‘zlari qilgan investitsiyani himoya qilish uchun o‘sha mamlakatda barqarorlikni saqlashga o‘z hissalarini qo‘shishga majbur bo‘lishadi. Ikkinchisi, kuchli, yangi ichki g‘oyaviy siyosat kerak. Busiz davlatning ichki xavfsizligini ta’minlash imkonsiz.

Tanlov: g‘amsiz o‘yinchoq yoki aqlli o‘yinchi

Bekorga dunyo siyosatini shaxmat doskasiga o‘xshatishmaydi. Bugun biz og‘ir tanlov oldida turibmiz. Millat sifatida yoki mintaqadagi eng kuchli o‘yinchi maqomini egallaymiz yoki kimlarningdir o‘yinchog‘iga aylanamiz. O‘yinchoq bo‘lishdan osoni yo‘q. Iztirob chekilmaydi, harakat qilinmaydi, tushunish kerakmas, hatto o‘ylash ham kerakmas. Ammo o‘yinchi bo‘lish og‘ir: o‘ylash kerak, iztirob chekish kerak, harakat qilish kerak.

Bularning barchasidan hech qachon charchamaslik kerak. Tinimsiz harakat kerak. Oddiy tilda aytsak: yo g‘amsiz qul (ammo QUL), yo iztirobli HUR bo‘lishni tanlashimiz kerak. Toki tanlov borakan, biz HURmiz. Agar QUL bo‘lsak bizga hech kim tanlov huquqini ham bermaydi. Fikrimizni so‘ramaydi ham.

Kelajakning chegarasi

Agar biz ongli millat sifatida tabiiyki HURlikni tanlar ekanmiz, biz bu og‘ir yo‘l ekanligini anglashimiz, oldimizdagi mashaqqatlarga avval ruhan tayyor bo‘lishimiz kerak. Biz hammamiz oddiy inson sifatida ham, butun boshli millat sifatida ham buyuk kelajak haqida orzu qilamiz, to‘g‘rimi? Ammo qachon buyuk kelajakka qadam qo‘yamiz deb hech o‘ylab ko‘rganmizmi? Kelajakning boshlanish chegarasi qayerda?

Biz orzu qilayotgan kelajakning boshlanish chegarasi bugun va hozir ekanligini tushunayapmizmi? Bu maqolani o‘qiyotganingiz mana shu sekundlar sayin kelajakka kirib kelayotganimizni bilayapmizmi? Ertaga kamolini ko‘rishni orzu qilganimiz farzandlarimiz bo‘lishi uchun, umidlarning ertangi ro‘yobi uchun, bugun to‘lg‘oq azobini ko‘rishimiz kerakliligini, bugundan harakat qilishimiz kerakliligini anglayapmizmi? Ko‘pchilik anglar balki. Ammo bugungi iztirobsiz ertangi buyuklikka erishib bo‘lmasligini his qilayapmizmi? Aytmoqchi bo‘lganim, buyuk kelajak orzu qilayotganimiz holda bugungi mashaqqatli mehnatga tayyormizmi?

Buyuk kelajak buyuk millatlargagina nasib etadi. Millat sifatida buyuklik esa, qonunlar ustuvor bo‘lgan davlatlarda vujudga keladi. Qonunlar so‘zsiz ishlagan jamiyatlarda buyuk millatlar yetishadi. Qo‘rquvlari, fobiyalari yo‘q millatgina buyuk bo‘ladi. E’tiqodli millatgina buyuk bo‘ladi. Agar biz bunga faqatgina umummillat sifatidagina emas, har birimiz alohida shaxs sifatida tayyor bo‘lsak, avvalgi maqolalarimda ta’kidlaganimdek yolg‘onlardan voz kechish bilan birga tafakkurimizni kengaytirishimiz, muammolarga yondashuvimizni o‘zgartirishimiz kerak.

Kompasga tegmang!

Rahmatli Chingiz Aytmatov va Ikeda suhbatida bir gap aytilgan edi: «Hozirgi taraqqiyot davri — cheksiz ummon bo‘lsa, jamiyat — unda suzib ketayotgan bir kema. E’tiqod omili xuddi kompas kabi cheksiz ummonda suzib ketayotgan kemani adashishdan saqlaydi. Manziliga talofatsiz yetishini ta’minlaydi.

Dunyoga nazar soling: diniy bayramida yahudiy xudoni tanisin deya bolasini senagogga, xristian cherkovga, buddist xramga olib boradi. Hatto mamlakatimizda ham cherkov yoki senagogga ularning diniy bayramlarida borsangiz ota-onalar chaqalog‘igacha olib borganini ko‘rib quvnaysiz. Ozod yurtda ana shunaqa bo‘ladi-da! Tinch totuv va qonun ustuvor mamlakatda hammaning diniy erkinligi ta’minlanadi-da!

Ammo!!!

Aholisining aksar qismi musulmon bo‘lgan mamlakatimizda nega Ramazon hayiti yoxud Qurbon hayiti namozlariga go‘dak bolangiz bilan borsangiz formali va formasiz odamlar masjidga kirishga ruxsat berishmaydi? Nega musulmon sifatida bolam Xudoni tanisin, unga ibodat qilsin deb Hayit namoziga olib borish imkonsiz?!

Men o‘z yurtimda yurtdoshim, vatandoshim — nasroniy, yahudiy yoki boshqa din vakili bo‘lgan fuqaro kabi din erkinligidan, e’tiqod erkinligidan nega bir xilda foydalana olmasligim kerak?! Savolimdan maqsad diniy masalani emas, qonun, Konstitutsiyaviy huquq nega bu sohada to‘liq ishlamayotganligini aniqlashtirishdir. Shaxsan men o‘quvchilar darsni tashlab namozga yugurib ketishiga qarshiman! Ilm ibodatdan afzal! Ammo e’tiqod jamiyat kompasi ekan, u kompas bilan o‘ynamaslik kerak!

Garchi maqolaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi yo‘qdir, ammo, o‘rni kelgani uchun bir narsani ham aytib o‘tishimiz kerak. Bugun dunyo musulmon ummatining ahvoliga bir nazar tashlang: ulamolar avom oldida masala talashgan, musulmon musulmonni diniy qarashlari uchun bo‘g‘izlagan, bir-biri bilan tahoratda og‘iz to‘rt marta chayilsa nima bo‘ladi, mubohmi, muboh emasmi kabi masalalar ustida tortishgan, bizning ulamolarimiz ko‘p xotinlilik joizmi-yo‘qmi qabilidagi masalalarni muhokama qilib yurgan vaqtda, boshqa din vakillari quyoshga zont jo‘natmoqda, insonga manfaat keltiradigan texnologik yangiliklar qilmoqda, bedavo kasalliklarga dorilar yaratishmoqda, atmosferani kirlantirmaslik muammolarini o‘rganishmoqda…

Bizda esa… Hajga borish uchun pora berish gunoh ekanini bilmaydigan, kecha Samarqandda bo‘lganidek Ka’ba ziyoratiga otlanib, 75 gram opium bilan qo‘lga tushgan «hoji aka»lar paydo bo‘lmoqda. Taassuf!

Prezidentni tushuning! Unga dastak bo‘lishimiz kerak!

Men yuqorida bejiz dunyo siyosat maydonidagi holatni tahlikali ekaniga misollar keltirmadim. Bu bilan dunyo hamjamiyatidagi shunday og‘ir bir vaziyatda, ham xalqaro siyosiy maydonda siyosat yuritish, ham mamlakat ichida uning muammolarini hal qilish, umuman O‘zbekistondek geostrategik muhim nuqtada joylashgan mamlakatga rahbarlik qilish oson emasligiga e’tiboringizni qaratmoqchi edim.

Bugun prezidentga juda og‘ir. Qanday tahlikali bir davrda, Markaziy Osiyo yuragi sanalmish O‘zbekistonga rahbarlik qilish qanchalar og‘ir va mas’uliyatli ekanligini his qiling. Shunga qaramay Prezident tinim bilmayapti. Hali u viloyatga, hali bu tumanga, hali bu davlatga, hali u davlatga tinimsiz borib kelayapti. Nega? Davlat rahbari o‘ynagani bormaydi chet elga. Viloyatlarga ham shunchaki aylangani chiqmaydi. Mana shu davlatni kuchli qilish uchun, millatni xavflardan asrash uchun soatlab asab charchatar muhokamalar o‘tkazadi, og‘ir qarorlar qabul qiladi. Bu so‘zdan maqsadimiz Prezidentni maqtab ko‘klarga ko‘tarib maddohlik qilish emas. Balki Prezident kelajak garovi ekanligini, unga ham oson emasligini, unga dastak, suyanch kerakligini anglatish!

Biz Prezidentimizni to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz, ishonamiz unga, uni yaxshi ko‘ramiz deb hammadan balandroq baqiradigan, og‘iz yirtadiganlarga aytmoqchi bo‘lganimiz shuki — bo‘sh idishdan baland ovoz chiqadi. Prezidentga bugun quruq maqtovchilar emas, aytilgan ishnigina qiladiganlar emas o‘z ishini indamay bilib-bilib qiladiganlar, o‘z tashvishlaridan tashqari kechasi davlat taqdirini o‘ylab uyqusi qochib, mushohada qiladiganlar, chin ma’noda iztirob chekadigan va konstruktiv yechimlar topadiganlar kerak.

Rangli tush

Men rangli tushlarimda O‘zbekistonni BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatida o‘tirganini ko‘raman. Tushlarimda u inson huquqlarini poymol etgani uchun AQSh, Fransiya yoxud Germaniyaga nisbatan sanksiya e’lon qilayotgan, VETO huquqidan foydalanib, gegemon davlatlar yoqlab ovoz berayotgan BMT qarorini to‘xtatib qo‘yotgan, jahonning iqtisodi rivojlangan eng kuchli o‘ntalikka kirgan DAVLAT sifatida namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston KATTA O‘NLIK DAVLATLARI (G-10)ning ichida bo‘lishini orzu qilaman.

Balzakning bir haqiqati bor: «erkak qobiliyati xuddi ayoldagi chiroy kabi — bor yo‘g‘i va’da xolos». Biz haqiqatda qobiliyatli millatmiz. Ma’naviyatimiz ham boy, ma’rifatimiz ham yuksak, o‘tmishimiz ham shonli, kelajakdan umidimiz ham katta. Ammo hanuz rivojlanayotgan mamlakatlar qatoridamiz. Nega? Chunki, qobiliyatni ro‘yobga chiqarish uchun qobiliyatga yarasha yurak va iroda kerak.

Muammoni tushunish

Mamlakatni yuksaltirish — eng avvalo muammolarni tushunishdan boshlanadi. O‘zbekistonda bugun muammo juda ham ko‘p. Hal etilayotgan, hal etilishi lozim bo‘lgan va hal etilmayotganlari ham bor.

Shukurki bugun biz muammolar borligini tan olishni o‘rgandik. Ular haqida gapirishni boshladik. Ana shuning o‘zi millat uchun juda katta qadam bo‘ldi. Ammo, bu hali birinchi qadam. O‘z gunohini ich-ichidan tan olgan banda Yaratganning nazdida bir pog‘ona darajasi ko‘tarilganidek, muammolari borligini tan olgan jamiyat ham yuksalishda bir daraja ilgarilagan bo‘ladi.

Boltani tashlang!

Bunday insonlar nega kerakligini bilasizmi? Prezident qabul qilgan qaysidir «qarorning so‘zsiz ijrosini ta’minlash» kabi yuksak iboralar jaranglashi uchun emas, bu — salkam uch yarim ming yillik qadim davlatning boqiy turishi uchun, millatning qoni to‘kilmasligi uchun, bu yurtda tinchlik hukmronlik qilishi uchun, bu mamlakat taraqqiy etishi uchun, men kabilar orzu qilgandek BMT Xavfsizlik Kengashi to‘rida O‘zbekiston o‘tirishi uchun kerak.

Shu o‘rinda muhim gap bor. Xitoy yaqin tarixida ro‘y bergan chumchuqlar bilan bog‘liq voqeani esga olaylik. Chumchuqlar qishloq xo‘jaligiga katta zarar yetkazayotgani sababli ularga qarshi kurash e’lon qilingan edi. Natijada bu masalaga aql bilan emas, «bolta» bilan yondalishib chumchuqlar qirib tashlangan. Natijada bir necha yil davomida mamlakat boshqa bir ofat — chigirtka balosiga yo‘liqdi. Bir necha yillik ulkan yo‘qotishlardan so‘nggina bu balodan qutulishdi. Keyin hisob-kitob qilinganda, chumchuqlardan ko‘riladigan zarardan ko‘ra chigirtkalar yetkazadigan zarar bir necha o‘n barobar ko‘pligi aniqlangan.

Bu bilan nima demoqchiman?! Maqsadimiz kamida Katta o‘nlik davlatlari (G10), ya’ni sayyoramizning mutaraqqiy 10 ta davlati safiga kirish! Buning uchun esa, salla desa kallani olib kelishdan, o‘rinsiz maqtovdan, mas’uliyatsizlikdan tiyilishimiz, eng asosiysi bir muammoni hal qilishda bolta bilan emas aql bilan ish ko‘rishni o‘rganishimiz kerak. Bizga Budyonovlar emas, Aytmatovlar kerak!

«Tafsilot.uz» saytidan olindi.
2017-yil 24-avgust.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring