Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir qurol tarixi. U kimning qo‘lida?

Bir qurol tarixi. U kimning qo‘lida?

Foto: «RIA Novosti»

AK-47 — dunyoda eng ko‘p tarqagan avtomat. Yaqin tarixning biron-bir qurolli nizosi yo‘qki, u qatnashmagan bo‘lsa. U bilan ozod etishgan va bosib olishgan, himoyalanishgan va shafqatsizlarcha o‘ldirishgan. Nega AK-47 bunchalik ommalashib ketdi, u dunyoni qanchalik o‘zgartirdi? «Advance» nashri (F.Vukovich, Xorvatiya) maqolasida shu haqda so‘z boradi.

Dunyoni o‘zgartirgan va o‘zgartirishda davom etayotgan bu afsonaviy qurol hatto ayrim mamlakatlarning bayroq va gerblarida aksini topgan.

1947-yilning 13-noyabrida ruslarning dunyoga eng mashhur avtomati — Kalashnikov avtomati (qisqa nomi — AK-47) ustidagi ishlar rasman yakuniga yetdi. Unga shu qurolni yaratgan rus konstruktori Mixail Kalashnikovning nomi berildi. 47 raqami esa avtomat ilk sinab ko‘rilgan yil.

Aslida AK-47 birinchi chiqqan avtomatlardan, bugun esa dunyoda eng ommalashgani. Ayrim tadqiqotlarga ko‘ra, hozir dunyoda 200 millionta atrofida AK-47 bor, demakki, har 35 odamga bitta «kalash» to‘g‘ri keladi. Bu avtomatning o‘qdoni (magazini)ga 30 dona o‘q sig‘adi...

Rus avtomatining keng tarqashi siri nimada? Albatta, sabablari oz emas. Avvalo, ishonchli. Ikkinchidan, kamxarj va yasash nisbatan qiyin emas. Qolaversa, ishlatish oson. Hammasi sovet harbiy doktrinasi talablaridan kelib chiqib bajarilgan. Mixail Kalashnikovga ishlab chiqarish arzonga tushuvchi avtomat yaratish buyurilgandi. Hadeb ta’mirlab o‘tirilmasdan, yangisi ishlab chiqilavergan!

Aniqlik bobida «yaxshilardan» sanalgan

Aniqlik bobida AK-47 doim «yaxshilardan» sanalgan, u bilan 300 metrlardan turib dushmanni to‘la ishonch bilan nishonga olish mumkin edi. Yanayam uzoq masofalarda Kalashnikov uncha to‘g‘ri urolmaydi (ammo bu u bilan uzoqdan turib otishmaydi degani emas).

Narxi hamyonbop AK-47 bugun deyarli barcha qurolli nizolarda hoziru nozir: armiyalarda, jangarilarda, partizanlar, jinoyatchilarda… Ishonchli va pishiq avtomat hammaga kerak, agar bu sifatlarning yoniga tannarxi arzonligi ham qo‘shilsa, nega AK-47 yaratilganidan beri oradan 70 yil o‘tib ham qo‘ldan tushmayotgani sirini ilg‘ash qiyinmas.

AK-47ning narxi qancha?

Umuman olganda, o‘zi bitta AK-47ning narxi qancha? Qayerda necha pul? Qurollar ham talab va taklif qonunlariga bo‘ysunadi. Boshqacha aytganda, nizo hududi qanchalik katta bo‘lsa, qurol narxi o‘sishi ehtimoli ham shuncha yuqori. Bundan tashqari, dunyoning qaysi nuqtasida urush alangalanayotgani ham ko‘p narsani hal qiladi.

«Global Financial Integrity» tashkilotining hisobotida AK-47ning jahon qora bozorlaridagi qiymati o‘rganilgan. Afg‘onistonda bitta AK-47ni 600 dollar evaziga bemalol qo‘lga kiritish mumkin. Meksikaning AQShga chegaradosh hududlarida esa narxi ikki baravar yuqori — 1200 dollar atrofida. Xuddi shu narxga Pokistonda ham AK-47ning originalini sotib olsa bo‘ladi. Bevosita mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari (sifati ancha pasti) «ko‘ki»da 148 dan sotilayotgani haqida ma’lumotlar keltirilgan. Yuqoridagi hisobotda AK-47ni «darknet» (internetdagi qora bozor) orqali 2800 dan 3600 dollarga sotishayotgani aytiladi.

Bugungi kunda 20 dan ziyod mamlakat o‘z «kalashnikovlari»ni ishlab chiqaryapti. Eng yirik ishlab chiqaruvchi — Xitoy. Rossiya Kalashnikovlarni chiqarishni to‘xtatgan, biroq juda katta miqdordagi zaxirasini to‘plab qo‘ygan.

Bugun AK-47 «hissasi qo‘shilmagan» biron-bir qurolli nizoni topish qiyin, balki yo‘qdir ham. Bir paytlar u faqat sovet jangchisining ishonchli sherigi edi, G‘arb uning kuchini ilk marta 1956-yili sobiq ittifoq qo‘shini Vengriyadagi isyonni bostirgan chog‘i ko‘rgan edi.

Keyin AK-47 qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Birinchi raqamli terrorchi Usama bin Lodin AK-47 dan o‘q uzayotgan fotosuratlar saqlanib qolgan. Iroq prezidenti Saddam Husaynni amerikaliklar hibsga olishganida uning yonida ikkita AK-47 bo‘lgan.

«Ommaviy qotil»

Xullas, Kalashnikov avtomati — «ommaviy qotil». Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, har yili o‘rtacha 250 ming kishi bevosita AK-47da yetkazilgan jarohatlar oqibatida dunyodan ko‘z yummoqda.

Avtomat konstruksiyasi ancha eskirganiga qaramay, hamon qariyb 50 ta milliy armiya AK-47 dan foydalanyapti: Xitoy, Misr, KUba, Sudan, Suriya, Eron, Iroq...

Albatta, yillar davomida avtomat takomillashib bordi (modifikafiyalari soni 200 tadan oshadi), biroq asosiy konstruktiv elementlari o‘sha-o‘sha, 1947-yildan beri biron o‘zgarishga uchramagan.

AK-47 turli jang maydonlariga u yoki bu yo‘llar bilan kirib borgan. 70-yillardan boshlab Kalashnikov avtomatlari asosan urushlarga «tashlanmoqda». Masalan, 70 va 80-yillarda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi sho‘ro qo‘shinlari bilan kurashayotgan Afg‘onistondagi mujohidlarga yuz minglab, balki millionlab AK-47larni yetkazib bergan.

Amerikaliklar ham ishlatishgan

Avtomat turli mintaqa va sharoitlarda sinovdan o‘tgan, ayniqsa, Yaqin Sharqning qumli sahrolarida hech qachon pand bermagan. Hatto 2000-yillarda Iroq va Afg‘onistonda urush harakatlarini olib borgan Amerika harbiylari ham qo‘llaridagi M-16 avtomatlarini tashlab AK-47lardan foydalanishgan, chunki bu qurol chang va qumga yaxshi dosh bergan.

2007-yili Iroqda bu mamlakatning qurolli kuchlarini tuzish chog‘i AQSh qo‘shinlari ularni AK-47 avtomatlari bilan qurollantirishgan (bularning ko‘pini amerikaliklar Iordaniyadan sotib olishgan) edi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay ularning Kalashnikovlari o‘rniga o‘zlarining M-16larini berishga majbur bo‘lishdi, chunki aksariyat AK-47lar Amerikaga qarshi isyonchi guruhlar qo‘liga o‘tib ketgandi. AQSh Iroq urushi mobaynida shu tariqa 110 mingta Kalashnikov avtomatini «yo‘qotib qo‘ygan».

Iroq mavzusidan chetlashmagan holda yana bir faktni eslash o‘rinli: 2004-2005-yillarda bevosita Pentagon (AQSh Qurolli Kuchlari) boshchiligida va NATO kuchlari roziligi ostida 350 mingtadan ziyod AK-47 Bosniya va Gersegovinadan Iroqqa keltirilgan. Sobiq Yugoslaviyada 90-yillarda kechgan urushlardan so‘ng yuz minglab Kalashnikov avtomatlari kriminal va terrorchi guruhlar qo‘liga o‘tib ketib «yo‘qolgan».

Bu qurolning jahondagi noqonuniy savdo aylanmasi yiliga 1,7 — 3,5 milliard dollarga yetadi, ya’ni xuddi shu qurol qonuniy savdosi aylanmasining 10 — 20 foizi atrofida. Yiliga milliontagacha yangi AK-47 ishlab chiqarilyapti, demakki, yana bir necha o‘n yillar olovli hududlar va jinoiy to‘dalar o‘zaro hisob-kitoblarida u ko‘plarning boshiga yetadi.

Qurolga sajda

Zamonamizning hech bir quroli AK-47chalik mashhur emas. Hatto shunchalikka borib yetdiki, Afrikaning Mozambik mamlakati uni o‘z bayrog‘i va gerbiga joyladi. AK-47 shuningdek Sharqiy Timor gerbiga tushirilgan. Aksariyat partizanlik, terrorchilik, harbiy va yarim harbiy to‘dalarniku qo‘yaverasiz.

Mozambik bayrog‘i va gerbi.

Yevropa va AQShda Kalashnikov avtomati birinchi navbatda «Sovuq urush» va Sharqiy blok timsoli sifatida gavdalansa, dunyoning boshqa nuqtalarida, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda AK-47 milliy-ozodlik, mustamlakachilar va imperialistlarga qarshi kurash ramziga aylangan.

AK-47 dunyoni o‘zgartirgani rost. Ammo yaxshi tomongami yoki yomoniga? Bir haqiqat qo‘lida himoyachi bo‘lgan bo‘lsa, bir bechoralarning qonini to‘kish uchun ishga solingan. Uning yordamida ozod etishgan va bosib olishgan, himoyalanishgan va shafqatsizlarcha o‘ldirishgan. Xo‘sh, Kalashnikov avtomati nima berdi? Ochig‘i, hech narsa. Shunchaki temir, tilsiz, jonsiz matoh. Hammaga gap u kimning qo‘lida ekanida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring