Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbekistondagi sport ta’lim muassasalarida ishlayotgan mutaxassislarning 51 foizi o‘rta maxsus ma’lumotli»

«O‘zbekistondagi sport ta’lim muassasalarida ishlayotgan mutaxassislarning 51 foizi o‘rta maxsus ma’lumotli»

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi matbuot xizmati

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezident qarori asosida Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universitetining Samarqand filiali tashkil etilishiga doir masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan muloqot bo‘lib o‘tdi.

Filialga talabalar basketbol, voleybol, yengil atletika, eshkak eshish, tennis, futbol quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qishga qabul qilinishi ma’lum qilindi.

«Rossiyada sport yo‘nalishi bo‘yicha birinchi raqamli oliy o‘quv yurti hisoblanadi, — dedi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha ilmiy-metodik ta’minlash, mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi direktori Ilhomjon Tursunaliyev. — Bugungi kunda mazkur dargohda 60 mingdan ortiq mutaxassis yetishib chiqqan, shundan 5 mingdan ortig‘i xorijga tayyorlab berilgan. Hozirda bu yerda 6800 dan ortiq talaba tahsil olmoqda. Reyting bo‘yicha top-1000 talikka kirgani va ilmiy salohiyati jahonda yuqori bo‘lgani uchun aynan Rossiyaning shu universitetini tanladik».

Mutasaddilar mazkur muassasaning O‘zbekistonda ochilayotganining ahamiyati va sabablari haqida tushuncha berdi.

«O‘zbekiston Olimpiya o‘yinlari, Osiyo va Jahon chempionatlari, nufuzli xalqaro musobaqalarda juda ko‘p yutuqlarga erishmoqda, — dedi Ilhomjon Tursunaliyev. — Lekin erishayotgan yutuqlarimizning hammasi — yakka kurash sport turlari bo‘yicha. Shuning uchun biz sport o‘yinlari va jamoaviy sport turlarini rivojlantirishga e’tibor qaratmoqdamiz. Masalaning yana bir muhim tomoni bor. Biz mamlakatimizdagi sport ta’lim muassasalarini o‘rganib chiqdik. Hozirda ularda ishlayotgan mutaxassislarning 51 foizi o‘rta maxsus ma’lumotli. Shulardan kelib chiqib, biz Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universitetini tanlashga qaror qildik».

Ta’kidlanishicha, filialda ta’lim rus tilida olib boriladi. O‘qishga qabul qilishda imtihon sinovlari ham dastavval rus tilidan suhbat ko‘rinishida o‘tkaziladi, keyin sport turlari bo‘yicha umumiy jismoniy taryorgarlik, maxsus jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sinovlar o‘tkaziladi.

Samarqand filialida davlat granti va shartnoma asosida ta’lim olish imkoni mavjud ekani, shartnoma to‘lovi 2000 AQSh dollari etib belgilangani qayd etildi.

Darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar Rossiya universiteti tomonidan yetkazib beriladi.

Filial bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universitetining belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

Filialning o‘quv binosi va sport inshootlari qurilishi 1-oktyabrga qadar yakunlanishi bildirildi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring