Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kuch tuzilmalari o‘rtasida «Men Gʼolib» musobaqasi o‘tkazildi

Kuch tuzilmalari o‘rtasida «Men Gʼolib» musobaqasi o‘tkazildi

Foto: Mudofaa vazirligi.

19-fevral kuni poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil topganligining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab «Men Gʼolib» vatanparvarlik yugurish musobaqasi o‘tkazildi.

Musobaqalarda asosan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari va kuch tuzilmalarining 12 ta jamoasidagi 300 nafarga yaqin xizmatchi, yuzlab havaskorlar ishtirok etdi. Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat Xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi, Bosh prokuratura kabi jamoalar o‘rtasida kechgan bahslarda g‘olib va sovrindorlar yakkalik va jamoaviy tarzda aniqlandi.

Yugurish musobaqasi nizomiga binoan unda 2021-2023-yillar oralig‘ida O‘zbekiston terma jamoasiga a’zo bo‘lgan sportchilar qatnashishi taqiqlanganligi sababli havaskorlar orasidagi bahslar har jihatdan qiziqarli o‘tdi.

Poytaxtimizning «Xalqlar do‘stligi» maydonidan start berilgan 10 kilometr masofada yugurish musobaqalarining umumiy holdagi g‘olib va sovrindorlarini belgilash uchun 50-60 daqiqadan ko‘proq vaqt ketdi.

O‘ziga xos kechgan poyganing 35-40 daqiqalik oralig‘ida dastlabki g‘oliblar aniqlandi. Musobaqaning 8 kilometrgacha bo‘lgan masofasida 160-raqamda harakatlangan Mudofaa vazirligi vakili Ilhom Nazarov yetakchilik qildi. Ammo, musobaqa finishiga 1 kilometrga yaqin masofa qolganda 163 raqamdagi ishtirokchi Nuriddin Rahmatov va 2-raqamli Muhriddin Mirzaliyev uni ortda qoldirib ketdi.

Shu tarzda shiddatli o‘tgan so‘nggi yugurish onlarida Nuriddin Rahmatov marra chizig‘ini birinchi bo‘lib kesib o‘tgan bo‘lsa, undan keyingi o‘rinlar Muhriddin Mirzaliyev va Ilhom Nazarovga nasib etdi.

Ayollar o‘rtasidagi yakkalik poygalarda esa Mudofaa vazirligi jamoasi vakilasi Iroda Olimova g‘oliblikka erishdi. 2 va 3-o‘rinlar Sabohat Xolmatova va Mohira Niyozovaga tegishli bo‘ldi.

Xuddi shuningdek, «Men Gʼolib» musobaqasining kursantlar o‘rtasida ham marra chizig‘ini birinchilardan bilan kesib o‘tganlar aniqlandi va taqdirlandi. Natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Mudofaa vazirligi akademiyasi tinglovchisi Javohir Xoliqberdiyev, 2 va 3-o‘rinlarni Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursantlari Fayzulla Habibullayev va Shavkat Nuriddinov egalladi.

Kursant qizlar ishtirokidagi bahslarda Ichki ishlar akademiyasi kursantlari Dilnoza Bekmirzayeva, Muyassar Do‘stmurodova hamda Bojxona instituti xodimasi Dinara Berdimurodova sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring