Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Har biringizni «oynai jahon» orqali kuzatib bordik — Shavkat Mirziyoyev sportchilarni tabrikladi

Har biringizni «oynai jahon» orqali kuzatib bordik — Shavkat Mirziyoyev sportchilarni tabrikladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarini qabul qildi. Prezident nutqi davomida Olimpiadada g‘olib chiqqan va sovrindor bo‘lgan sportchilarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

— Barchamiz dunyodagi eng nufuzli ana shu musobaqalarda O‘zbekiston vakillarining har bir chiqishini «oynai jahon» orqali katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordik.

Siz dunyo tan olgan sportchilar bilan mardona olishib, ularning o‘zini ham, ular erishgan natijalarni ham ortda qoldirib, 3 ta Olimpiya rekordini yangilab, jahon sportida ham yorqin sahifa ochdingiz.

Mamlakatimiz jamoasi 200 dan ziyod davlatdan kelgan eng kuchli sportchilar orasida umumjamoa hisobida – o‘ttiz ikkinchi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida – ikkinchi, Markaziy Osiyoda esa – birinchi o‘rinni egalladi. Bu chindan ham o‘zbek sporti tarixidagi ulkan natijadir.

Jamoamizga ilk oltin medalni taqdim etgan 19 yoshli sportchimiz, taekvondo ustasi Ulug‘bek Rashidovga va uning davramizda ishtirok etayotgan hurmatli otasi Ismatilla Rashidov hamda onasi Oksana Danilenkoga el-yurtimiz nomidan tashakkur bildiramiz.

Ulug‘bek O‘zbekiston tarixida Olimpiya oltin medalini qo‘lga kiritgan eng yosh sportchi sifatida nom qozondi.

Mahoratli polvonimiz Akbar Jo‘rayevning umumiy hisobda 430 kilogramḿlik marrani egallab, Olimpiya rekordini o‘rnatgani va ikkinchi oltin medalni qo‘lga kiritgani barchamizga ulkan quvonch bag‘ishladi.

Mana shunday mard va pahlavon yigitni tarbiyalagan Akbarjonning onasi Normatova Hafizaxon singlimizga samimiy rahmatimizni aytamiz.

Alpomishlar yurti – Surxon zaminida tug‘ilgan yengilmas sportchimiz Bahodir Jalolovni hammamiz yaxshi bilamiz.

Ismi jismiga mos bu azamat yigit va uning mehribon onasi Sabohat Jalolovani barchamiz qizg‘in qutlaymiz.

Men ular bilan avval ham uchrashib, samimiy suhbatlashganimni hamisha yaxshi taassurotlar bilan eslayman. Yengilmas bokschimiz o‘tgan vaqt davomida o‘z ustida tinimsiz ishlab, yoshlarga namuna bo‘ldi.

Bahodir aziz onasiga, xalqimizga bergan va’dasining ustidan chiqib, Vatanimizga uchinchi oltin medalni tuhfa qildi. Shu tariqa o‘zbek boks maktabining shon-shuhratini yanada yuksak bosqichga olib chiqdi.

Milliy dzyudo maktabimizning zabardast vakili Davlat Bobonov va mahoratli erkin kurashchimiz Behzod Abdurahmonovni keskin bellashuvlarda bronza medallarini qo‘lga kiritganlari bilan qutlaymiz.

Bugun davramizda Davlatjonning ota-onasi Husniddin aka va Nuriyaxon opa, Behzodjonning otasi Muhammadjon Abdurahmonov va onasi Muhabbatxon ishtirok etishyapti.

Mana shunday botir o‘g‘lonlarni tarbiyalab voyaga yetkazgani uchun ularning ota-onalari va ustozlariga chin yurakdan tashakkur izhor etamiz, — dedi davlat rahbari.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring