Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Bosh vazir kubogi»da kim favorit?

«Bosh vazir kubogi»da kim favorit?

Foto: «O‘zA»

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxona va tashkilotlarning markaziy apparati xodimlari o‘rtasida sportning futbol (erkaklar) va voleybol (ayollar) turlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan «Bosh vazir kubogi» musobaqalarida kuchlilar saralanmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Kecha futbol musobaqalarining 1/16 final bosqichiga start berildi. Ushbu bosqichidagi eng shiddatli va murosasiz o‘yinlaridan biri «Qishloq qurilish invest» hamda Davlat Bojxona qo‘mitasi xodimlari o‘rtasida kechdi. Unda kichik ustunlik bilan «Qishloq qurilish invest» injenering kompaniyasi jamoasi g‘alaba qozondi va nimchorak finalga yo‘l oldi.

Avvalgi bosqichda ajoyib «kambek» qayd etgan, ya’ni 0-2 hisobida yutqazayotib yakunda 4-2 hisobida g‘alabaga erishgan Respublika Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi jamoasining muhim pallada «ishtahasi ochildi» chog‘i. Boisi, ular 1/16 finalda Oliy attestatsiya komissiyasi jamoasiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi, yakuniy hisob – 4:0. Umuman, kecha o‘tkazilgan o‘yinlarda u qadar yirik hisoblar qayd etilmadi. Bu esa buyog‘iga musobaqada eng kuchlilar kurashni davom ettirishayotganini anglatadi.

Quyida 1/16 final bosqichida qayd etilgan natijalar bilan tanishing:

1/16 final. 21-oktyabr, dushanba

  • Davlat Soliq qo‘mitasi – Olmaliq kon-metallurgiya kombinati +:-
  • O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi – AT «Xalq banki» – 0:2
  • «Qishloq qurilish invest» – Davlat Bojxona qo‘mitasi – 2:1
  • Oliy sud – «O‘zbekiston temir yo‘llari£ AK +:-
  • Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi – Oliy attestatsiya komissiyasi – 4:0
  • Adliya vazirligi – Tovar xom-ashyo birjasi – 3:0
  • «Kafolat» sug‘urta kompaniyasi – Energetika vazirligi – 2:0
  • Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi hamda «Toshshahartransxizmat» jamoalari o‘rtasidagi o‘yin bugunga qoldirilgan.

Shu o‘rinda bir mulohaza: «Bosh vazir kubogi» musobaqasi Nizomi shaxsan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra mazkur musobaqa vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxona va tashkilotlarning markaziy apparati xodimlari, jismoniy faol mehnat rejimida bo‘lmagan xodimlarni sog‘lom turmush tarziga faol jalb etishni ko‘zda tutgan.

Ammo, ba’zi jamoalar Nizomda belgilangan talablarni chetlab o‘tishga urinmoqdaki, bu turnir nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.

«Nizomda jamoa tarkibini shakllantirish va musobaqadagi ishtirokini ta’minlashga shaxsan vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxona va tashkilotlar rahbarlarining birinchi o‘rinbosari mas’ul ekanliklari belgilab qo‘yilgan. Shu munosabat bilan, barcha jamoalarni musobaqa Nizomida belgilangan talablarga qat’iy amal qilib, raqib jamoalarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chorlab, ajoyib sport bayramini yuqori kayfiyatda o‘tkazishga o‘z hissangizni qo‘shishingizni so‘rab qolamiz», deyiladi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi axborotida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring