Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zamon ildamlab bormoqda. Biz uning ortidan kuzatib qolaveramizmi?

Zamon ildamlab bormoqda. Biz uning ortidan kuzatib qolaveramizmi?

Biz farzandlarimizning qulay sharoitdan unumli va to‘g‘ri foydalanishini ta’minlay olayapmizmi?

Foto: «Kindergarten»

Kundan-kunga takomillashib borayotgan maishiy texnikalar, eng so‘nggi rusumdagi avtomobillar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari...

Shunday tezkor zamonda yashayapmizki, bugun mutlaqo o‘ziga xos yangi qurilma taqdim qilinsa, ertaga o‘rnini boshqasi — yanada qulayrog‘i egallab turibdi.

Texnologiyalar, telekommunikatsiyalar zamon bilan hamnafas o‘zgarib, yangilanib borayotgan ekan, biz-chi, biz bu o‘zgarishlarni qanday qabul qilayapmiz? Ulardan qanday foydalanayapmiz?

Har bir ota-ona farzandining kelajagini o‘ylaydi. O‘zi erisha olmagan natijalarga ular erishishini istaydi. Buning uchun yoshlarda imkoniyat ham ko‘proq. Ularga bu borada nafaqat ota-ona yoki ta’lim muassasalari, axborot texnologiyalari va internet ham ko‘maklashishi mumkin.

Ammo biz farzandlarimizning qulay sharoitdan unumli va to‘g‘ri foydalanishini ta’minlay olayapmizmi?

Aslida bolalarimizning zehni o‘tkir, qo‘liga tushgan qurilmani tez o‘zlashtira oladi. Hozir deyarli har birining qo‘lida smartfon. Bu vosita yordamida bola yer sharining istalgan nuqtasi bilan bog‘lanishi, istalgan qiziqarli ma’lumotni topishi, til o‘rganishi, bilim olishi yoki, aksincha, ongini zaharlovchi axborotlar changaliga tushib qolishi ham mumkin.  

Afsuski, ota-onalar shu birgina salbiy jihatni deb farzandlarini texnologiyalardan, internetdan sovutishga urinishadi, xavfli deb qo‘rqitishadi. Aslida ularni bilimlar ummonidan, porloq kelajagidan mosuvo qilayotganini o‘ylab ham ko‘rishmaydi.

Bugun axborot texnologiyalari sohasini mukammal egallamay turib, kelajakda hech bir kasbning ustasi bo‘lish mumkin emas. Farzandlarimiz ertaga o‘z yo‘lini topib ketishi uchun ham bugun texnologiyalarni bilishi, shunchaki emas, mukammalroq o‘rganishlari kerak.

Bola smartfon orqalimi, yoki kompyuter yordamida bo‘ladimi, internetdan unumli foydalansin, faqat unda axborotlarni tahlil qilish, to‘g‘ri va noto‘g‘ri ma’lumotlarni farqlay olish ko‘nikmasini shakllantirish lozim.

Axir zamon ildamlab bormoqda. Shunga yarasha harakat qilmasak qatordan qolib ketishimiz hech gap emas.

Anvar Turapov,
Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish
markazining internet-madaniyat bo‘limi bosh mutaxassisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring