Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yunusobod hokimligi jim. Hasanboy mahallasi qurilish chiqindixonasiga aylantirilmoqda (foto)

Yunusobod hokimligi jim. Hasanboy mahallasi qurilish chiqindixonasiga aylantirilmoqda (foto)

Foto: Xabar.uz

Quyida keltirilgan fotolarni ko‘rib, bu — bugun yangilanayotgan, yangi qiyofa kasb etayotgan Toshkent shahrining bir mahallasi, deb o‘ylamaysiz. Poytaxtning Yunusobod tumanidagi Hasanboy hududi aholining ko‘z o‘ngida ulkan qurilish chiqindixonasiga aylantirilmoqda.

«Xabar.uz» tahririyatiga kelib tushgan murojaatga ko‘ra, shu yerda yashovchi aholining e’tirozlariga qaramay, katta yuk avtomashinalari poytaxtdagi buzilishlardan ortilgan qurilish chiqindilarini aholi yashashi uchun ajratilgan yerlarga to‘kib, qochib ketishyapti.

Bu masalada Yunusobod tumani hokimligiga bir necha bor murojaat qilingan. Ammo natija yo‘q. Toshkent shahar hokimligiga yo‘llangan murojaatlar ham Yunusobod tumaniga qaytarib yuborilmoqda va tabiiyki, muammo muammoligicha qolib ketmoqda.

Bir necha oydan beri tashlanib ketilayotgan chiqindilar 2-3 gektar maydonni qoplab ulgurgan. Qurilish chiqindilari mahallaning ayrim xonadonlari devorlari, darvozalari ostiga tukib ketilyapti.

«Bu yerlar egasiz emas. Ko‘pchilik o‘zining 2-3-xonali kvartiralarini topshirishi evaziga ularga shu hududdan to‘rt so‘tixdan yer ajratilgan. Ayrimlarning esa uylari buzilishga tushgani uchun shu yerdan hovli-joy ajratilgan. Ular bu yerda imorat ko‘tarib, ko‘chib kelishlari kerak. Ammo uy qurishga qurbi yetmay turgan bu insonlarga endi ikki karra boshog‘rig‘i paydo bo‘ldi: ular uy qurish uchun yerni tonnalab beton bo‘laklaridan iborat chiqindidan tozalashlari kerak. Bu yumush ularga qanchalik jiddiy muammo tug‘dirishini tushunsangiz kerak», — deya vaziyatni izohladi mahalla faollaridan biri.

Aytishlaricha, bu achinarli holat poytaxtdagi «Toshkent siti» qurilishi bilan bir vaqtda boshlangan. Shu kunlarda Sebzor mahallasidagi buzilishlar boshlangach, Hasanboyga chiqindilar oqimi yana oshgan.

Poytaxt markazidagi buzilayotgan mahallalar, inshootlarning qurilish chiqindilari aslida belgilangan joylarga olib borib tashlanishi lozim. Ammo, chiqindi tashuvchilar o‘zlariga yaqinroq bo‘lgan shu hududni topib olishgan va har qanday e’tiroz va qarshiliklarga qaramay, Hasanboyni ulkan chiqindixonaga aylantirishda davom etishmoqda.

Poytaxtga ko‘rk beradigan qurilishlar bo‘lishini, zamonaviy «Siti»lar qurilishini barcha ham istaydi, bu o‘zgarishlardan quvonadi. Ammo ulkan bunyodkorliklar kimlarningdir «burnini qonatish», bir hududni obod qilib, ikkinchisini chiqindixonaga aylantirish evaziga bo‘lmasligi kerak.

Toshkent shahri va Yunusobod hokimligidan amaliy harakat va natija kutib qolamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring