Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YPX inspektoriga qo‘l ko‘targan shaxs qamoqqa olindi

YPX inspektoriga qo‘l ko‘targan shaxs qamoqqa olindi

So‘ngi vaqtlarda ijtimoiy tamoqlarda avvaliga huquq-tartibot idoralari xodimlariga qo‘l ko‘tarib, yoki boshqacha tarzda ularga qarshilik qilib, so‘ngra kechirim so‘rab chiqayotganlarga ko‘p ko‘zingiz tushayotgan bo‘lsa ajab emas.

Bundaylarning qilmishini o‘zi turgan shoxga bolta urishga qiyoslash mumkin, zero, xalq tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida, xususan, yo‘l harakati boshqa ishtirokchilari, qolaversa o‘z hayoti va sog‘lig‘iga xavf solishi mumkin bo‘lgan spirtli ichimlik ta’sirida avtomashina boshqarayotgan haydovchilarni o‘z vaqtida aniqlash va chora ko‘rish borasida xizmat qilayotgan xodimlarning bu xizmati qadrini, shunday tarzda avtomashina boshqarib, bu hayotdan ko‘z yumgan yoki bir umrga nogiron bo‘lib qolgan shaxs yoki uning yaqinlari yaxshi bilishadi.

Bunday vaziyatda yo‘l patrul xizmati xodimi tomonidan ma’muriy bayonnoma tuzilishini hazm qila olmaydiganlar mast holatda avtomashina boshqarishning oqibati bundan og‘irroq bo‘lishi mumkinligini tasavvur qilishlarining o‘zi kifoya.

2020 yil 6 fevral kuni soat 16:30 da Buxoro viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati otryadi 1-safarbar guruhi yo‘l-patrul xizmati katta inspektori katta serjant Qurbonov Vasil Valiyevich tasdiqlangan dislokatsiyaga asosan Buxoro shahrida joylashgan «Markaziy dehqon bozori» hududidan o‘tgan M-37 avtomobil yo‘lida yo‘l transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha xizmat olib borgan. Katta serjant Qurbonov xizmatni o‘tash jarayonida, Buxoro shahri Afrosiyob ko‘chasidan Qizilqum ko‘chasi tomon harakatlanib kelayotgan, Buxoro tumanida yashovchi, 1977 yilda tug‘ilgan fuqaro Ne’matov Tolib Temirovich boshqaruvidagi «Niva» rusumli, 80 535 YeVA davlat raqam belgili avtomashinani dastlab piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan piyodalarga yo‘l bermasdan harakatni davom ettirgani, shuningdek, Afrosiyob va Qizilqum ko‘chalari kesishmasidagi chorrahadan svetoforning qizil chirog‘iga amal qilmay burilib olgani sababli jezl tayoqchasi bilan to‘xtatgan.

Haydovchi T.Ne’matov avtomashinani yo‘lning o‘ng tomon chekkasida to‘xtatib, avtomashinadan tushib qochishga harakat qilgan. haydovchining spirtli ichimlik iste’mol qilgan mast holatda avtomashinani boshqarib kelayotganlikda gumon qilgan katta serjant V.Qurbonov uning ortida borgan vaqtda, haydovchi T.Ne’matov qo‘l mushti bilan katta serjant V.Qurbonovning yuz va ko‘z sohasiga bir marotaba urib tan jarohati yetkazgan va hodisa joyidan yashirinishga uringan. Biroq, shu yerda xizmat olib borayotgan yo‘l patrul xizmati xodimlari tomonidan T.Ne’matov voqea joyida ushlangan.

Katta serjant Vasil Qurbonov tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda unda «Yuzi o‘ng qismi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi, o‘ng ko‘z olmasi kontuziyasi, bosh miya chayqalishi» bilan kechuvchi tan jarohatlari mavjudligi aniqlangan.

Fuqaro T.Ne’matov narkologik tekshiruvdan o‘tkazilganda «Alkogoldan mastlik holati»da ekanligi aniqlangan.

Mana kalavaning uchi ham topildi, kasalini yashirsang, isitmasi oshkor qiladi deganlari shu bo‘lsa kerak, qahramonimiz avtomashinani boshqarish jarayonida yo‘l harakati qoidalarini buzganligi yetmagandek, spirtli ichimlik ta’siridan mast holda ekanligi ham ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan fuqaro Ne’matov Tolib Temurovichga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 219-moddasi tegishli qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llaganilgan.

Hozirda Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati

Manba: iiv.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring