Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi qonun ehtiyoji. Unda qanday me’yorlar tartibga solinishi lozim?

Yangi qonun ehtiyoji. Unda qanday me’yorlar tartibga solinishi lozim?

Mamlakatimizda davlat xizmatining huquqiy asoslari Konstitutsiya va ko‘plab qonun hujjatlarida mustahkamlab qo‘yilgan. Bosh qonunimizning 2-moddasiga ko‘ra: «Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar». Shuningdek, 7-moddasida: «Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir. O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko‘zlab va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi» deya qayd etiladi.

Shu bilan birga davlat xizmatining ayrim sohalari yoki ayrim toifadagi davlat xizmatchilarining faoliyatini tartibga soluvchi alohida qonun hujjatlari qabul qilingan. «Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida»gi, «Davlat soliq xizmati to‘g‘risida»gi, «Prokuratura to‘g‘risida»gi, «Sudlar to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasida deputatlarning maqomi to‘g‘risida»gi, «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi, «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi va shu kabi qonunlar shular jumlasidandir. Ularda tegishli davlat xizmatlarini tashkil etish prinsiplari, muayyan davlat xizmatchilarining maqomi, ularga qo‘yilgan talablar, javobgarlik va boshqa me’yorlar belgilab qo‘yilgan. Qisqasi, davlat xizmatchilariga oid huquqiy masalalar soha qonun hujjatlarida u yoki bu darajada belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, barcha sohada davlat xizmatining yagona talablarini o‘rnatadigan davlat xizmati to‘g‘risida yagona qonun mavjud emas.

Bugungi kunda davlat institutida fundamental islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Davlat organlari va fuqarolar hamda fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi munosabatlar tobora demokratlashtirib borilmoqda. Boshqaruv texnologiyalari, insonning hukumatga bo‘lgan talablari ham o‘zgarayotir. Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda davlat xizmatini tashkil etishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish yuzasidan turli shu kabi anjumanlarda, turli huquqshunoslar va amaliyot xodimlari tomonidan, shuningdek milliy qonunchiligimizda bir qator g‘oya va takliflar berilgan bo‘lsa-da, lekin respublikamizda bu sohada tizimli, konseptual, yaxlit huquqiy asoslar to‘liq yaratilmaganligini tan olishga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda davlat xizmatini tashkil etishning mavjud huquqiy asoslari va uni ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda yanada takomillashtirish zarurati mavjud. Garchi yagona, tizimlashgan huquqiy asoslar yaratilmagan bo‘lsa-da, mustaqillik yillarida aynan davlat xizmatini tashkil etishga doir, garchi birmuncha tarqoq, lekin yetarli huquqiy baza yaratilganligini kuzatish mumkin. Jumladan, 1996-yil 1-apreldan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining davlat xizmatini huquqiy tartibga solishning huquqiy asosi ekanligini ta’kidlab o‘tish lozim. To‘g‘ri, ushbu Kodeks davlat xizmatiga doir munosabatlarni ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi munosabatlar, xodimlarning ijtimoiy, mehnat huquqlari va majburiyatlari nuqtai nazaridan tartibga soladi.

Biroq davlat xizmatini tashkil etishning prinsiplari va huquqiy rejimini belgilamaydi.

Shunga qaramay Mehnat kodeksi bugungi kunda davlat xizmatchilari faoliyatini unifikatsiyalashgan holda tartibga soluvchi yagona normativ-huquqiy hujjat bo‘lib qolmoqda. Ayni paytda Mehnat kodeksining 18-moddasiga muvofiq, davlat xizmatchilarining mehnatini tartibga solish xususiyatlari qonun bilan belgilanadi. Boshqacha qilib aytganda, kodeksga muvofiq, davlat xizmatchilari mehnati qonun darajasida qabul qilinadigan alohida normativ-huquqiy hujjat bilan tartibga solinishi lozim. Bu sohada muhim huquqiy hujjat sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 9-dekabrdagi «Respublika davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi (PF-3358-son) va 22 dekabrdagi «Xo‘jalik boshqaruv organlari tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi (PF-3366-son) farmonlarini ta’kidlab o‘tish lozim. Mazkur farmonlarda respublika boshqaruv organlari, xo‘jalik boshqaruv organlarining tizimi va ularning toifalari aniq tasniflab berilgan.

Ko‘rinib turibdiki, davlat xizmatini tashkil etishga oid qonunchilik bugungi kunda bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan holda tarqoq rivojlanib kelmoqda. Ularni unifikatsiya qilishga, yagona konseptual, tizimli qonun hujjati qabul qilishga ehtiyoj mavjud. Masalan, bugun davlat xizmati nima, kimlar davlat xizmatchisi hisoblanadi, davlat xizmatchilariga qanday talablar qo‘yiladi, davlat xizmatini o‘tash shartlari, davlat xizmatchilarining huquqlari va majburiyatlari, jumladan, ularning davlat foaliyati bilan bog‘liq bo‘lgan ta’qiqlar, ularning davriy rotatsiyadan, attestatsiyadan o‘tkazishga doir yagona talablar mavjud emas. Davlat xizmatchilarining toifalari, martaba va unvon darajalariga oid unifikatsiyalashgan qoidalarga real ehtiyoj mavjud.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, davlat xizmatini yanada isloh qilishning muhim bir vazifalaridan biri, fikrimcha, bu O‘zbekiston Respublikasida davlat xizmatini tashkil etishning umumiy konsepsiyasini ishlab chiqish va unifikatsiyalashgan yagona qonunchilik bazasini yaratish hisoblanadi. «Davlat xizmati va davlat xizmatchilari to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilinishi o‘z xizmat vazifasiga sadoqatli, yuksak malakali davlat xizmatchilarini tayyorlashning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilgan bo‘lar edi. Mazkur qonunda taraqqiy etgan davlatlarining tajribalaridan kelib chiqqan holda yosh kadrlarning tegishli talablarga javob berganida yuqoriroq lavozimlarni egallashi mumkin bo‘lgan davrni belgilash, bunda ushbu davrlar uchun uning faoliyatini baholab borish (Germaniya);

davlat xizmatida kadrlar zahirasida turgan shaxslarning tajriba to‘plashlari uchun faoliyat turi boshqa bo‘lgan lavozimlarga o‘tkazib turish, ya’ni rotatsiya institutidan kengroq foydalanish (Buyuk Britaniya);

davlat xizmatidagi kadrlar zahirasi bilan ishlashda individual yondashuvga ko‘proq e’tibor (Yaponiya) ;

shaxs ishga kirganidan to rahbarlik lavozimini egallashiga qadar zamon talablaridan kelib chiqib o‘zlashtirishi lozim dasturlar ishlab chiqish (AQSh);

kadrlar zahirasidagi shaxslarning lavozimga tayinlanishi uchun unga qo‘yiladigan talablar (qadriyatlar)ni belgilash masalasini tadqiq qilish (Avstraliya) kabi masalalar huquqiy tartibga solinishi, fikrimizcha, maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Madorbek Mashrabov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash instituti tinglovchisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring