Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xo‘ja Orif ar-Revgariy Mohitobon ziyoratgohini ta’mirlash uchun 10 milliard so‘m ajratildi

Xo‘ja Orif ar-Revgariy Mohitobon ziyoratgohini ta’mirlash uchun 10 milliard so‘m ajratildi

Buxoroyi sharifning yetti pirlaridan biri – Xo‘ja Orif ar-Revgariy Mohitobon ziyoratgohining qayta rekonstruksiyasi uchun 10 milliard mablag‘ ajratilgan. Bu haqda Shofirkon tuman imom xatibi Jasur Latipov ma’lum qildi.

Bildirilishicha, ziyoratgohning umumiy yer maydoni 6 gektardan iborat. «Mohitobon obod qurilishi» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh pudratchilik qilmoqda. Ob’yekt atrofi 2  300 metr aylanma uzunlikdagi va 2,20 metr balandlikdagi devor bilan o‘rab olingan. Milliy uslubda qurilgan 8 metrli ayvon, 2,5 metr balandlikdagi maqbara, 200 kub suv sig‘imiga ega 2,5 metr chuqurlikdagi hovuz, toshquduq va oshxonalar qurilishi yakunlangan.

Qadamjoga yaqin hudud infratuzilmasini ham yangilashga e’tibor qaratilgan. Chunonchi, 3000 kvadrat metr asfalt yotqizilib, piyodalar qatnov yo‘lagiga marmar o‘rnatilgan, gulbog‘lar tashkil qilingan. 165 ta yengil avtomobilga mo‘ljallangan avtoturargoh foydalanishga topshirilgan.

- Bundan tashqari, ziyoratga keluvchilar uchun barcha qulayliklarga ega ikki qavatli 76 kishiga mo‘ljallangan «Poykent Bukhara» mehmonxonasi ham qurib, foydalanishga topshirildi. Umumiy qiymati 4,5 mlrd so‘mga teng yangi majmua tadbirkor Komil Ro‘ziyev tashabbusi bilan bunyod etilgan. 100 o‘rinli milliy choyxona ham ziyoratchilar uchun shay holga keltirilgan. Xo‘ja Orif ar-Revgariy Mohitobon ziyoratgohining qurilish-ta’mirlash ishlari uchun jami 10 milliard so‘m mablag‘lar shunday xayrli ishlarga sarflanmoqda. Xullas, ziyoratgoh eng ko‘rkam qadamjolardan biriga aylanib bormoqda,-dedi Shofirkon tuman imom xatibi Jasur Latipov.



Ma’lumot o‘rnida: Islom dini quvvati sifatida musulmon dunyosida e’tirof etilgan Buxoroyi sharifda jahon ma’naviy tamadduniga bebaho hissa qo‘shgan ulug‘ yetti pir - Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Muhammad Orif Revgariy, Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xo‘ja Ali Romitaniy, Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va Bahouddin Naqshband ziyoratgohlari tabarruk maskanlar sanaladi. Soha mutaxassislarining ma’lumot berishicha, ushbu yetti ziyoratgohning har biri milliy va zamonaviy arxitektura talablariga to‘la javob beradigan mahobatli majmua sifatida barpo etish rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring