Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xiva shahrida ham Prezident maktabi qurilishi boshlandi

Xiva shahrida ham Prezident maktabi qurilishi boshlandi

Foto: Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati

Xiva shahrida mamlakatimizdagi ikkinchi Prezident maktabi qurilishi boshlandi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi xabar berdi.

Joriy yilda birinchi uchta maktab Nukus, Toshkent va Xivada ochilishi belgilangan edi. 2019-yilda Prezident maktabini Namangan shahrida ham qurish bo‘yicha qaror qabul qilindi. 2020-2021-yillar davomida mamlakatimizning boshqa viloyatlarida ham Prezident maktablari tashkil etiladi.

Prezident maktablariga qabul Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yurtimiz ta’lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasida belgilangan tartibda o‘tkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi. Maktabning yillik qabul kvotasi 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lib, ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi. Birinchi o‘quv yilida esa har bir Prezident maktabining 5-10-sinflariga jami 144 nafar o‘quvchi o‘qishga qabul qilinadi.

O‘quv jarayoni xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv reja va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida amalga oshiriladi va «STEAM - ta’lim» (Science - tabiiy fanlar, Technology - texnologiya, Engineering - texnik ijodkorlik, Art - san’at, Mathematics - matematika) dasturi asosida olib boriladi.

Prezident maktabining 9-11-sinflarida ta’lim olish o‘quvchilarning qiziqishlariga ko‘ra ayrim fanni tanlash va ularni o‘rganish darajasini inobatga olgan holda individual o‘quv jarayoni asosida amalga oshiriladi.

Prezident maktablari bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida xorijiy oliy o‘quv yurtlariga kirish imkonini beradi.

Kembrij Universitetining Cambridge Assessment International Education brendi ostida faoliyat yurituvchi Imtihon Kengashi Prezident maktablariga qabul imtihonlarini tashkil etishi kutilmoqda.

2019 yilning 7 mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida Prezident maktabining qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tgandi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring