Hindiston farmatsevtika kompaniyasi Andijonga investitsiya kiritadi
Andijon hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Hindistondagi «Cadila Pharmaceuticals» xususiy kompaniyasi boshqaruvi direktori Ramesh Choksi boshchiligidagi mutaxassislar bilan uchrashdi.
Hokim mehmonlar bilan muloqotda shu yilning 17-18-yanvar kunlari hukumat delegatsiyasining Hindistonga tashrifi Andijon uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochganini ta’kidlagan.
Erkin iqtisodiy zonaning tashkil etilishi dori-darmonlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish barobarida aholi bandligini ta’minlash va valyuta tushumini ko‘paytirishga xizmat qiladi. Yuzlab turdagi dorilar eksporti amalga oshiriladi.
Investitsiya kiritish istagini bildirgan 13 ta farmatsevtika korxonalari orasida «Cadila Pharmaceuticals» o‘z o‘rniga ega. Kompaniya 60 yildan buyon 900 turdagi mahsulotlarini dunyoning qator mamlakatlariga eksport qilib kelmoqda. 25 dan ziyod tibbiyot yo‘nalishlarida foydalaniladigan dorilari bilan tanilgan. Uning mahsulotlari AQSh oziq-ovqat va farmatsevtika standartlariga javob berishi bilan ham ajralib turadi.
Tadbir doirasida har ikki davlat mutaxassislari o‘zaro fikr almashdilar, tajribalar o‘rganildi. Shuningdek, Andijon va Gujarat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga kelishib olindi.
Rustamjon Eshonov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter