Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalqaro musobaqada harbiylarimiz munosib ishtirok etishdi (foto)

Xalqaro musobaqada harbiylarimiz munosib ishtirok etishdi (foto)

Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida Rossiya Federatsiyasida (Krasnoyarsk o‘lkasi) o‘tkazilgan «Sayan yurishi» musobaqasida bir guruh harbiy xizmatchilarimiz muvaffaqiyatli qatnashdilar. Musobaqada 7 davlatdan 8 ta jamoa, ya’ni O‘zbekiston, Xitoy, Rossiya, Rossiya ayollar jamoasi, Qirg‘iziston, Tojikiston, Abxaziya va Janubiy Osetiyalardan vakillar ishtirok etdi.

Sovuq Sibir mintaqasida bir necha kun davomida yurtdoshlarimiz belgilangan shartlar bo‘yicha o‘zlarini tobladilar. Bu yerda tog‘ qoyalarining tuzilishi o‘zgacha, 50 km.lik marshrutni bosib o‘tish ham anchagina ter to‘kishni talab qiladi. Boz ustiga, 12 ta shart bo‘yicha ko‘rsatilgan me’yorlarni ham bajarish kerak.

Musobaqalar boshlanishidan bir kun avval barcha ishtirokchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shundan so‘ng harbiy libos, qo‘llaniladigan uskuna va jihozlarning nizom talablariga qanchalik mosligi nazorat qilindi. Ishtirokchilar va sudyalar musobaqaga shay, deb topildi. Qur’a tashlash yo‘li bilan jamoalarning qatnashish o‘rni aniqlab olindi.

Kuchli bo‘ron va to‘xtovsiz yog‘ayotgan qor ostida musobaqalar start oldi. Dastlab ishtirokchilar qor ko‘chkisida qolgan yaradorni qidirish shartini bajarishdi. Tasavvur qiling, odam bo‘yi qor. Bora-bora ko‘z o‘rgansa-da, kishini birinchi ko‘rishda seskantirdi. Shunday vaziyatda bir inson qor ko‘chkisi tagida qolib ketgan. Zudlik bilan topilmasa, o‘lim xavf solib turibdi. Tabiiyki, qidirish paytida zarar ham yetkazib qo‘ymaslik lozim. Bunda ishtirokchilardan aniq va tezkor harakat qilish talab qilinadi. Ushbu shartda ularning nafaqat jangovar va jismoniy shayligi, balki zamonaviy priborlardan foydalanish mahorati ham ma’lum bo‘ladi.

Guruh tarkibida jangovar o‘q otish sharti harbiy xizmatchilarning jangovar shaylik darajasini namoyon qildi.

Musobaqaning 1-kunida harbiy xizmatchilar 24,5 km masofani bosib o‘tishdi. Ularning yuzlaridagi horg‘inlikni zabt etilgan marra zavqi bosib ketardi.

Sir emaski, dushman hech qachon raqibiga qulay muhit tanlamaydi. Imkon boricha chalg‘itishga, qiynashga, chorasiz qoldirishga urinadi. Tik qoyaga ko‘tarilish va tushish mashg‘ulotlari esa harbiy xizmatchilarning qaltis vaziyatlardan chiqishiga ko‘maklashadi. Bu shart bir qadar tavakkalchilikni talab qilsa ham ishtirokchilarni dovyurak qilib tarbiyalaydi. Nostandart vaziyatlarda toblab, jismonan chiniqtiradi. Ushbu mashg‘ulot jamoaning jipslikda harakatlanish ko‘nikmasini oshirishi bilan ham ahamiyatli.

Dushmanni zaif bilma, deyishadi. Maydonga tushgan raqib jamoalar ham anoyi emas. Ularga nafaqat mutaxassis sifatida mahoratni ko‘rsatish, jangovar va jismoniy tayyorgarlikni namoyish qilish, balki musobaqa nizomiga muvofiq harakatlanish tartibini ham isbotlab turish lozim. Buning uchun esa jamoa rahbari mayor Zokir Yallakayev anchagina ter to‘kishiga to‘g‘ri keldi.

Shiddatli bo‘ron bilan boshlangan musobaqa quyosh charaqlab turgan holatda yakuniga yetdi. Bir-birlariga raqib sifatida qaragan jamoalar tabassum bilan birgalikda suratlarga tushishdi. Axir ular 50 kmlik mashaqqatli yo‘lning zahmatini birdek chekishdi.

Natijalarga ko‘ra Rossiya Federatsiyasi jamoasi 1-, Xitoylik vakillar 2-, O‘zbekistonlik ishtirokchilar esa 3-o‘rinni zabt etdi. G‘olib va sovrindorlarga medal hamda Xalqaro armiya o‘yinlarining esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi. Harbiy ansambl va orkestr, mahalliy san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi tashkil qilindi.

Ta’kidlash kerakki, birinchi marotaba qatnashayotgan bo‘lishiga qaramasdan sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritish yurtimiz harbiy xizmatchilari uchun tajriba egallash barobarida e’tirofga arzigulik yutuq bo‘ldi.

Kuni kecha Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida «Sayan yurishi» musobaqasida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan yurt o‘g‘lonlari tantanali kutib olindi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda mudofaa vazirining jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov va boshqalar mamlakatimizda milliy armiya qudratini yanada yuksaltirish, harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladilar. Shunday e’tibor natijasida Vatanimiz himoyachilari har yili nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotgani alohida qayd etildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring