Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda yig‘ilgan tashqi ishlar vazirlari Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qildi

Toshkentda yig‘ilgan tashqi ishlar vazirlari Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qildi

Bugun Toshkentda «Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari» strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, BAA, Bahrayn, Qatar, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, O‘mon va Ozarbayjon (faxriy mehmon) delegatsiyalari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Markaziy Osiy va Ko‘rfaz arab davlatlari o‘rtasida siyosiy, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-logistika, atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil energetika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli va keng qamrovli hamkorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda 2023-yil 19-iyul kuni Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari rahbarlarining birinchi sammitida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ijobiy baholandi.

Sammitda qabul qilingan «Strategik muloqot va hamkorlik bo‘yicha 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasi»ni amalga oshirish holati tahlil qilindi va uni to‘laqonli hayotga tadbiq etish bo‘yicha qo‘shimcha amaliy chora-tadbirlar ko‘rishga kelishib olindi.

Ushbu sammit doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan olg‘a surilgan mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator tashabbuslar, xususan «Do‘stlik, mintaqalararo bog‘liqlik va hamkorlik bitimi»ni qabul qilish taklifi dolzarb va muhim ekanligi alohida qayd etildi.

Ishtirokchilar vazirlar yig‘ilishi natijalari 2025 yil Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari» strategik muloqoti ikkinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori darajada tashkillashtirish uchun zamin yaratishini ta’kidladilar.

Shuningdek, vazirlar dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar, xususan Afg‘oniston, Yaqin Sharqdagi vaziyat, Falastin-Isroil mojarosi va boshqa bir qator mavzular bo‘yicha atroflicha fikr almashdilar.

Tomonlar umumiy qadriyatlar va o‘zaro manfaatlarga asoslangan barqaror va istiqbolli hamkorlikni mustahkamlashda sobitqadam va birdam ekanliklarini tasdiqladilar.

«Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari» tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yig‘ilishini 2026 yil Kuvaytda o‘tkazishga kelishildi.

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring