Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda «vor zakon»ning uyini o‘margan o‘g‘ri tarixi

Toshkentda «vor zakon»ning uyini o‘margan o‘g‘ri tarixi

Foto: Dni.ru

Ali Maduyev 1956 yilda Qozog‘istonda tug‘ildi. Ammo u tug‘ilgan joy boshqalarniki singari odatiy emas edi. Qamoqxona oila qurish uchun unchalik ham mos keladigan joy emas. Ammo keyinchalik o‘zini Sergey, deb nomlab oladigan Ali Maduyevning otasi va onasi aynan shu yerda tanishadi.

Uning otasi chechen millatiga mansub bo‘lib, deportatsiyaga qarshilik qilgani uchun qamalgandi. Koreys millatiga mansub onasini esa chayqovchilikda ayblab qamashgan. Xullas, har ikkisi ham Stalin boshqaruvidagi zulm davlatining qurbonlari edi. Ular sobiq ittifoqning eng chirkin davrida, eng yomon joyda oila quradi. Ali Maduyev mana shunday oilada tug‘iladi.

Alining otasi qamoqdan chiqqani hamono oilasini tashlab ketadi. Bolakayni esa «ko‘cha» tarbiyalaydi. U ilk o‘g‘rilikka 6 yoshida qo‘l uradi. 18 yoshga to‘lganda esa qamoqqa tushish uchun «yetilib» bo‘lgan edi. 1975 yilda uni 6 yilga qamashadi.


1980 yilda o‘ziga Sergey nomini olgan o‘g‘ri sobiq ittifoq shaharlari bo‘ylab «xizmat safari»ga chiqadi. Uning ortidan amaldorlar, noqonuniy savdogarlar va hatto jinoyat olamining yirik vakillariga tegishli «ship-shiydon» qilingan uylar qoladi. Sergey hatto «qonundagi o‘g‘rilar»ning qarashlariga ham tufurib qo‘ygan edi.

Jinoiy faoliyatining boshida uni hatto «Robin Gud», deb atashgan. Yo‘q, u afsonaviy qahramonga o‘xshab boylardan tortib olib, kambag‘allarga tarqatmas edi. Shunchaki, o‘g‘rilaganlarini orqa-oldiga qaramay sarflardi. Masalan, har safar taksiga o‘tirganda 10 so‘mlik pulni «komandir, qaytimi kerak emas», deya haydovchiga qistiravergani uchun «Chervonets» degan laqab olgan edi.

Maduyev bir safar o‘g‘rilik qilayotganda jinoyatchi sherigi xonadon sohibasini zo‘rlashiga yo‘l qo‘ymaydi. Boshqasida esa uyi tunalayotgan xonadon egasining yuragi huruj qilib qolganini ko‘rib, yaqin-o‘rtadagi dorixonadan tez yordam chaqirib beradi. Aynan shu tufayli xonadon egasining hayoti saqlab qolinadi. Bularning barchasi unga shuhrat keltiradi, albatta.

Shuningdek u ayollarni qoyil qoldirish uchun pul sarflashni yoqtirardi. Ko‘chada haqiqiy kallakesar bo‘lgan o‘g‘ri restoranga kirgani hamono yuksak madaniyat sohibiga aylanardi. Har qanday ayolni xushomad qilib o‘ziga og‘dirib olardi. Pulni ayamay sarflardi. O‘ziniki bo‘lmagach, yana nima qilsin...

O‘tgan asrning saksoninchi yillari o‘rtalarida Maduyev qo‘lga tushdi. Bu safar unga 15 yil berishadi. Ammo 1988 yilda qamoqdan qochib chiqadi. Shundan so‘ng yana yurishlar boshlanadi. Har oy 10-15 talab do‘konlar va uylar tunalardi. Bunday vaqtda qo‘lga tushmaslik uchun juda omadli bo‘lish kerak. Maduyevga hozircha omad kelib turgandi.

Ammo endi uning avvalgi obro‘yidan asar ham qolmaydi. Endi u vahshiy jinoyatchi sifatida eslanardi. Bir safar o‘g‘rilikka kirganda uy egalarini o‘ldirib ketadi. Ammo ularning bir yoshli chaqalog‘iga tegmaydi. Shunchaki, uyga o‘t qo‘yib yuboradi.

«Chervonets» militsiyaga ham, o‘zini qidirib yurgan «vor zakonlar»ga ham tufurib qo‘ygan edi. U Toshkentda yurganda mahalliy «o‘g‘riboshi»lardan birining uyini tunaydi. U yerdan o‘g‘rilarning umumiy pulini — 250 ming so‘mni olib chiqib ketadi.

Militsiya va alamzada jinoyatchilar to‘dasi uni O‘rta Osiyoda qidirib yurgan vaqtda Maduyev Leningradda bilganini qilib yurgan edi. Ko‘chadagi bosqinchilik vaqtida o‘ldirilgan odam, restoranga kiritishni istamagani uchun pichoqlangan xizmatchi, bularning barchasi «Chervonets»ga qarshi militsiyaning oyoqqa turishiga sabab bo‘ladi. Natijada u sherigi Roman Cherishev bilan birga O‘zbekistonga qaytishga qaror qiladi. Bu bilan u arining iniga boshini suqayotgan edi. Toshkentda undan qasd olish istagida yurganlar ko‘p edi.

Bu yerda ham «Chervonets» ishini davom ettiradi va yana «qonundagi o‘g‘ri»lardan birining uyiga tushadi. Ammo endi hammasi silliq kechmaydi. Uy egasi o‘g‘rilarga qarata o‘t ochadi. Maduyev sherigining ortiga bekinib qoladi va to‘pponchadan otib, uy egasini o‘ldiradi. Sherigi Roman Cherishev yaralangan edi. Maduyev na uni ko‘tarib yurgisi va na militsiyaga guvoh sifatida qoldirgisi kelayotgan edi. U o‘zi uchun eng osonini tanlaydi — sherigini ham otib tashlaydi.

Militsiya bu safar uni oson topadi. Shunchaki, ertasi kuni qachon va qaysi poyezdga chiqishini tahmin qilib, fuqaro kiyimidagi o‘nlab xodimlarni vokzalda pistirmaga qo‘yishadi. Poyezd yurishiga bir daqiqa qolganda «Chervonets» perronda paydo bo‘ladi. Militsionerlar darhol unga tashlanishadi va qo‘lga olishadi.

Bir qarashda hammasi tugagandek ko‘ringan edi. Ammo militsionerlarga uquvsizlik pand beradi. «Chervonets»ning bir qo‘lini xodimlardan biri o‘z qo‘liga kishanlab olgan edi. Ular Moskvaga ketadigan poyezd kupelaridan biriga joylashgan vaqtda Maduyevning qo‘lida granata paydo bo‘ladi. U tishi bilan halqani tortib olib, vagonni portlatib yuborish bilan dag‘dag‘a qiladi. «Chervonets» oldiga IIV vaziri kelishini talab qiladi.

Militsionerlar ishni bunga qadar olib bora olmas edilar. Ammo shu bilan jinoyatchini aldab turishni ham uddalay olishmaydi. «Chervonets» ish pachavaligini sezgani hamono granatani militsionerlarning oyog‘i ostiga uloqtirib, qochib qolishga harakat qiladi. Ammo granata haqiqiy emas, balki o‘quv-mashg‘ulotida qo‘llanadigan, portlamaydigani edi. Xodimlar bunga aldanib qolmaydi va Maduyev qo‘lga olinadi.

Bu safar Sergey Maduyev shu qadar kaltaklanadiki, uni Moskvaga olib kelishgandan so‘ng qamoqxona kasalxonasida yaxshilab davolashga to‘g‘ri keladi.

Tergov vaqti yana bir «sevgi tarixi» ro‘y beradi. Maduyev o‘zini tergov qilayotgan Natalya Voronsovani yo‘ldan urishga muvaffaq bo‘ladi. Bechora ayol tergovchi o‘g‘ridan «robin gud»cha qahramonliklar haqida eshitaverib, unga oshiq bo‘lib qoladi. Voronsova Maduyev qamoqdan qochib chiqishi uchun reja ishlab chiqadi. Unga to‘pponcha keltirib beradi. Ayol keyinchalik unga erga tegib olishni ko‘zlagan edi.

Natalya Voronsova. Foto: Choxonelidze Irakliy

Sal qolsa reja amalga oshardi. Maduyev qo‘riqchilarni to‘pponcha bilan qo‘rqitib, turma darvozasi tomon qocha boshlaydi. Yo‘lidan chiqqan mayor Yermolayevni otib tashlaydi. Ammo ta’qibchilar baribir uni ushlab olishadi. Mayorning hayoti arang saqlab qolinadi. «Chervonets» esa Toshkentda bo‘lgani singari yana kaltaklanadi.

Natalya Voronsova 4 yilga qamaladi. Maduyevning u bilan ishi yo‘q edi, aksincha, qo‘lga tushgani hamono birinchi navbatda uni sotib bergandi. Uning uchun ayolning taqdiri umuman qiziq emas edi. Voronsova 4 yilga qamalgani haqida eshitganda shunchaki miyig‘ida kulib: «unga o‘zi shu kerak edi», — deydi holos.

O‘sha vaqtdagi qonunchilik bo‘yicha Sergey Maduyev eng oliy jazo — otuvga hukm qilinishi kerak edi. Ammo 1991 yilda sobiq ittifoq tarqab ketadi. Rossiya federatsiyasida esa o‘lim hukmi bekor qilinadi. Maduyev umrbod qamoq jazosiga hukm etiladi.

Jinoyatchi 2000 yilda qamoqxonada, 44 yoshida yurak hurujidan vafot etadi. Shunchaki tunda uyquga ketadi va qaytib uyg‘onmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring