Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tibbiyot xodimlarining buzilgan huquqlari tiklandi

Tibbiyot xodimlarining buzilgan huquqlari tiklandi

Faoliyat samaradorligida ishchilarga yaratil berilgan sharoit birlamchi ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot xodimlari uchun munosib mehnat sharoitlarini tashkil etishga, jumladan, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, moddiy manfaatdorligini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda, deyiladi vazirlik Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Jumladan, xodimlarning mehnat huquqlari qo‘pol ravishda buzilgan holatlar vazirlik tomonidan aniqlanib, bartaraf etilmokda. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 237-moddasiga muvofiq homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinishi mumkin emas.  Biroq I.Irgashev nomli Toshkent shahar 4-son klinik shifoxonasi bosh shifokori ushbu shifoxonaning bolalar reanimatsiya bo‘limi o‘rindosh shifokori S.O. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi 5-bandiga ko‘ra bekor qilgan. Xodimning vazirlikka murojaatini o‘rganish jarayonida S.O.ning homilador ekanligi fakti o‘z tasdig‘ini topdi.

Shunga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘iga asosan I.Irgashev nomli Toshkent shahar 4-son klinik shifoxonasi bosh shifokorining amaldagi qonun hujjatlariga zid ravishda chiqarilgan buyrug‘i bekor qilinib, vrach S.O. avvalgi ishiga tiklandi hamda majburiy progul vaqti uchun haq to‘lab berilishi belgilandi.

Bundan tashqari, xodimning mehnat huquqlarini qo‘pol ravishda buzgan bosh shifokorga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llash masalasini  hal etish Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i zimmasiga yuklatildi.

Yana bir holat. Shahrisabz tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining 2019-yil 24-yanvardagi 7t-sonli buyrug‘iga asosan tug‘ruqxona bo‘limi mudiri B. Kucharov ish beruvchining tashabbusi bilan vaktincha shoshilinch tez yordam bo‘limiga shifokor vazifasiga o‘tkazilgan. Bunda ish beruvchi tomonidan xodimdan rozilik olinmagan. Vaholanki, Mehnat kodeksining 93-moddasiga ko‘ra, vaqtincha boshqa ishga o‘tkazishga xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuv bo‘lgan taqdirdagina yo‘q qo‘yiladi. Mazkur holatda  Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan B.Kucharov avvalgi ishiga tiklanishi ta’minlanib,  huquqlari to‘liq tiklandi.

Shahrisabz tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘iga nisbatan esa vazir buyrug‘i bilan  o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizi miqdorida jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi, deyiladi vazirlik xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring