Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shahnoza Soatova

Ki har ne olami sug‘roda mavjud, Bori bu olami kubroda mavjud. (Alisher Navoiy)

«Taslim bo‘lay deganimda...» — bloger Shahnoza Soatova og‘ir o‘tgan ikki kun va shifokorlar haqida yozdi

«Taslim bo‘lay deganimda...» — bloger Shahnoza Soatova og‘ir o‘tgan ikki kun va shifokorlar haqida yozdi

"Bugun olingan surat... Iltimos, shifokorlarni asossiz ayblashdan tiyilib turaylik!"

Foto: Jurnalist Abror Zohidov kanalidan olindi (https://t.me/az_sss)

Ikki tomonlama zotiljam tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan taniqli bloger Shahnoza Soatova muolaja jarayonlari, shifokorlarning mehnati va o‘zining ahvoli haqida shunday yozyapti:

«...Shifokorlar, hamshiralar, sanitarkalar... Har safar oldimga kirishganida alohida himoya kiyimlarini ko‘rib, o‘zlarini naqadar xavfga qo‘yayotganlarini o‘ylayman. Tashqarida 40 daraja issiq, kostyumning ichida 60 daraja bo‘lsa kerak kamida. Ularni himoyalash uchun niqobimni taqqan bo‘laman. O‘zi asrasin!

Asli birinchi navbatda shifokorlar haqida yozishim kerak edi. Lekin xudbinlik o‘lsin, faqat o‘zimni gapirdim. Shuning uchun bu safargisi...

Oxirgi ikki kun og‘ir bo‘ldi, Alloh dedim va vrachlarga najot tilab talpindim. Niqob ustidan ko‘rinib turgan nigohlaridan ahvolim, kelajagim haqida nimalardir o‘qishga urindim. Ular esa «hammasi yaxshi bo‘ladi» deyishdi.

Bugun yaxshiman ancha, demak, aldashmabdi.

Hozir Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasida (xalq tilida «eski ToshMI» deyiladigan) davolanyapman. Kelgan kunim ahvolim juda yomon edi, nafasim qisardi, havo yetishmayotgandi, behollik va bo‘g‘inlar og‘rishi, ishtahasizlik... Testim natijasi manfiy bo‘lsa ham, baribir belgilar kovidniki. Qabulxonada isitma ichida navbat kutayotganimda, olib qolmay qaytarvorishsa-chi, degan qo‘rquv bor edi. Lekin olib qolishdi, mendan qochmay, rad etmay, yordamga shoshilishdi. Kerakli dori-darmonlarni qayerdan bo‘lsa ham topib kelib tezda davolashni boshlashdi.

Shunday daqiqalarda yordam qo‘lini cho‘zgan, shirin so‘zi bilan ko‘nglimni ko‘tarib, e’tibor va bilimi bilan sog‘lig‘im uchun kurashayotgan,  har kuni o‘zi xabar olib,  nazorat qilib turgan klinika rahbari Zafar Abdashimovdan alohida minnatdorman.

Yakshanba kuni bo‘lishiga qaramay kechasi ham qolib qarayotgan, uzoqroq ketsa, telefonda xabarlashib, doim dardimni yengillatishga tayyor turgan 2-umumiy terapiya bo‘limi boshlig‘i Inomjon Atanazarovni bir umr duo qilaman.

Go‘zal, Dilshoda va men ismini bilmaydigan yana boshqa hamshiralarga, sanitarkalarga ulkan minnatdorchiligimni bildiraman.

Bugun shifokorlarga nisbatan ayrim salbiy fikrlar aytilyapti. Lekin haqiqiy fidoyi, o‘z kasbining ustalari jonlarini xatarga qo‘yib bo‘lsa ham jang maydonining oldi qatorida turishibdi. Ularning ham uyida keksa ota-onasi, yosh bolalari bor. Yaqinlarini xatarga qo‘ymaslik uchun uylariga bir necha haftalab borishmayapti, hatto o‘z yaqinlari betob bo‘lsa ham qaray olishmayapti.

Biz shunday fidoyilik qila olamizmi begona insonlar uchun?

Oxirgi ikki kun isitmam qayta chiqqanida, turli xayollar, vasvasalar ichra ko‘zimga ular najot farishtasi bo‘lib ko‘rinishdi. Ishqilib nimadir qilishsin, yo‘lini topishsin, deyman. Yo‘lini qidirishyapti, taslim bo‘lmaymiz, opa, siz ham taslim bo‘lmang deyishadi. Alloh rozi bo‘lsin!

Ular uchun nimadir qilishim kerak deyman, ammo kuchim qalamimga yetadi faqat. Duo qilaman. Shifokorlarimizni asrashimiz kerak. Duolaringizda ularni ham eslang.

Yana meni dard bilan yolg‘iz qoldirmay, o‘zim taslim bo‘lay deganimda ham «yo‘q, sizni tuzatamiz!» deb tirgak bo‘lib turgan, onamning ahvollari bilan ham qiziqib, yarim tunda ham murojaat qilavering deb dalda berayotgan sevimli jamoam va rahbariyatimga, mashinalar  yurmagan payti onam va menga suv va dorilar yetkazib bergan Muslim Mirzajonovga,  onlayn maslahatlar berib turgan barcha do‘stlarimga,  kunu-tun men uchun halovatidan kechib yelib-yugurayotgan yaqinlarimga, sevgililarimga ulkan rahmatlarim.

Menga g‘oyibona madad berib turgan barcha barchadan Alloh rozi bo‘lsin! Sizlarning muhabbatingiz meni qutqaryapti.

Bugun isitmam yo‘q, saturatsiya 94 foiz. Ya’ni ancha yaxshi bo‘lib qoldim. Duolaringiz, hamdardligingiz, qo‘llab quvvatlaganingiz uchun rahmat. 

Ko‘plashib yengamiz, inshaalloh!

Tezroq tuzalishim kerak. Vaqt g‘animat, joyni boshqalarga bo‘shatishim kerak».

«Xabar.uz» jamoasi barcha bemorlar qatori faol muallifimiz Shahnoza Soatovaga sog‘lik, fidoyi shiforkorlarga O‘zidan kuch-quvvat so‘raydi. 

Hammaning toqatiga to‘zim bersin!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring