Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shunaqasiyam bo‘ladi: ona aliment to‘ladi!

Shunaqasiyam bo‘ladi: ona aliment to‘ladi!

Foto: «Xabar.uz»

Ko‘plarning tasavvuri shunday: voyaga yetmagan farzandlarining ta’minoti uchun to‘lamayotgan otalar oz emas, biroq bolalari uchun sud tartibida  aliment to‘lashga majburlangan onalar ham borligi amaliyotda yo‘q darajada bo‘lsa kerak.

Yo‘q, bor ekan.

2019-yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumanlararo sudi tomonidan qarzdor ona N.dan undiruvchi sobiq turmush O‘.M.ning foydasiga uch nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida sud buyrug‘i chiqarildi. Uning ijrosi, tabiiyki, Majburiy ijro byurosining Yakkabog‘ tuman bo‘limiga yuklatildi.

Sud buyrug‘i ijrosi-ku, to‘la-to‘kis amalga oshirildi-ya... Ya’niki, qarzdor onadan (15.04.2017-yildan 2019-yilning shu davriga qadar) jami 16 mln. so‘m aliment undirib berildi. Biroq masalaning ma’naviy-axloqiy jihatlari odamni o‘ylantiradi-da.

Qismati shu ekan: N. o‘rtada uch nafar farzand borligiga qaramay turmushidan ajraldi. Xo‘p, buni taqdirga yo‘ydik. Biroq u barcha onalardek farzandlari o‘zida qolishi uchun jon-jahd bilan kurashmadi. Rossiyaga ke-yetdi...

Eri yomondir-da? Birovning yaxshi-yomonligi xususida fol ochmaylik-da, javobni vaziyatning o‘zidan qidirsak: norasida bolalar «yomon» ota qaramog‘ida qoldiriladimi? Bunga qarindosh-urug‘larni-ku qo‘ying, davlat yo‘l qo‘yishi mumkinmi?

Byuroning tuman bo‘limiga otasi bilan kelgan uch nafar bola hattoki onasining yuziga qaramaganiga nima deysiz?!

Shuning o‘zi ko‘p narsalarga dalolat qilmayaptimi?

Tilingizning uchida yana bir savol turibdi-a: otaning erkak degan nomi bor, sobiq xotin beradigan alimentga qarab qolibdimi?

Otaning moddiy va jismoniy imkoniyatlari haqida bilmay turib bu savolga javob bermoq qiyin. Biz ham masalaning ayni jihatiga e’tibor qaratib, o‘zganing shaxsiy hayotiga chuqurroq kirish niyatidan yiroqmiz. Modomiki, masala sud tartibida hal etilibdimi, demak, qonun nainki ota, hatto onani ham aliment to‘lashga majbur etadi. Uning majburiyatini sud orqali «bo‘yniga qo‘yish» — otaning huquqi. O‘z huquqidan foydalangan fuqaro xatti-harakatidan ensa qotish mumkindir balki, biroq ayblashga qonuniy asos ham yo‘q-da.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring