Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sherzod Shermatov Yakkabog‘dan shunday «minnatdorlik» oldi

Sherzod Shermatov Yakkabog‘dan shunday «minnatdorlik» oldi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, Yakkabog‘da o‘quvchilarning polga o‘tirgan holda dars qilgani aks etgan video keskin munosabatlarga sabab bo‘ldi. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ham bu mavzuga o‘z munosabatini bildirdi.

«Kimdir jismonan imkoniyati cheklangan bo‘lsada, davlatimiz obro‘sini dunyoga ko‘tarayapti, kimdir to‘rt muchasi sog‘ bo‘lib, o‘zaro shaxsiy kelishmovchiligi sababli mamlakatimiz obro‘sini to‘kishga harakat qilayapti...

Ijtimoiy tarmoqlarda «Yakkabog‘ tumanidagi maktabda bolalar polda o‘qiyapti, Sherzod Shermatov biz tomonga bir boqib qo‘ying» deb yozilgan xabarga ko‘zim tushib qoldi. Eng alam qiladigani, ushbu maktabga o‘tgan yili o‘zim borib, xarob ahvolda bo‘lganiga ta’mirlash dasturiga qo‘shtirgandik. Natijada, 3 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilib, maktab bu yil ta’mirlanayotgan edi.

Afsuski, dastlabki surishtiruvga ko‘ra, maktabning ayrim o‘zaro qarindosh bo‘lgan o‘qituvchilar va direktor orasidagi kelishmovchiliklar sababli, bolalarni polga o‘tkazib, rasmini turli ijtimoiy tarmoqlarda va OAVlarda tarqatishmoqda. Aslida, katta miqdordagi ta’mirlash ishi oxirigacha to‘liq tugab ulgurmaganiga, maktab ochilmasligi, bolalar vaqtincha boshqa maktabda yoki masofadan o‘qib turishi rejalashtirilishi kerak edi. Shuning uchun ham maktabda yangi mebellar vaqtincha o‘rnatilmagan. Agar juda shoshilinch bo‘lib ta’mirdan chiqqan joyida o‘qishni tashkil etish juda zarur bo‘lsa o‘tgan yilgi mebelni vaqtincha ishlatib tursa ham bo‘lar edi. Maktabda o‘quvchi soni quvvatidan oshiq emas, shunga bir smenada o‘qishni tashkil etish uchun joy yetarli.

Shu orqali yarim asr davomida ta’mirlanmagan maktab ta’mirlanayotganiga Yakkabog‘dan o‘ziga xos minnatdorlik bildirishibdi...

Endi buyog‘iga prokuratura organlari holatni to‘liq o‘rganib, tegishli javobgarlik choralarini ko‘rishadi deb umid qilamiz», deb yozadi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq viloyat prokuraturasi tomonidan mazkur video yozuvda qayd etilgan holatlar bo‘yicha tegishli soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzilib, o‘rganish ishlari olib borayotgani haqida xabar qilingandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring