Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Putinning qiyofadoshi: «Men uni yomon ko‘raman!»

Putinning qiyofadoshi: «Men uni yomon ko‘raman!»

Foto: «Xabar.uz»

Internetni izlashtirsangiz, Putinning qiyofadoshlari kam emas. Lekin, allaqanday farqlar ular Putin emasligini fosh qiladi. Ammo Slavomir Fobola esa Putinga judayam o‘xshaydi. Shuning uchun ham Germaniya kinosanoati ijodkorlari  Rossiya-Ukraina urushi haqidagi ko‘p seriyali filmiga aynan uni aktyor sifatida taklif qilgan.

Serialda hamyurtimiz Umidjon Isabayev Zelenskiy obrazini yaratmoqda.

Umidjonning aytishicha, tasvirga olish maydonchasi nafaqat Putinning qiyofadoshi Slovomir Fobola, balki Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning qiyofadoshi Hovard Iks bilan ham birgalikda ijod qilish, tajriba almashish, shuningdek, do‘stlik maydoni bo‘lmoqda.

Vatandoshimiz  avvalroq «Xabar.uz»ga  Ukrainadagi tala-to‘p orasidan chiqqanda uni bo‘lajak sahnadoshlari kutib olganini so‘zlagandi: «Prodyuser, ayni vaqtda Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning qiyofadoshi Hovard Iks Amerikadan turib tashkiliy ishlarni boshqaryapti. Putinning qiyofadoshi meni Polshaning chegarasida kutib olib, belgilangan manzilga yetkazdi. Bu uchala shaxs qanchalik qarama-qarshi bo‘lishmasin, ularning qiyofadoshlari – biz uchalamiz mutanosib jamoa ekanimiz ayon bo‘ldi».

Yigitlar may oyidan buyon s’yomkalardan bo‘shamaydi. Tag‘in tasvir olish jarayonlari birda Polshada, birda Germaniyada, bir qarasangiz Indoneziyada o‘tayapti. Yaqinda ular bir necha hafta Kanadada safarda bo‘ldilar.

«Kanada iqlimi Ukraina ob-havosiga o‘xshash jihatlari borligi uchun shu mamlakatdagi maydonlar bizga qo‘l keldi», deydi Umidjon. Safarda ketma-ket, tig‘iz tasvirga olish jarayonlaridan keyin shu kunlarda yigitlar ta’tilga chiqishgan.

Polshada, o‘z oilasi davrasida hordiq chiqarayotgan Slovomir «Xabar.uz»ga shunday dedi: «Men avval Putinni hurmat qilardim, lekin «harbiy operatsiya» deb Ukrainaga bosqinchiligidan keyin, endi uni yomon ko‘raman. Putinga qiyofadosh bo‘lishim? Bu mening siyratim ham unga o‘xshash degani emas. Men urushni ham yomon ko‘raman. Begunoh odamlar, hali yashashi kerak bo‘lgan ayollar, bolalar o‘lishini istamayman.  Kinostudiya bilan shartnomamda men aktyor sifatida imzo chekkanman. Ya’ni faqat sahnada johil, kaltabin rahbar rolini ijro qilaman, xolos».

Slovomir urush tezroq tugashini istovchi millionlardan biri ekanini ta’kidladi. 

Film haqida to‘liq ma’lumotni taqdim qilish mumkin emasligi haqida aktyorlarning shartnomasida maxsus band bor. Shu sabab bu borada ularni savolga tuta olmaymiz.

Ammo film ezguliklar g‘alabasi aks etgan sahna bilan tugashini tilab qolamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring