Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Urganchdagi Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishini ko‘zdan kechirdi

Prezident Urganchdagi Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishini ko‘zdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Al-Xorazmiy shaharchasining qurilishini ko‘zdan kechirdi.

Davlat rahbari 2022-yil avgustda ushbu shaharcha poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi. O‘tgan yillarda muhandislik tarmoqlari tortilib, 1 ming 773 ta xonadonli 72 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilgan. Bu yil mingta xonadonli yana 28 ta turar joy qurilishi rejalashtirilgan. Bu yerda jami 5 mingdan ortiq xonadon bo‘ladi.

Shaharcha Urganch xalqaro aeroporti yaqinida, 130 gektardan ziyod hududda bunyod etilmoqda. Samolyotdan tushgan mehmonlarning ko‘z o‘ngida avvalo mana shu go‘zal maskan namoyon bo‘ladi. Shaharcha markazida Xorazmiy bobomizning muazzam haykali o‘rnatiladi.

Prezidentga mazkur haykal loyihasi taqdimot qilindi.

Haykal shaharchada barpo etilayotgan 20 gektarlik bog‘ning kirish qismida o‘rnatiladi. Uning balandligi 22 metr, poydevori bilan birga 30 metrdan ziyod bo‘ladi.

Mutasaddilarga monumentni ham bunyodkorlik, ham ma’no jihatidan takomillashtirish, shaharchada yashillikni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Kecha Prezidentimiz Al-Xorazmiy universiteti va ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish bo‘yicha qaror imzoladi. Bu universitetda 3 ta: matematika va informatika, aerokosmik texnologiyalar muhandisligi hamda sun’iy intellekt fakultetlari bo‘ladi. O‘quv jarayonlari «Yangi O‘zbekiston» universitetining tajribasi asosida, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Qabulni 2025-2026 o‘quv yilidan boshlash rejalashtirilgan. Jami talabalar soni 4-6 ming atrofida bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Shaharcha hududida Toshkentdagi Muhammad al-Xorazmiy maktabining filiali ham tashkil etiladi. Unga 4-sinf bitiruvchilari tanlab olinadi. Ta’limning yakunlovchi 2 yili muhandislikka boshlang‘ich tayyorgarlikka qaratiladi.

Shuningdek, Al-Xorazmiy shaharchasida texnopark va ofislar, tibbiyot va madaniyat markazlari, xiyobonlar, maktab va bog‘chalar, sport majmualari, savdo va maishiy binolar bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring