Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident rentgen uskunasi ishlab chiqariladigan korxonani borib ko‘rdi

Prezident rentgen uskunasi ishlab chiqariladigan korxonani borib ko‘rdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahridagi «Listem-Fergana» qo‘shma korxonasida bo‘ldi. Janubiy Koreya bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur qo‘shma korxonada rentgen asbob-uskunalari ishlab chiqariladi. Bu nafaqat yurtimiz, balki mintaqada yuqori texnologiyali tibbiy texnika tayyorlaydigan yagona zavod hisoblanadi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Korxona loyihasining umumiy qiymati 8 million dollar bo‘lib, yiliga ikki turdagi 300 dona renten apparati ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Birinchi bosqich doirasida 35 kishi ish bilan ta’minlangan. Yil yakuniga qadar yana yuzga yaqin ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Hozirda keyingi bosqichni hayotga tatbiq etish ustida ish olib borilyapti. Buning natijasida yillik ishlab chiqarish quvvatini 500 donaga, mahsulotlar turini 10 dan oshirish rejalashtirilgan. Bu shu paytgacha katta valyuta mablag‘lari evaziga import qilinayotgan tibbiy uskunalar o‘rnini to‘ldirish, ichki bozorni arzon va yuqori sifatli jihozlar bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Korxona to‘la quvvat bilan ishlay boshlagach, mahsulotni eksportga yo‘naltirish ham mo‘ljallangan.

«Listem-Fergana»ning rentgen uskunalariga hozirdanoq talab yuqori. Bu yerda ishlab chiqarilgan dastlabki «Smart DR» raqamli rentgen apparati chet ellardagi muqobillaridan uch barobar arzon. Masalan, uning narxi 50 ming AQSh dollarini tashkil etadi. «Philips» kompaniyasining shu kabi texnikasi 144 ming dollar, «Siemens» kompaniyasiniki esa 168 ming dollar atrofida baholanadi.

«Smart DR» rentgen apparatida soatiga 15 mijozni tekshiruvdan o‘tkazish mumkin. Olingan tasvirlar kompyuter xotirasida 5 yilgacha saqlanadi. Bu kasalliklar dinamikasini kuzatishda muhim ahamiyatga ega. Tasvirni internet orqali yuborish ham mumkin. Bu boshqa shifokorlar bilan masofadan turib maslahatlashish imkonini beradi.

Davlatimiz rahbari aholi salomatligini mustahkamlashda to‘g‘ri tashxis qo‘yish muhimligi, tibbiy jihozlarni yurtimizda ishlab chiqarish ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan yaxshi natija berishini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev endi korxonada mahalliylashtirish darajasini oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, xodimlar malakasini yuksaltirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu yerda «Hyundai» kompaniyasi bilan hamkorlikda «Qo‘qon» erkin iqtisodiy zonasida elektromobillar ishlab chiqarish, Vodil ko‘mir konida ko‘mir qazib chiqarish, toshdan ekologik toza qog‘oz ishlab chiqarishga oid rejalar, «Farg‘onaazot» va «Qo‘qonsuperfosfat» aksiyadorlik jamiyatlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan loyihalar muhokama qilindi.

Prezidentimiz loyihalarni ma’qullab, ularni amalga oshirishda sifat va muddatga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring