Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbekneftgaz» raisi: «Ko‘p iste’molchilarimizda kranni burasak, gaz chiqib kelaveradi degan qarash singib qolgan»

«O‘zbekneftgaz» raisi: «Ko‘p iste’molchilarimizda kranni burasak, gaz chiqib kelaveradi degan qarash singib qolgan»

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekistonning neft-gaz siyosati muammolari va istiqbollari, shuningdek, aholini energiya mabaalari bilan ta’minlash mavzusida brifing va jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda energetika sektorini tartibga solish, energoresurslarni qazib olish va ishlab chiqarish jarayonlariga xususiy sarmoyani jalb qilish, raqobatli biznes muhitni shakllantirishga ko‘maklashish uchun tarif siyosatini takomillashtirish masalalari bo‘yicha ma’lumot berildi.

Jumladan, joriy yil oxirigacha «O‘zbekneftgaz» AJ uchta alohida mustaqil kompaniyaga bo‘linishi, ulardan biri gaz va neft ishlab chiqarishga, neftni qayta ishlash zavodlarini boshqarishga, ikkinchisi neft quvurlarini boshqarishga, uchinchisi esa gazni taqsimlashni nazorat qilishga ixtisoslashi ma’lum qilindi.

Amalga oshirilayotgan, rejalashtirilayotgan ishlar qatori sohada majud muammolar yuzasidan ham fikrlar bildirildi.

«Biz geologik qidiruv ishlarini o‘z vaqtida moliyalashtirish, zahiralarimizni o‘stirishga yetarlicha e’tibor bermayapmiz, — dedi «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Bahodir Siddiqov. — Shuni hisobiga bugun gaz qazib olishdagi muammolarga duch kelmoqdamiz. Eng asosiy muammo — hozirda konlarimiz juda qiyin ahvolda».

Mutasaddilar shu kabi muammolar jamoatchilikda ham e’tirozlar uyg‘otayotganiga to‘xtalib o‘tdi.

«Juda ko‘p tanqidlarga uchrayapmiz, ommaviy axborot vositalarida «Nega o‘zimizni gazimizni o‘zimizga bermayapti» degan savollarga to‘qnash kelyapmiz, — dedi Bahodir Siddiqov. — Bunda muhim jihat shundaki, gazni tabiiy va milliy boyligimiz bo‘lish bilan birga, tovar (mahsulot) ekanini esdan chiqarib qo‘ymasligimiz kerak. Yaqinda Osiyo taraqqiyot banki ekspertining maqolasi chiqdi, unda: «Energetika tizimida gazga tovar sifatida munosabat shakllanmasa, bu tizimda rivojlanish bo‘lmaydi», deb yozgan edi. Buni juda to‘g‘ri fikr deb hisoblayman. Chunki biz gazdan foydalanganda energiya tejamkorligini, vaqtida hisob-kitob qilish kerakligini esdan chiqarib qo‘yyapmiz. Ko‘p iste’molchilarimizda kranni burasak, gaz chiqib kelaveradi degan qarash singib qolgan».

Bahodir Siddiqovning aytishicha, muammolarning oldini olish maqsadida avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish bo‘yicha katta muzokaralar olib borilmoqda. Uch yil davomida respublikamizdagi barcha aholi qatlamini, iste’molchilarni avtomatlashtirilgan tizimga o‘tkaziladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring