Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda 20 mingga yaqin ayol og‘ir turmush sharoitida yashaydi

O‘zbekistonda 20 mingga yaqin ayol og‘ir turmush sharoitida yashaydi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-iyul kuni yoshlar va xotin-qizlar bandligini oshirish, ularni daromad manbai bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Videoselektor yig‘ilishida axborot texnologiyalari yo‘nalishida syoshlarni ish bilan, yuqori daromad bilan ta’minlash uchun katta imkoniyatlar borligi masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, yig‘ilishda xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Hududlarda 20 mingga yaqin ayol og‘ir turmush sharoitida yashashi, shundan ko‘plari profilaktik hisobda turishi afsus bilan qayd etildi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga 33 ming 380 nafar ayolni hayotga motivatsiyalash va kasbga o‘rgatish bo‘yicha qisqa o‘quv kurslarini tashkil qilish vazifasi qo‘yildi.

Har bir tuman va shahar kesimida ayollar biznes loyihalari ro‘yxatini shakllantirib, oyma-oy moliyalashtirish, xotin-qizlar tadbirkorligi dasturi doirasida soddalashtirilgan kreditlar va grantlar ajratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Mikroqarz olish niyatidagi yoshlar va ayollar tadbirkorlikka bepul o‘qitilib, yiliga 5 ming nafar yoshlar va ayollarning bandligi ta’minlanadi. 14-iyulda imzolangan tadbirkorlikni hamda kichik sanoat zonalarini rivojlantirishni moliyalashtirishga doir Prezident qarorida, jumladan, ushbu maqsadlarga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 2 million dollar kredit ajratilishi belgilandi. Bu mablag‘ yoshlar va ayollar ishsizligi yuqori bo‘lgan qishloq joylarda imtiyozli mikroqarz ajratish uchun mikromoliya va nodavlat tashkilotlarga beriladi. Chunki bunday nodavlat tashkilotlar banklarga qaraganda kam resurslar bilan ham o‘qitib, 2-3 baravar ko‘p ish o‘rni yaratayapti. Kredit qaytimi ham banklarga qaraganda ancha yuqori.

Shu bois nodavlat tashkilotlar o‘rtasida tanlov o‘tkazib, eng yaxshi o‘quv markaziga grant ajratish tizimi joriy etilishi belgilandi.

Jahon bankining 2 million dollar mablag‘i doirasida 15 ming nafar ayolning bandligini ta’minlash loyihalarini jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddi rahbarlar, Andijon, Namangan va Farg‘ona tajribasi bo‘yicha mazkur viloyatlar hokimlarining hisoboti eshitildi.

Davlat rahbari tomonidan ko‘rilayotgan bu chora-tadbirlar zamirida ikkita eng asosiy maqsad – yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, natijada oilalarga barqaror daromad manbai yaratish maqsadi mujassam.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring