Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari «oppoq»qa chiqarildi. Bosh prokuratura nima derkin?

Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari «oppoq»qa chiqarildi. Bosh prokuratura nima derkin?

Foto: Xabar.uz

Kechadan buyon Olmazor tuman hokimi o‘rinbosari A. Vahobovning Kun.uz sayti jurnalistlariga nisbatan qilgan tajovuzona xatti-harakatidan jinoyat alomatlarini topolmagan, shuningdek, shu amaldorning mazkur sayt xodimini ommaviy axborot vositasi orqali og‘ir jinoyatda ayblagani xususida «miq» etilmagan Toshkent shahar prokuraturasining qarori keng muhokama etilayotir.

Bunaqasi avval bo‘lmagan rosti. Toshkent shahar prokuraturasining qaroriga nisbatan shunaqa ko‘p savollar yog‘ilyaptiki, ushbu ish bilan shug‘ullangan tergovchi qisqa vaqtda bunchalar mashhur bo‘lishini xayoliga keltirmagan bo‘lsa kerak. Uning qarorini qonuniy deb tasdiqlagan shahar prokurori o‘rinbosari ham. Tuman hokimi muovinining-ku, asosan ikkita - birida mo‘min-qobil holda intervyu berayotgan, yana birida «yeb qo‘ygudek» holati aks etgan suratlari bilan «bezamagan» sayt qolmadi, hisob.

Albatta, jamoatchilik, ayniqsa, ziyoli qatlamning qattiq noroziligiga sabab bo‘lgan ayni holat shundog‘icha qolib ketmasligi kerak. Endi hamma gap Bosh prokuraturada qolgan. Faqat Bosh prokuraturagina quyi mahkama chiqargan qarorning qonuniyligini tekshirib, yo bekor qiladi yoki ma’qullaydi. Buning uchun muayyan vaqt talab qilinishi tushunarli. Biroq shu-uncha shov-shuvlarga qaramay kechadan buyon Bosh prokuratura vaziyat bo‘yicha ikki og‘iz izoh bergani yo‘q. Mahkama matbuot xizmati bilan bog‘lanib, savollarimizga mavhum javob oldik, xolos: «Yangilik bo‘lsa, xabar qilamiz».

Kutyapmiz, Hayot Ne’matovich!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring