Olmaota sudi fotografning hukumatga da’vosini qisman qanoatlantirdi
Olmaota sudi fotografning hukumat bilan bahsida akimat(hokimiyat)ni «mualliflik huquqini buzgan» deb topdi. Bu haqda «Tnews.uz» nashri Qozog‘iston OAV ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Xabarda qayd etilishicha, sudya Aida Abilmajinova «mualliflik huquqini buzgani uchun» hokimiyatga fotograf Sarsenbek Qizaybekuliga 680700 tenge — 300 oylik hisob ko‘rsatkichi (OHK) — to‘lash majburiyatini yukladi.
Qizaybekuli Madaniyat va sport vazirligi hamda Olmaota akimati ustidan sudga ariza bergan edi. Chunki ular «Ruxani jangiru» («Jamoatchilik fikrini modernizatsiya qilish») davlat dasturi targ‘ibot kampaniyasi vaqtida fotografga tegishli bo‘lgan suratdan ruxsatsiz foydalanishgan.
Ariza beruvchining advokati Bauirjan Aydarbekovning aytishicha, u sud qaroridan qoniqish hosil qilmagan va qaror ustidan shikoyat qilmoqchi. Advokatning so‘zlariga qaraganda, sud qaroriga ko‘ra to‘lov 2017-yilda o‘rnatilgan OHK bo‘yicha to‘lanadi.
— Mualliflik huquqi buzilishi ishi bo‘yicha nafaqat ichki ishlar boshqarmasi, balki madaniyat va sport vazirligi ham mas’uldir. Biroq sud qarorida vazirlik javobgar sifatida ko‘rsatilmagan. Mualliflik huquqi buzilishi masalasida beriladigan tovon — 300 barobar OHK yetarli emas, — deydi Bauirjan Aydarbekov.
Qizaybekuli o‘z da’vosida vazirlik va akimatni javobgar sifatida ko‘rsatgan va tovon sifatida bir yarim million tenge berilishini talab qilgan. Qizaybekulining aytishicha, uning 2014 yildagi mashhur asari — bolakay va ov qushi aks etgan surat avgust oyidan beri o‘zining ruxsatisiz ayrim mintaqalarda «Ruxani jangiru» dasturida illyustratsiya sifatida targ‘ibot materiallarida ishlatib kelinmoqda. Javobgarlar esa sudda fotosurat ochiq manbalardan olinganini ta’kidlashgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter