Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

Odamlarni majburiy mehnatga jalb qilayotganlarga yetarli jazo beriladimi?

Odamlarni majburiy mehnatga jalb qilayotganlarga yetarli jazo beriladimi?

Foto: Facebook / Xalq bilan muloqot

Oxirgi o‘n-o‘n besh yilda bizda eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri mamlakatimiz fuqarolarining chet ellarda qullikda saqlanib mehnatga majburlangani haqida bo‘ldi. Hali bu davlatdan, hali u davlatdan «o‘zbekistonliklarning pasportlari tortib olinib, mehnatga majburlangan» degan xabar chiqardi. Hozir ham dunyoning allaqaysi davlatlarida o‘zbekistonliklar majburiy mehnatda ezilib yurishgandir. Ularning hujjatlari tortib olinib mehnatga majburlanganini biz o‘sha ish oshkor bo‘lgandan keyingina bilayapmiz.

Tan olaylik, yurtdoshlarimizning qayerlardadir haq-huquqsiz turli ishlarga majburlangani doim biz uchun eng og‘riqli masala bo‘lgan. Shu bois oxirgi yillarda chet ellarda yovuz kishilar qo‘liga tushib turli ishlarga majburlanayotgan kishilar uchun elchixonalarimiz huzurida ishonch telefonlari yo‘lga qo‘yildi. Yurtdoshlarimiz qullikka tushib qolmasin deb ular eng ko‘p boradigan davlatlardagi huquqni himoya qilish organlari bilan hamkorlik qilinayapti, turli davlatlarda elchixonalardan tashqari konsulxonalar ochilishi mo‘ljallanmoqda. Majburiy mehnatdan ozod bo‘lib kelganlarga ruhiy ko‘mak berish maqsadida Toshkentda reabilitatsiya markazi  ochildi. Qisqasi, hukumatimiz chet ellarda yurgan yurtdoshlarimizni o‘sha yurtlarda ham himoya qilish uchun nima kerak bo‘lsa hammasini qilmoqchi. Bu quvonarli holat.

Ammo...

Ana shu yerda savol tug‘iladi: xo‘sh, hukumatimiz chet ellarda ishlab yurgan yurtdoshlarimizning himoyasi uchun ko‘p ishlarni qilayotgan ekan, yana ko‘p ishlarni qilmoqchi ekan, bu ishlar yaxshi, lekin o‘zimizda, mamlakatimizda majburiy mehnatga jalb qilinayotganlarning himoyasi uchun nima qilinayapti?

Eslaylik, bundan ikki yil oldin ham bizda hammasi inkor etilar, o‘qituvchi yoki budjet tashkilotlari xodimlarining har xil majburiy ishlarga jalb qilinayotgani haqida umuman gapirib bo‘lmas edi. Bu haqda faqat chet ellardagi ayrim o‘zbekcha saytlar yozishar edi. Biz esa zo‘r berib ularni inkor qilar edik. Bugungi kunda esa bu haqda o‘zimizning ommaviy axborot vositalari ham yozayapti. Biroq hozircha bu ishlardan natija bo‘layotgani yo‘q. Chunki ko‘pincha o‘sha majburiy mehnatga jalb qilinayotganlardan «men hashar ishlariga, obodonlashtirishga, paxta yig‘im-terimiga o‘z ixtiyorim bilan borayapman» deb tilxat yozdirib olishadi. Ammo ular ko‘cha-ko‘yda baribir mehnatga majburlangani haqida gapirishadi. Shu tufayli bu ishlar elga oshkor bo‘layapti. Oxirgi misol: bundan bir necha kun oldin Kattaqo‘rg‘onda fojia yuz berdi va yosh o‘qituvchi ayol halok bo‘ldi. Rasmiylarimiz buning majburiy mehnatga aloqasi yo‘q deb bayonot berishdi. Ammo kasalni ming yashirmang, baribir isitmasi oshkor qilib qo‘yadi. Demak, mamlakatimizda kimlardir tomonidan majburiy mehnatga jalb qilinayotgan insonlarni ham himoya qilish vaqti allaqachon kelgan.

Bundan bir necha kun oldin turli saytlarda Oliy Majlis deputatlaridan birining «o‘qituvchilarni majburiy mehnatdan himoya qiladigan qonun qabul qilishimiz kerak» deb fikr bildirgani haqidagi xabar chiqdi.

Ertasi kuni esa Adliya vazirligi o‘zining saytida va ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifalarida «O‘zbekistonda majburiy mehnat qonun bilan taqiqlangan» sarlavhali post e’lon qildi.

O‘sha postda yozilishicha, MJTKning 51-moddasiga ko‘ra odamlarni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlagan shaxsga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha jarima solinadi. Agar shu huquqbuzarlik voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilsa eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Ushbu kodeks 1994-yilda qabul qilingan va 2009-yilda unga o‘zgartirishlar kiritilgan.

Qizig‘i, ushbu moddaning ikkinchi, ya’ni «Xuddi shunday huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi» degan qismi kodeksga 2009-yil 21-dekabrdagi 236-qonun bilan kiritilgan ekan. Ungacha esa voyaga yetmagan shaxslarni majburiy mehnatga jalb qilganlarga jazo ham bo‘lmagan.

MJTKdagi 51-moddani o‘qir ekanman, bizda majburiy mehnatga jalb qilingan odam o‘sha o‘zini majburlagan shaxs ustidan nega shikoyat qilmasligining sabablaridan birini anglaganday bo‘ldim. Chet ellarda yurgan yurtdoshlarimiz qullikka tushmasin deb davlatimiz mablag‘ va e’tiborni ayamasa-yu, ammo o‘zimizda odamlarni majburiy mehnatga jalb qilish jinoyat emas, ma’muriy huquqbuzarlik deb hisoblansa va buning uchun arzimagan summada jarima belgilansa, bu nima degan gap?!.

Buning ustiga ushbu moddada boshqa ko‘pgina moddalardagiday «yil davomida takroran sodir etsa jarima miqdori falon baravar oshiriladi» degan qo‘shimcha ham yo‘q. Demak, kimdir bir insonning ustidan dalil va faktlar bilan «meni majburiy mehnatga jalb qildi» deb bir yilda o‘n marta murojaat qilsa ham o‘sha inson bir xil jarimani to‘lab qutulib ketaveradi. 51-moddada odamlarni majburiy mehnatga jalb qilishning salmog‘i ko‘rsatilmagani ham tushunarsizdir. Kodeks qabul qilinayotganda, keyin unga o‘zgartish kiritilayotganda deputatlarimiz og‘ziga talqon solib olishganmidi? Masalan, bir kishini majburlagan ham o‘sha jarimani to‘laydi, ming kishini majburlagan ham o‘sha jarimani to‘lab qutulib ketaveradi.

Qonun chiqarishga mas’ul bo‘lgan deputat va senatorlarimizga taklifim shuki, endi odamlarni majburiy mehnatga jalb qilish ma’muriy huquqbuzarlik emas, jinoyat deb topilishi va Jinoyat kodeksida ushbu qilmish uchun arzimagan jarima emas, balki kamida yetti-sakkiz yillik ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilanishi kerak.

Yana majburiy mehnatga jalb qilinayotgan insonlarning soniga qarab jazoni oshirib boraverish lozim. Toki bir kishini majburlagan inson bilan o‘n, yuz, ming kishini majburlagan inson bir xil jazo olmasin. Ana shunda jazo adolatli bo‘ladi.

Aks holda hammasi «eski hammom, eski tos» qabilida davom etaveradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring