Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Nobud bo‘lgan baliqlar bo‘yicha «Navoiyazot» bayonot berdi

Nobud bo‘lgan baliqlar bo‘yicha «Navoiyazot» bayonot berdi

Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati «Navoiyazot» AJga qarashli (1-tashlama) 267-quduqdan daryoga hayot uchun xavfli moddalar chiqarilgani sababli daryo suvi zaharlanib, ko‘plab baliqlar nobud bo‘lgani haqida xabar bergandi. «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyati holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Qayd etilishicha, korxonaga qarashli 267-quduq tarkibida ishlab chiqarish maydonlari yomg‘ir oqava suvlaridan iborat, asosan sovutuvchi suv aylanish tizimi va isitish qozonlarida texnologik rejimga asosan va ekologik talablarga javob beradigan tashlanma suvlardan laboratoriya tahlillari olinib, keyinchalik Zarafshon daryosiga yuboriladi.

Korxona sanitar laboratoriyasi tomonidan tasdiqlangan reja-jadval asosida muntazam ravishda oqava suvlardan tahlil namunalari olinadi va mutaxassislar tomonidan nazorat qilinadi.

«Navoiyazot» AJda uch yirik investitsiya loyihalari ishga tushirilganligi evaziga ekologik jihatdan xavfi yuqori bo‘lgan ammiak, azot kislotasi 1-2 navbat ishlab chiqarishi, organik sintez ishlab chiqarishining bir necha sexlari (atsetilen, nitril akril kislotasi) ish faoliyati to‘xtatilgan va ifloslantiruvchi moddalarni atmosfera, suv havzalariga tushishi kamayishiga erishilgan.

So‘nggi davrda oqava suvlar sifatining dinamikasi o‘zgarishlarsiz. «Navoiyazot» AJ joylashgan hududda uning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish maqsadida tabiatni muhofaza qilish, xomashyo va energiya resurslarini tejash, atrof-muhitga zararli moddalarning chiqishini kamaytirishga ko‘maklashuvchi tashkiliy-texnikaviy chora-tadbirlar doimiy ravishda ishlab chiqilmoqda va bajarilmoqda.

Zarafshon daryosi nafaqat «Navoiyazot» AJ tomonidan, balki viloyatning turli sanoat va boshqa ishlab chiqarish komplekslaridan, shu jumladan baliqchilik xo‘jaliklaridan hosil bo‘lgan barcha oqava suvlarini qabul qiluvchi havza hisoblanadi.

Hozirgi paytda «Navoiyazot» AJ mutaxassislari viloyat ekologik nazorati mutaxassislari bilan birgalikda barcha oqava suvlarning nazorat tahlillari olib borilmoqda hamda jamiyat rahbariyati tomonidan joyida tegishli choralar ko‘rilayapti, deyiladi «Navoiyazot» AJ matbuot xizmati xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring