Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Navoiyda qoramollar zaharli o‘tdan o‘layotgani haqidagi xabarga oydinlik kiritildi

Navoiyda qoramollar zaharli o‘tdan o‘layotgani haqidagi xabarga oydinlik kiritildi

Ma’lumki, bahorda aholi xonadonlarida parvarishlab kelingan qoramollar yaylovzorlarga boqish uchun cho‘ponlarga berib yuboriladi.

Navoiy viloyatida «mollar zaharli o‘tdan o‘layapti», degan mish-mishlar tarqaldi. «Navoitoday» bu masalada mutasaddi idoralarga murojaat qildi.

Viloyat veterinarya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi davlat veterinariya nazorati bo‘limi boshlig‘i Baxtbergen Juzbayev chorva mollarining ommaviy o‘lish holatlari kuzatilmayotgani, yuqoridagi gaplar asossiz ekanligini bildirdi.  

– «Kampirchopon» degan o‘ta zaharli o‘simlik mavjud, – deydi viloyat hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi direktori Shamsiddin Boymurodov. – Bu o‘simlik ayniqsa, yomg‘ir haddan ziyod yog‘ganda ko‘payadi. Hayvonlar ushbu o‘simlikdan zaharlanib o‘lishi mumkin. Biroq, markazimizga bu borada birorta murojaat yoki shikoyat kelib tushgani yo‘q.

– Nurotada 4 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat hamda 96 ta fermer xo‘jaliklarida chorva hayvonlari parvarishlanmoqda, – deydi tuman veterinariya bo‘limi rahbari Bahrom Bobomurodov. – Bu yil har doimgidan-da o‘zgacha keldi. O‘t serob. Chorva yili bo‘ldi. Men 2012-yildan buyon tumanda bosh veterinarman. Hali biror marotaba qoramolarning ommaviy o‘lim holatiga duch kelganimiz yo‘q. Hatto dag‘alxashak tanqis bo‘lgan paytlarda ham bu kuzatilmagan. 12 turdagi vaksinalar bilan chorva o‘z vaqtida emlab kelinayapti. 

«Albatta, mish-mish bekorga kelib chiqmaydi. Ayrim hududlarda bir nechta chorva mollarining nobud bo‘lishi mazkur holat kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Aslida esa vaziyat butunlay boshqa» deyiladi xabar yakunida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring