Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namangan viloyati hokimiga yangi matbuot kotibi tayinlandi

Namangan viloyati hokimiga yangi matbuot kotibi tayinlandi

Namangan viloyati hokimining 2021-yil 29-martdagi qarori bilan Farxod Ahmadjonovich Mamadaliyev viloyat hokimining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi. U mazkur lavozimda faoliyat yuritgan Azizbek Abduvaliyevning o‘rnida ish boshladi.

Farxod Mamadaliyev 1980-yil 29-iyul kuni Namangan viloyatining Uychi tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2002-yili O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetini, 2017-yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi xorijiy filolog, siyosatchi.

Farxod Mamadaliyev mehnat faoliyatini 2002-yilda Toshkent shahridagi 296-sonli umumta’lim maktabida o‘qituvchilikdan boshlagan. U 2002 – 2018-yillar davomida «Insonlarga g‘amxo‘rlik xalqaro fondi» Toshkent vakolatxonasi administratori, Uychi tumanidagi 17-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi, Namangan viloyati «Sharq» televideniyasi tarjimoni va bosh muharriri, Namangan viloyati teleradiokompaniyasi katta muharriri, Namangan shahar hokimligining sport ishlarini tashkil etish va rivojlantirish masalalari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi, axborot xizmati rahbari, iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari kotibiyati yetakchi mutaxassisi, Uychi tumani hokimining investitsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida ish olib borgan.

Farxod Mamadaliyev 2019-yilning 2-avgustidan buyon Uychi tumani hokimining o‘rinbosari – tuman investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, hokimning matbuot kotibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-iyunda qabul qilingan «Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida axborot xizmati rahbari bo‘libgina qolmay, hokimning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida lavozim va maqom jihatidan hokim o‘rinbosari darajasiga tenglashtiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring