Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Milliy bog‘dagi Navoiy haykali qayta o‘rnatiladi

Milliy bog‘dagi Navoiy haykali qayta o‘rnatiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘iga tashrif buyurdi.

Milliy bog‘ hududidagi Adiblar xiyoboni Alisher Navoiy haykali bilan uyg‘un bo‘lib, yaxlit me’moriy ansambl hosil qilishi uchun yangi loyiha ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, 8 gektardan ziyod hudud obodonlashtirilib, Alisher Navoiy haykalini qayta o‘rnatish belgilangan.

Shavkat Mirziyoyev bu yerda olib borilayotgan ishlar, haykallar ko‘rinishiga oid loyihalar bilan tanishdi. Haykallar yonida lavhlar o‘rnatib hamda audioyozuvlar orqali har bir adib haqida qisqacha ma’lumot berish, ularning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazish uchun qo‘shimcha sharoit yaratish zarurligini ta’kidladi. Alisher Navoiy haykali gumbazini bezatish, hududni obodonlashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Sobiq O‘zbekiston madaniyati va san’ati ko‘rgazmasi binosi rekonstruksiya qilinib, u yerda Toshkent muzeyi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari uning konsepsiyasiga oid loyihalar bilan tanishib, muzeyning mazmun-mohiyatini boyitish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

— Toshkent tarixi, bu yerlik allomalar merosi hali to‘liq o‘rganilmagan. Bu joy ilmiy asoslangan, shaharning buyuk o‘tmishini yoshlarga, mehmonlarga yetkazadigan maskan bo‘lishi kerak, — dedi Prezident.

Muzeyni O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining filiali tarzida tashkil etib, malakali ilmiy xodimlarni jalb qilish, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring