Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

MIB sobiq xodimlarining «isyoni»ga rasmiy izoh berdi

MIB sobiq xodimlarining «isyoni»ga rasmiy izoh berdi

Foto: «Xabar.uz»

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Majburiy ijro Byurosining (MIB) Toshkent shahar Chilonzor tumani bo‘limi sobiq xodimlari nomidan «Dam olish, ishdan tashqari ishlagan kunlarimiz uchun kompensatsiya berilsin» sarlavhasi ostida murojaat yo‘llangandi.

Mazkur murojaatni MIB Toshkent shahar boshqarmasi matbuot xizmati quyidagicha izohladi:

«Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-6010-sonli (2020-yil, 18-iyun) Farmoniga asosan, joriy yilning 1-avgustidan Majburiy ijro byurosi faoliyatidagi gaz va elektr uchun to‘lovlarni qabul qilish vazifa va funksiyalari Energetika vazirligi zimmasiga o‘tishi, ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan ko‘rsatilgan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlarni undirish mexanizmini amalga oshirilishi belgilangan.

Ushbu Farmonning 4-bandida «elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishi bo‘yicha vazifalar o‘tkazilishi munosabati bilan «Hududiy elektr tarmoqlari» va «Hududgazta’minot» AJlarning tuzilmalari faoliyatiga qo‘shimcha jalb qilinadigan xodimlar, birinchi navbatda, mazkur bandning to‘rtinchi xatboshisiga muvofiq qisqartirilayotgan Byuro xodimlari hisobidan» to‘ldirilishi belgilangan bo‘lib, hozirda Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi rahbariyati hamda nomlari qayd etilgan ta’minotchi korxonalar tomonidan o‘zaro hamkorlikda amaliy ishlar olib borilmoqda. 

Bundan tashqari, xodimlarga ishlagan davri uchun ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lab kelingan. Byuro organlaridan bo‘shatilgan bilan esa mehnat qonunchiligida belgilangan muddatlarda to‘liq hisob-kitob qilinishi ta’minlanadi.

Shuningdek, murojaatning sarlavhasidan kelib chiqib, maxsus buyruq bilan tasdiqlangan ichki mehnat tartib-qoidalariga asosan boshqarma hamda tuman bo‘limlarida xizmat qilayotgan xodimlarning ish vaqti soat 09:00 dan soat 18:00 ga qadar davom etishi, belgilangan vaqtdan tashqari ishlashiga, shuningdek, shanba va yakshanba kunlari ishga chiqishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Xodimlarning shanba va yakshanba kunlari ishlashi faqatgina ularning roziligi asosida, ish beruvchining buyrug‘i bilan amalga oshirilishi hamda ularga ish vaqtidan tashqari, dam olish va bayram kunlaridagi ishlari uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanishi yoki xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berilishi asosida amalga oshiriladi».

MIB Toshkent shahar boshqarmasi matbuot xizmatining alohida qayd etishicha, o‘tgan davrda xodimlar tomonidan mehnat qonunchiligi buzilganligi va asossiz ravishda shanba-yakshanba kunlari uchun otgul berilmaganligi bo‘yicha murojaatlar kelib tushmagan. Bu haqida boshqarma tizmidagi xodimlar xabardor qilinib boriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring