Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

MIB o‘z xodimini jazoga tortdi

MIB o‘z xodimini jazoga tortdi

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB) o‘z xodimini jazoga tortdi. Bu haqda MIB markaziy apparati matbuot xizmati boshlig‘i Farrux Toshpo‘latov «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani «Yangi hayot» MFYda MIB xodimining fuqaro o‘rniga o‘zlari imzo qo‘yib, jarima yozganiga oid xabar tarqalganidan so‘ng tekshiruv o‘tkazilgan.

Aniqlanishicha, voqelik bir yil avval sodir bo‘lgan. Ya’ni, o‘tgan yilning 9-sentyabr kuni MIBning Oltiariq tuman bo‘limi davlat inspektori Yangi hayot qishlog‘ida yashovchi M.Jalolovaga foydalanilgan elektr energiyasi uchun 366,0 ming so‘mlik qarzdorlik hosil bo‘lganini aytib, 5 kun muddatda to‘lashi haqida talabnoma taqdim etadi. Biroq, iste’molchi ko‘rsatilgan muddatda qarzdorlikni bartaraf etmagani sabab davlat inspektori xonadonni elektr tarmog‘idan uzmoqchi bo‘lganida qarshilik uchraydi. Natijada M.Abdurahmonov yana bir davlat inspektori D.Obidjonovni yordamga chaqiradi.

Shu kuni (16-sentyabr) M.Jalolovaning xonadoni tarmoqdan uziladi va bu haqda 0007546-sonli dalolatnoma rasmiylashtirilib, imzolash uchun iste’molchiga taqdim etiladi. Biroq M.Jalolova imzo qo‘yishdan bosh tortadi. Davlat inspektori D.Obidjonov buni tegishli tartibda qayd etish o‘rniga iste’molchi nomidan o‘zi imzo qo‘yib yuboradi.

Voqelik bir yil avval sodir etilgan bo‘lsa-da, o‘rganish davomida iste’molchi o‘rniga davlat inspektori imzo qo‘ygan holati tasdiqlangani sabab Byuroning Oltiariq tuman bo‘limi davlat inspektori M.Abdurahmonov vazifasidan ozod etildi. Bundan tashqari, davlat inspektori D.Obidjonovning xatti-harakatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

Byuroning Oltiariq tuman bo‘limi tomonidan kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha tashkil etilgan ishlar jarayonida homiylarni jalb etgan holda M.Jalolovaning elektr tarmog‘iga qayta ulash bo‘yicha to‘lanishi belgilangan mablag‘ to‘liq qoplab berilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring