Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tadbirdagi kamchiliklarni Oliy sud raisi o‘rinbosari tuzatishga harakat qildi

Tadbirdagi kamchiliklarni Oliy sud raisi o‘rinbosari tuzatishga harakat qildi

Foto: «Kun.uz»

Bugun Prezident adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy sud rahbariyati ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida avval kuzatilmagan holatlar ro‘y berdi.

Tadbirda OAV vakillaridan ko‘ra Oliy sud xodimlari ko‘proq bo‘ldi. Yosh-yosh sud xodimlarining matbuot anjumaniga taklif etilishi zalni to‘ldirish uchun qilingan chorami yoki ularga tajriba maktabi bo‘lishi uchun harakatmi, bundan qat’i nazar, o‘z nomi bilan MATBUOT ANJUMANIda mezbonlardan ko‘ra ko‘proq mehmonlar bo‘lishi oddiy mantiq hisoblanadi. Bunday «tengsizlik»ni aksariyat jurnalistlar «savollar bo‘roni»ga nisbatan qilingan muhofaza, deb tushindi.

Yana bir holatki, bu endi bir hamkasbimizga bog‘liq. Yosh muxbir ukamiz birinchidan bo‘lib savol berar ekan, gapiga tasdiq ma’nosida o‘zi bilan ikki nafar shikoyatchini ham olib kelibdi. Bergan savoli ularning muammosiga bog‘liqligi bois, gapini tugatgani hamono mikrofonni shikoyatchilarga tutqazdi. Ular muammosini aytishga tushdi...

Tadbirning savol-javob qismi «xalq qabulxonasi»ga o‘xshab boshlangani ayrim OAV xodimlarining e’tiroziga sabab bo‘ldi. Shu barobarida ularni tushunishga harakat qilindi ham: muammosi suyakka yetgandirdiki, arzi-hol qilish uchun Oliy sud rahbariyati ishtirok etayotgan tadbirga kelmoqqa majbur bo‘lishibdi!

E’tiborlisi, ularning muammosi tinglandi va o‘sha zahoti Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov tegishli mas’ullarga topshiriq berdi: komissiya tuzib, ularning arz-shikoyatini o‘rganinglar, bu jarayonda jurnalist ham ishtirok etsin, qarshiligimiz yo‘q!

Mutasaddi «bu yerda matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda, shikoyatingizni sud idorasiga borib ayting», deyishi mumkin edi. Biroq kenglik qildi, gap yo‘q.

Matbuot anjumanida faoliyatga oid qator ma’lumotlar ham keltirildi:

  • 2019-yilning o‘tgan besh oyida fuqarolik sudlarida 123 014 ta ish ko‘rildi, iqtisodiy sudlarda 91 9141 ta, ma’muriy sudlarda esa bu raqam 194 500 tani tashkil etadi.
  • Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda ko‘rib chiqilgan ishlar natijalariga ko‘ra, 12 495 nafar shaxsga nisbatan shartli jazo tayinlandi (shundan 1217 nafari ayollar, 43 nafari voyaga yetmaganlar), 3 822 nafar shaxsning jazosi yengilrog‘iga almashtirildi (shundan 211 nafari ayollar, 17 nafari voyaga yetmaganlar).
  • O‘tgan besh oyda 289 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan bo‘lsa, 1492 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod qilingan.
  • Odil sudlovni amalga oshirishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun 151 nafar sudyaga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi. Ya’nikim, 95 nafar sudyaga hayfsan e’lon qilinib, 27 nafari ogohlantirilgan bo‘lsa, 11 nafarining «javobi berilgan».
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring