Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maktablarda zo‘ravonlikka qarshi yangi metodika sinab ko‘riladi

Maktablarda zo‘ravonlikka qarshi yangi metodika sinab ko‘riladi

Foto: «Uzedu.uz»

Xalq ta’limi vazirligi «Maktablarda zo‘ravonlikning oldini olish va ijobiy psixologiyani o‘qitish metodikasi» loyihasini amalga oshirishni boshladi.

Xabarga ko‘ra, loyiha maktablarda o‘quvchilarning emotsional holatini aniqlash va pozitiv psixologiya metodini o‘qitish orqali bullingning oldini olish va unga qarshilikni oshirishga qaratilgan.

Mazkur besh oylik loyihani amalga oshirishda AQShlik professor Lori Vulf ishtirok etadi. Professor Lori Vulf AQShda ijobiy psixologiya sohasi mutaxassisi, bir qator ilmiy nashrlar va professional taqdimotlar muallifi. Vulf xonim bolalar va o‘qituvchilar o‘rtasida stressni boshqarish sohasida, shuningdek, bolalarda stress holatini aniqlashga ixtisoslashgan ekspert. Lori Vulf AQShning turli ta’lim muassasalarida faoliyat yuritgan.

Maktabda ta’lim oladigan bolalar va o‘smirlar turli inqirozli vaziyatlarga duch kelishadi. Bu esa dadil fikrlashga va harakatlanishga ziddiyatlar olib kelishi mumkin. Loyihaning asosiy e’tibori yurtimizdagi maktab psixologlariga ruhiy tushkunlikka tushgan bolalarni aniqlash, shuningdek, o‘qituvchi va psixologlar uchun trening va mashg‘ulotlar orqali stressni yengib o‘tishiga ko‘mak berishga qaratiladi. Shu bilan birga, loyiha o‘qituvchilarga ham stress va ishdan «sovish» holatlarining oldini olishda yordam beradi.

Loyiha Toshkent shahridagi 241, 64, 133 va 324-umumiy o‘rta ta’lim maktablarini qamrab oladi. Bu maktablarning o‘qituvchilari hamda psixologlariga bullingning oldini olish va ijobiy psixologiya metodi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar beriladi.

Agarda loyiha o‘zini oqlasa, ijobiy psixologiyani o‘qitish metodikasi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimiga ham joriy etiladi, deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring