Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maktab binosi 53 yil deganda ta’mirlandi, biroq...

Maktab binosi 53 yil deganda ta’mirlandi, biroq...

Foto: Adolat matbuot xizmati

Qayta ta’mirdan chiqarilib, foydalanish uchun topshirilgan maktablarning yangi o‘quv yiliga holati qanday?  Shu maqsadda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ulug‘bek Samatov hamda partiyaning Toshkent shahar Kengashi vakillari Shayxontohur tumanidagi 192-umumta’lim maktabida o‘rganishda  bo‘ldi. Mazkur ta’lim maskani 1966-yilda qurilgan bo‘lib, so‘nggi yillarda ta’mirtalab ahvolda edi. Joriy yilda ushbu o‘quv muassasasi davlat tomonidan qayta ta’mirdan chiqarilib,  yangi o‘quv yiliga foydalanish uchun topshirildi. Biroq, shu o‘rinda savol tug‘iladi. Maktab binosida ta’mirlash ishlari to‘liq bajarildimi? Rekonstruksiyadan so‘ng maktabdagi sharoitlar belgilangan talablarga javob bera oladimi? O‘quvchilar uchun sinfxonalarda qanday qulayliklar yaratildi?

O‘rganishlar jarayonida tegishli mutasaddilar tomonidan binodagi kapital ta’mirlash oxiriga yetkazilmaganligiga  guvoh bo‘ldik, - deydi deputat Ulug‘bek Samatov. – Xususan, maktabning Axborot resurs markazi, sport zali, kiyinish xonalaridagi ta’mirlash ishlari talab darajasida emas. Bu esa, o‘qituvchi va o‘quvchilarga ta’lim jarayonida noqulayliklarni keltirib chiqarishi shubhasiz.

Bundan tashqari, kimyo va fizika labatoriyalari texnik jihozlar bilan ta’minlanmaganligi kuzatildi. Mavjud uskunalar ham, shuncha yil ichida yaroqsiz holatga kelib qolganligi aniqlandi. Endi bir o‘ylab ko‘ring, anashunday eskirgan texnika bilan kimyo, fizika va biologiya fanlarida qanday laboratoriya mashg‘ulotlarini  o‘tkazish mumkin.

«Tegma to‘kilaman» holidagi asboblar bilan darsning sifatli tashkillashtirilishiga kim kafolat beradi? Yarim-chala holatdagi laboratoriya xonasida o‘quvchilar qanday qilib kashfiyotlar yaratishi mumkin. Albatta, bu achinarli hol. Biroq, ayni damda bizning farzandlarimiz mana shu xonalarda bilim olishmoqda. Shuningdek, 960 o‘ringa mo‘ljallangan maktab oshxonasida gigiyenik qoidalarga rioya qilinmasligi aniqlandi. O‘qituvchilar bilan bo‘lgan suhbat chog‘ida ushbu oshxona ishchi-xodimlar hamda mahalla  ahli bilan hashar yo‘li orqali qurilganligi ma’lum bo‘ldi.

Sinfxonalar ko‘zdan kechirilar ekan, «Informatika» xonasiga ko‘zimiz tushdi. Ochig‘i bugungi texnologiya rivojlangan davrda, maktablarda kompyuterlar yetishmasligi kishini hayron qoldiradi. -  Ayni vaqtda maktabimizda 1088 nafar o‘quvchi ta’lim oladi, -  deydi fan o‘qituvchisi  Naima Mansurova. – Biroq, dars jarayoni uchun bor-yo‘g‘i 15 dona kompyuter ajratilgan. O‘quvchilarga kerakli bilim va amaliyotni o‘rgatishimiz uchun, yetarlicha kompyuterlar jamlanmasi berilishi lozim.  

O‘rganish davomida sinfxonalarning pol qismi nosozligini, yaroqlilik holatini tekshirib ko‘rdik, - deydi «Adolat» SDP Toshkent shahar Kengashi raisi Baxrom Valiyev. – Shunindek, yuvinish xonasida  qayta ta’mirlash ishlari oxiriga yetkazilmaganiga yaqqol amin bo‘ldik. Albatta, o‘rganish yakunida holat yuzasidan tegishli mas’ullar bilan masalaga oydinlik kiritishga harakat qilamiz.

Qariyb, 53 yil deganda ta’mirlangan ta’lim maskanida ishlar to‘liq oxiriga yetkazilmagani adolatdanmi? Bu jarayonga kim mas’ul edi? Ijrochi mutasaddilarmi yoki maktab ma’muriyati?  Nima bo‘lganda ham ertangi kunimiz bo‘lgan bugunning nihollariga  sharoit to‘laligicha yaratilib berilganda, nur ustiga a’lo nur bo‘lgan bo‘lar edi.

Holat yuzasidan hozirda ishchi guruh vakillari mas’ul tashkilotlar bilan tegishli ishlar olib borilmoqda. Umid qilamizki, yaqin kunlarda chala qolgan ta’mirlash ishlar ijrochilar tomonidan oxiriga yetkazilib, maktabda o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun qulayliklar ta’minlanadi.

Mavzuga yana qaytamiz.

Mohimbegim Teshaboyeva,
O‘zbekiston «Adolat» SDP
Toshkent shahar Kengashi
Tumanlararo ijrochi kotibi

 

 

 

 

 

 

 

      

   

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring