Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kulga aylangan millionlar: jinoyatchilar qanday san’at asarlarini yo‘q qilishgan?

Kulga aylangan millionlar: jinoyatchilar qanday san’at asarlarini yo‘q qilishgan?

Illyustrativ surat.

Foto: «Shutterstock.com»

Fransuz gazetalari italyan rassomi Jorjo de Kirikoning kartinasi muttahamlarcha o‘g‘irlab ketilganligi haqida ancha vaqtgacha bong urishdi. Surat Beze shahridagi nafis san’at muzeyidan o‘g‘irlangan. Noma’lum qaroqchi oddiy kanselyar pichoq yordamida 1926-yilda chizilgan «Avtoportretli kompozitsiya» nomli asarni qirqib olib qochgan va yashiringan. «Kartina bebaho», deydi fransuz nashri «Ouest-France» mahalliy prokuraturaga bergan bayonotida. Izlanishlar davom etmoqda, ammo muzeyda birorta videokamera bo‘lmagani sabab ish olg‘a siljimayapti.

Darhaqiqat, muzeydan o‘g‘irlab ketilgan yuzlab polotnolardan atigi bir nechtasigina topiladi. Ko‘pchiligi jinoyatchilar tarafidan yo‘q qilib tashlanadi, hatto izini ham topib bo‘lmaydi. «AiF» nashri ana shunday baxtsiz taqdirga uchragan san’at asarlarining tarixi haqida izlanishlar olib bordi.

«Raykers» orol-qamoqxonasidagi «Chormixga tortilgan Iso», 1965-yil. Salvador Dali.

Salvador Dali shaxsi hamisha diqqat markazida bo‘lgan, asarlari ham mashhur. Uning Iso surati tasvirlangan kartinasi «Raykers» nomli amerika qamoqxonasi uchun maxsus chizilgan. Bu esa shubhalarimizni tasdiqlaydi. Uning yaratilish tarixi oddiy qiziquvchanlikka borib taqaladi: 1965-yilda mashhur rassomni nyu-yorklik mahbuslar bilan uchrashuvga taklif etishadi. Ammo safar oldidan 61 yoshli Dali kutilmaganda kasal bo‘lib qolgan. O‘zini aybdor his qilgan rassom mahbuslar uchun atalgan asarini yaratishga kirishdi, shu orqali ularning oldida aybini yuvmoqchi bo‘ldi. Kartina ostiga «Raykers orolining sershovqin ahli uchun esdalikka», deb yozadi. Rassomning «Chormixga tortilgan Iso» suratini oshxonaga osib qo‘yishdi. Xavfsizlik yuzasidan uni foyega joylashtirishni esa unutishdi.

2003-yilda shov-shuvli xabar tarqaldi: Dali asari (o‘sha paytda 200 ming dollarga baholangandi) yoqib yuborilgan. Jinoyatni turmadagi qo‘riqchilarning o‘zlari tashkillashtirishgan. «Tasodifan» yuz bergan yong‘indan so‘ng Dalining asarini soxtasiga almashtirib qo‘yishdi. Bir muddatdan so‘ng qamoqxona boshqaruvchilari surat o‘ziga o‘xshamay turganini payqashdi va shovqin ko‘tarishdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu surat bir tiyinga qimmat qalbaki asar bo‘lib chiqdi.   

Qo‘riqchilar o‘z jinoyatlarini yashirishga urinishdi, oxirgi daqiqalarda esa Dalining kartinasini qasddan yoqib yuborishganini tan olishdi. Ular jazodan qutilib qolisholmadi, albatta.

Yoqilgan surat. Karavadjoning kartinasi va Sitsiliya mafiyasi

Mikelanjelo Merizi da Karavadjoning «Avliyo Lavrentiy va Avliyo Fransis bilan Rojdestvo» (1600-yil) nomli kartinasini ko‘plab san’atshunoslar mashhur «Mona Liza»dan keyingi eng yuksak san’at asari sifatida baholashadi. Atoqli barokko rassomining deyarli uch metrli shedevri 1969-yil 18-oktyabr kuni Palermodagi San Lorenso muzeyidan o‘g‘irlab ketildi. «Asr o‘g‘irligi»ni sodir etgan asosiy gumondorlar sifatida Sitsiliya mafiyasi a’zolari taxmin qilindi. Ammo keyingi izlanishlar gumonni tasdiqlamadi.

Buning siri oradan qirq yil o‘tib ochildi. 2009 yilda sobiq killer Gaspare Spatutssa politsiyaga o‘sha jinoyatga bog‘liq sirlarni ochishga qaror qildi. «Asrning eng og‘ir yo‘qotishi», deb topilgan san’at asarining taqdirini u sobiq xo‘jayini Filippo Gravianodan eshitgan ekan. Ma’lum bo‘lishicha, o‘g‘irlagan polotnoni o‘z gullagan davrlarida Pullara oilasiga saqlab turish uchun berishgan. O‘qimagan mafiozlar esa 20 million dollarlik bu noyob asarni fermada yo‘qotib qo‘yishgan. Keyinchalik esa bu sichqonga to‘la cho‘chqaxonani yoqib yuborishgan.       

Karavadjoning muxlislari hamon mafiozlarning ko‘rsatmalari noto‘g‘ri chiqishiga umid qilishmoqda. Faktlarga e’tibor bersak, kartinadan qolgan qoldiqlarni politsiya fermadan topa olmagan, shu sababdan ham «Avliyo Lavrentiy va Avliyo Fransis bilan Rojdestvo» haligacha qidirilayotgan san’at asarlari ro‘yxatida turibdi.

Lyusernlik ziyoli o‘g‘ri

Olti yil davomida Stefan Braytvayzer san’at ahlini qo‘rquvga solib kelgan: u faqat Shveysariyaning o‘zida ellikka yaqin muzeylar, galereya va cherkovlardan 84 ta buyumni o‘g‘irlashga ulgurgan. Bu fransuzning shaxsiy kolleksiyasidan 239 ta san’at asari va antikvar buyumlar topilgan. U boshqa talonchilardan farqli ravishda ziyoli qaroqchi edi: bolaligidan san’atga oshufta bo‘lgan, ayniqsa, XVI–XVII asrlarga tegishli buyumlarni sevgan.

 Qizig‘i shundaki, qaroqchi kolleksioner hecham murakkab vaziyatlarga duch kelmagan, u oshkoralik va  bezbetlik bilan ish ko‘rgan: muzeyning qoq o‘rtasida o‘ziga yoqqan buyumni bemalol ryukzagiga joylashtiradi. Ryukzakka sig‘masa, qo‘ltiqqa solib derazadan sakrab qochadi. Ertami-kechmi, u politsiya tomonidan qo‘lga olinardi. Stefan ham nihoyat, qo‘lga tushdi. Bu voqea 1997-yili bahorda, Lyuserndagi Fisher galereyasida sodir bo‘ldi.

Ammo Stefan jinoyat joyida o‘z aybiga iqror bo‘lganida, uning onasi Mirey Shtengel o‘g‘lini qamoqdan saqlab qololmagan bo‘lardi. U o‘z uyida o‘g‘irlangan san’at asarlarini barini yo‘q qildi: qimmatbaho buyumlarni sindirdi, qirqdi, yirtdi va Reyn daryosiga cho‘ktirib yubordi.

Ma’lum bo‘lishicha, bunday jasoratdan hammadan ham Stefan qayg‘urgan. U bu haqda hatto «San’at asarlari o‘g‘risining iqrorlari» nomli kitobida o‘z tajribalarini o‘rtoqlashgan va muzey qo‘riqlash tizimiga kerakli tavsiyalar bergan. Kitob muallifini qamoqdan muddatidan avval ozod etishdi, ammo u erkinlikka chiqqach zahoti eski ishini boshlab yubordi. Ammo bu safar Stefan ehtiyotkorroq bo‘ldi, shunga qaramay o‘g‘irliklar «imzo»siga qarab uni yana qo‘lga tushirishdi.

Ha, san’at asarlari hamisha bebaho durdonalar sanalgan. Xoh mafioz bo‘lsin, xoh ziyoli, inson bebaho buyumning egasi bo‘lishni orzu qiladi. Ammo qaroqchilikning oqibati, nodir buyumning chilparchin bo‘lishi o‘g‘rining turmaga tushishi bilan yakunlanadi. San’at asarlari – umum xalqniki. Undan zavqlanish uchun muzeylar va galereyalarda ko‘rgazmalar tashkil etiladi. Unga ko‘z olaytirish oqibatlarini esa ko‘rib turibsiz...

Nodirabegim Ibrohimova tarjimasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring