Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kosonsoyda «yer biznesi»ga oid yana bir firibgarlik fosh etildi

Kosonsoyda «yer biznesi»ga oid yana bir firibgarlik fosh etildi

Yer maydoni – bozorda sotiladigan matoh emas. Yaqin-yaqingacha yer maydonlari jismoniy yoki yuridik shaxsga doimiy foydalanish uchun biriktirib berilardi (muayyan yer maydonlarini ma’lum tartib asosida sotish amaliyoti joriy etilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q-da). Shunga qaramay, uncha-muncha odam bir parcha yerga «shunchaki ega chiqmasligi» hech kimga sir emas. Shu nuqtai nazardan yerli bo‘lish uchun ming-minglab dollar berib, ora-sira chuv tushayotganlarni ahmoq deb bo‘lmaydi. Jumladan, kosonsoylik A.X.ni ham.

Xullas, ishlab chiqarish maqsadida foydalanish uchun yer maydoniga ehtiyoj sezgan A.X.ga Kosonsoy tumanidagi fermer xo‘jaligi tasarrufida bo‘lgan 0,5 gektar yer taklif etildi. Hokim tomonidan emas, albatta. Shugina qup-quruq yer maydonini tadbirkorga ajratib berish va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish «xizmati» 25 ming AQSh dollariga baholandiki, A.X. bunga sirtdan rozi, ich-ichidan norozi bo‘ldi. Go‘yoki rozi ekanini «yer narxi ma’qul» deb, noroziligi esa bu haqda tegishli organga murojaat qilishi bilan bildirdi. 

Shu tariqa Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan shahar bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, unda «hojatbaror» A.T. 19600 AQSh dollari va 44 mln. so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatiga ko‘ra, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Kosonsoyda yana bir «hojatbaror» 0.50 gektar yer maydonini «yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali» rasmiylashtirib berish evaziga 20 000 AQSh dollari talab qilib, pulning ma’lum qismini olayotganda ushlangan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring