Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Konstitutsiyamizda... qonunlarga zid normalar bor!

Konstitutsiyamizda... qonunlarga zid normalar bor!

Foto:«Repost.uz»

Aslida masala teskari qo‘yilishi kerak edi. Ya’ni, ayrim qonunlarda Konstitutsiyaga zid normalar borligi haqida. Zero, Konstitutsiya qonunlarga moslanishi emas, aksincha, har qanday qonun normasi avvalo Konstitutsiya normalariga mos tarzda ishlab chiqilishi kerak. Ammo bugun mavzu, rostdan ham, sal boshqacharoq yo‘nalishda. Gap shundaki, ba’zi yangi qonun hujjatlari qabul qilinayotganida yoki qonunlarga o‘zgartishlar kiritilayotganida ularda, zamon talablaridan kelib chiqqan holda, Konstitutsiyaga mos kelmaydigan atama va normalar ham aks etib qolishi mumkin. Biroq bunday holatda ham, parallel ravishda, Konstitutsiyaga tegishli tuzatish kiritilishi ta’minlanishi shart.

Masalan, 2018-yilning 15-oktyabrida O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilingan bo‘lib, shu munosabat bilan Konstitutsiyamizga ham o‘zgartirish kiritilgan. Ya’ni, Konstitutsiyaning 105-moddasi birinchi qismidan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) bilan bir vaqtda ularning maslahatchilari ham saylanishini hamda saylanish muddatining ikki yarim yil ekanligini belgilovchi normalar chiqarib tashlangan. Ushbu holat, yuqorida qayd etganimizdek, qonunchilikdagi o‘zgartishlarning Konstitutsiyada darhol o‘z aksini topishini namoyon qiladi.

Ammo... qonunlar bilan ishlash davomida amalda hamisha ham shunday bo‘lmayotganiga guvoh bo‘lyapmiz: Konstitutsiya va qonunlar o‘rtasidagi ayrim nomuvofiqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Bunday kolliziyali normalarning mavjudligi, ayrimlarining hatto ancha uzoq vaqtdan beri saqlanib kelayotgani esa, o‘z navbatida, Konstitutsiyamizning 16-moddasidagi muhim bir qoidaning buzilishi hisoblanadi. Zero, bu moddada birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan.

Keling, e’tirozimizni aniq misollar asosida ko‘rib chiqaylik.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi O‘RQ-476-son Qonuniga asosan «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonunning 5-moddasi beshinchi xatboshisiga o‘zgartish kiritilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishlari normativ-huquqiy hujjatlar qatoridan chiqarib tashlandi. Biroq mazkur o‘zgartishlardan kelib chiqqan holda Konstitutsiyaga ham o‘zgartish kiritilishi kerakligi ko‘zda tutilmagan. Natijada Konstitutsiyamizning 94-moddasida «O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Konstitutsiyaga va qonunlarga asoslanib hamda ularni ijro etish yuzasidan respublikaning butun hududida majburiy kuchga ega bo‘lgan farmonlar, qarorlar va farmoyishlar chiqaradi» degan norma qolib ketgan. Shu yerda e’tiroz tug‘ilishi mumkin — «Qonunchilikdagi yuqorida qayd etilgan o‘zgartish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishlar chiqarish huquqini bekor qilmaydi, shunchaki, bundan keyin Prezident farmoyishlari normativ-huquqiy hujjat sanalmaydi» degan ma’noda.

Bu savolga javob topish uchun esa «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi yangi tahrirdagi Qonunning 3-moddasiga e’tibor qaratamiz: «Normativ-huquqiy hujjat ushbu Qonunga muvofiq qabul qilingan, umummajburiy davlat ko‘rsatmalari sifatida huquqiy normalarni belgilashga, o‘zgartishga yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjatdir». Demak, Konstitutsiyada qayd etilgan «respublikaning butun hududida majburiy kuchga ega bo‘lgan» hujjat ham normativ-huquqiy hujjat bo‘lib qoladi.

Shunga ko‘ra Konstitutsiya va «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonun o‘rtasida vujudga kelgan ziddiyatni bartaraf etish uchun Konstitutsiyamizning 94-moddasiga o‘zgartish kiritilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umummajburiy hujjatlari qatoridan farmoyishlarni chiqarib tashlash maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Shu o‘rinda yana bir masala ham o‘rtaga chiqishi mumkin. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishlar qabul qilish vakolatini ham bevosita Konstitutsiyada belgilash masalasi. Avvalo, Konstitutsiyada faqat umumahamiyatli masalalar qamrab olinishi nazarda tutilsa, bu ma’lumotning Asosiy Qonunda aks etishi muhim emas, deb hisoblaymiz. Qolaversa, buni Konstitutsiyada aks ettirish zarur deb hisoblangan taqdirda ham qo‘shimcha jumla kiritish yo‘li bilan hal etsa bo‘ladi. Ya’ni 94-moddaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining normativ-huquqiy hujjat sanalmaydigan, balki individual tusdagi yoki tor doiradagi davlat organlari va tashkilotlariga qaratilgan ko‘rsatmalarni o‘z ichiga oluvchi farmoyishlar qabul qilish huquqi borligini aks ettiradigan yangi jumla qo‘shish mumkin. Bu boradagi yana bir nomuvofiqlik ham «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonun bilan bog‘liq. Ya’ni, Bosh Qomusimizning 98-moddasi uchinchi qismida Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan farmoyishlar chiqarishi to‘g‘risidagi norma ham qolib ketgan.

Eng qizig‘i, Vazirlar Mahkamasi farmoyishi Prezident farmoyishi kabi normativ-huquqiy hujjatlar qatoridan yaqindagina chiqarib tashlangan emas. Aksincha, «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonun 2000 yil 14 dekabrda ilk qabul qilinganidayoq Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari normativ-huquqiy hujjat sifatida e’tirof etilmagan.

Bundan chiqadiki, Qonun qabul qilingan paytda unda Konstitutsiyaga zid keladigan qismlar borligi inobatga olinmagan va o‘z vaqtida tegishli chora ko‘rilmagan. Vaholanki, bu Qonun qabul qilinganidan keyin ham Konstitutsiyaga mazkur modda bo‘yicha uch marotaba (2003-yil 24-apreldagi 470-II-sonli, 2011-yil 18-apreldagi O‘RQ-284-sonli va 2014-yil 16-apreldagi O‘RQ-366-sonli O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga asosan) qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilgan bo‘lsa-da, 98-moddadagi bu nomuvofiqlik hozirgacha saqlanib kelmoqda.

Keyingi misolimiz 2018-yil 5-aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi Qonuni bilan bog‘liq. Ushbu hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati Davlat xavfsizlik xizmati etib qayta tashkil etildi. Shunga asosan ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartishlar kiritilib, jumladan, ularda tashkilot yangi nomda aks ettirildi. Lekin eng muhim hujjat — Asosiy Qonunimiz e’tibordan chetda qolib ketgan.

Tegishli Qonun qabul qilinganiga sakkiz oydan oshiq vaqt o‘tganiga qaramasdan, Bosh qomusimizda «Milliy xavfsizlik xizmati» so‘zlari hamon saqlanib turibdi. Xususan, 80-moddaning 7-bandida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati raisini tayinlash va uni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash borasida mutlaq vakolatga ega ekanligi, 93-moddaning 24-bandida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Milliy xavfsizlik xizmati raisini tayinlash va lavozimidan ozod etish, keyinchalik shu masalalarga doir farmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tasdig‘iga kiritish vakolatiga ega ekanligi belgilangan.

Albatta, Konstitutsiyaga tez-tez o‘zgartish kiritilishi uning nufuziga ijobiy ta’sir qilmasligini yaxshi bilamiz. Ammo bu boshqa masala. Zero, qonun hujjatlari va Konstitutsiya normalari o‘rtasida bir-biriga zid keluvchi normalarning bo‘lmasligiga erishish huquqiy demokratik davlat uchun Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlash bilan bog‘liq masala sanaladi. Demak, Konstitutsiya va boshqa qonun hujjatlari normalari o‘rtasidagi yuqorida qayd etganimiz kabi nomuvofiqliklarni zudlik bilan bartaraf etish hamda kelgusida yangi qonun normalari qabul qilinayotgan paytda ularning Konstitutsiya normalariga mosligini albatta tekshirib ko‘rish tizimini qat’iy yo‘lga qo‘yish milliy qonunchiligimizning bugungi kundagi eng muhim vazifalaridan biridir.

    Abbos Salaydinov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
magistratura talabasi

Manba: «Advokatnews»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring