Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Katta sakrash. Vladimir Zelenskiyning nafaqat kinoda, hayotda ham prezident bo‘lish orzusi ushaladimi?

Katta sakrash. Vladimir Zelenskiyning nafaqat kinoda, hayotda ham prezident bo‘lish orzusi ushaladimi?

Foto: «politeka.net»

Yana ikki kundan so‘ng, ya’ni 31-martda Ukrainada prezidentlik saylovlarining birinchi turi bo‘lib o‘tadi. Saylov byulletenlarida 31 nomzod nomi ko‘rsatilgan. Ammo ayni vaqtga kelib, ijtimoiy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, nomzodlarning besh nafari reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha boshqalardan ancha peshqadamlik qilmoqda.

Shunday qilib, nafaqat Ukraina, balki jahon siyosati maydonida mashhur bo‘lgan va yetarlicha moliyaviy imkoniyatlar va saylovlarda yaxshigina tajribaga ega bo‘lgan mamlakatning amaldagi prezidenti Pyotr Poroshenko, Oliy rada deputati Yuliya Timoshenko, Oliy radaning yana bir deputati Yuriy Boyko hamda «Fuqarolik pozitsiyasi» partiyasi rahbari Anatoliy Gritsenkoni ulardan ancha yosh va bu kabi saylovlarda tajribasiz, qolaversa, siyosatdan ko‘ra shou-biznesga yaqin bir nomzod – 41 yoshli komik aktyor Vladimir Zelenskiy ortda qoldirmoqda. U shu paytgacha 32,1 foiz ovoz bilan yetakchilik qilib turibdi. «Eski siyosatchilar» haqida ozmi-ko‘pmi xabardorligimizni inobatga olgan holda, bugun asosan ukrainalik yoshlarning qo‘llab-quvvatloviga erishib kelayotgan Vladimir Zelenskiyning saylovoldi dasturi, raqiblaridan ustunliklari va kamchiliklari, shuningdek, eng muhim jihat hisoblangan Rossiyaga nisbatan munosabati haqida internet materiallari asosida imkon qadar ma’lumot berishga harakat qilamiz.

Foto: «politeka.net»

Tarjimai hol. Vladimir Zelenskiy 1978-yilning 25-yanvarida Krivoy Rogda dunyoga kelgan. yuridik ma’lumotga ega, lekin o‘z sohasida bir kun ham ishlamagan. Ijodiy faoliyatini KVNda boshlagan Zelenskiy teleko‘rsatuv rahbari Aleksandr Maslyakov bilan murosa qila olmay, o‘zining «Kvartal 95» nomli studiyasiga asos solgan. Studiya asosida turli hajviy shoular, komedik film va seriallar yaratgan. Shulardan biri bo‘lmish «Sluga naroda» («Xalq xizmatkori») teleserialida Zelenskiy Ukraina prezidentiga aylangan oddiy o‘qituvchi obrazini ijro etgan.

Saylovoldi dasturi. Faqat bir muddat prezident bo‘lishini ta’kidlaydi. Qabul qilmoqchi bo‘lgan ilk qonuni – «Xalq hokimiyati to‘g‘risida». Bu qonun xalqning referendumlar orqali hukumat oldiga vazifalar belgilab berishiga imkon yaratadi. Har bir ishbilarmon o‘z daromadining besh foizini qonuniylashtirish huquqiga ega bo‘ladi. Har bir bola davlat tomonidan o‘zlashtirilayotgan tabiiy zaxiralardan o‘z hisobiga daromad yig‘ib bora oladi. Imtiyozlar va subsidiyalar monetizatsiya qilinadi. Ukraina ekologik toza mahsulotlar sotadigan jahon bozoriga aylanadi.

Siyosatga qadam. Zelenskiy 2013-yili «Yevromaydon»ni qo‘llab-quvvatlab, ishtirokchilar oldida nutq so‘zlagan. Ukraina sharqidagi mojarolar boshlangandan buyon mamlakat armiyasi harakatlariga xayrixohlik bildirib, bir necha bor Donbassdagi harbiy harakatlarda ishtirok etayotgan harbiylar uchun konsertlar bergan. Shuningdek, «95-kvartal»dagi boshqa ishtirokchilar bilan birga Ukraina armiyasi ehtiyojlariga bir million grivna hadya qilgan.

U Donbass masalasini urushsiz, Moskva va shaxsan Putin bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish yo‘li bilan hal etishni taklif qiladi. «Minsk kelishuvi ishlamayapti. To‘g‘rimi? To‘g‘ri. U yerga urushga boraylikmi? Shaxsan men bunga qarshiman: ehtimol men «Kvartal»da juda qattiqqo‘l rahbardirman, lekin bu yerda gap insoniyat hayoti haqida ketyapti. Va men insonlar hayotini birinchi o‘ringa qo‘yaman: odamlarni asrash – bizning asosiy maqsadimiz. Shu bois «biz armiya bilan boramiz» shaklidagi har qanday variantni darhol rad etaman,» – deya o‘zining tinchlikparvarlik siyosatini ma’lum qilgan edi intervyularidan birida u.

Rossiya haqida. «Men u yerga tomosha qo‘ygani bora olmayman, bundan o‘zimni shunchaki yomon his qilaman». Shu fikrining o‘zi Zelenskiyning Rossiya haqidagi qarashlarini yaqqol ifodalaydi. Ammo aktyor Rossiya bilan kelishmovchiliklarni ikki tomonlama muzokaralar yo‘li orqali hal etish mumkin deb hisoblaydi. Unga ko‘ra, Moskva nima xohlayotganini anglash va unga nisbatan javoblarni umumxalq referendumida tasdiqlatgan holda harakat qilish kerak, deb hisoblaydi.

Yutuqlari. Avvalo, Vladimir Zelenskiy Ukraina siyosiy maydonida «nomiga dog‘ tushmagan, yangi» imij sifatida namoyon bo‘ldi. Aynan shu jihat korrupsiya va va’dalardan charchagan xalq uchun umid uchquni bo‘lib turibdi. Ikkinchidan, saylovchilar uni «Sluga naroda» serialining korrupsiyaga botgan amaldorlar bilan murosa qilmaydigan halol qahramoni sifatida biladi. Uchinchidan, o‘z targ‘ibot ishlarini butun Ukraina bo‘ylab konsertlar ko‘rinishida o‘tkaza oladi. Odamlarning turli shoularga o‘chligini inobatga olsak, bu unga kutilgan samarani bermoqda.

Kamchiliklari. Siyosiy yoki ijtimoiy faoliyatda tajribasi yo‘qligi – uning asosiy kamchiligi sifatida ko‘rilyapti. Bundan tashqari, ko‘plab siyosatchilar uni ziddiyatli shaxs bo‘lmish oligarx Igor Kolomoyskiy bilan yaqin aloqada ekani haqida gapirishmoqda. «Zelenskiyning o‘z siyosiy qarashlari yo‘q va osonlikcha fitna qurboni bo‘lishi mumkin. Siyosiy tajriba bunday odamlar xavfli bo‘lishini ta’kidlaydi. Chunki ular barqaror mafkuraviy munosabatga ega emaslar va tajribali intriganlar qo‘lida o‘yinchoq bo‘lib qolishlari mumkin», – deydi siyosatshunos Mixail Pogrebinskiy.

Shuningdek, Rossiyada biznesi mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham uning imijiga soya solishi mumkin.

Foto: «viva.ua»

Shaxsiy hayoti. Oilali. Zelenskiy parallel sinfdan o‘qigan Yelena Kiyashkoga uylangan. Ularning ikki nafar farzandi – Aleksandra (2004-y.) va Kirill (2013-y.) bor.

Xullas, «Birgalikda amalga oshi-ramiz!» shiori ostida Ukraina prezidentligiga da’vogarlik qilayotgan Vladimir Zelenskiyning niyatlari ezgu. Boshqa nomzodlar ham o‘z qarashlaridan kelib chiqqan holda Ukrainaga katta va’dalar bermoqda. Biz esa mamlakat boshqaruvi kelajakda kimga nasib qilishidan qat’i nazar, Ukrainani nizolardan xoli demokratik davlatga aylantirishini istab qolamiz. Va bu borada ukrain xalqiga faqat va faqat to‘g‘ri tanlov va donishmandlik tilaymiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring