Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Kamalak yulduzlari» bolalar ijodiyoti festivalining Jizzax viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi

«Kamalak yulduzlari» bolalar ijodiyoti festivalining Jizzax viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi

Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti tashabbusi bilan tashkil etib kelinayotgan “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivali mamlakat miqyosida yangi iste’dodlarni kashf etib, ular iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qilib kelmoqda. San’at va adabiyotning barcha yo‘nalishilarini o‘zida qamrab olgan festivalning dastlabki ishtirokchilari bugun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti hamda “Nihol” mukofoti sovrindori bo‘ldi.

19 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan festivalning Jizzax viloyat bosqichida ham yosh iste’dod egalari o‘z imkoniyat va mahoratini namoyon etdi.

— Viloyatda 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 171 ming 563 nafarni tashkil etadi, shundan 171 ming 377 nafari “Kamalak” bolalar tashkilotiga a’zo bo‘lgan, — deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari, viloyat “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi Shohida Damanova. — Tashkilot iqtidorli bolalarni aniqlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dod va mahoratlarini namoyon qilishlari uchun imkoniyat yaratish, yosh avlodning ma’naviy olamini boyitish borasida turli loyihalarni o‘tkazib kelmoqda. Bolajonlarning yil davomida intiqib kutgan loyihasi “Kamalak” yulduzlari festivali bolalarning san’at va go‘zallikka intilishini kuchaytirish, milliy san’at an’analari va yo‘nalishlarini saqlab qolish, rivojlantirish va davom ettirishga xizmat qilmoqda.

Festival klassika, vokal, xalq cholg‘ulari, raqs, tasviriy va amaliy san’at, nasr va nazm yo‘nalishlarida o‘tkazildi. Ishtirokchilar uchta yosh toifasida, ya’ni 6-8, 9-11 hamda 12-14 yosh toifasida baholandi.

— Festivalning F yo‘nalishi yo‘nalishida ishtirok etib, g‘olib bo‘ldim, — deydi Jizzax shahridagi 11-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Feruza Sanaqulova. — Olti yoshimdan buyon she’r yozishni mashq qilaman. Shahar va viloyat miqyosidagi ko‘plab tanlovlarda ishtirok etib, g‘olib bo‘lganman. “Kamalak” yulduzlari” festivalini esa har yili orziqib kutib, ishtirok etaman. Chunki bu tanlovda imkoniyatlarimiz haqiqiy bahosini topadi: shu yerning o‘zida she’r yoki hikoya yozib, hakamlar hay’atiga topshiriladi. Bu yilgi tanlovda ham alohida mavzu berilib, shu mavzuda ijodiy ishlarimiz saralandi. “Vatan” mavzusida yozgan she’rim munosib baholanib, g‘oliblikni qo‘lga kiritganimdan xursandman.

Mirzacho‘l tumanining “Yulduzchalar” folklor dastasi festivalning D — raqs yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Dasta 17 nafar ishtirokchini birlashtirgan bo‘lib, 2 yildan beri faoliyat olib boradi.

— Folklor dastamiz ishtirokchilari tumandagi “Yangidala” qishlog‘ining iste’dodli qizlaridan tashkil topgan, — deydi dastaning badiiy rahbari Hamida Safarova. — O‘tgan yili ham “Kamalak yulduzlari” festivalida g‘olib bo‘lgan edi, bu yil ham “Surxoncha” raqs bilan ishtirok etib, birinchi o‘rinni egalladik. Dastamiz tumandagi barcha tadbirlarda ishtirok etadi. Qishlog‘imizdagi yangi bunyod etilgan madaniyat markazida doimiy konsert dasturlarini namoyish qilib kelmoqda.

Ma’lumot uchun, “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivalining tuman-shahar bosqichlarida 4000 nafarga yaqin o‘quvchi qatnashish istagini bildirib, ularning 315 nafari festivalning viloyat bosqichida ishtirok etdi. 6 yo‘nalishda 24 nafar eng iste’dodli o‘g‘il-qizlar O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat Kengashi hamda viloyat “Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan rag‘batlantirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring