Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jahongir Mirzaaliyev: Ijtimoiy tarmoq — ijodkor uchun katta maydon (video)

Badiiy hushtak ustasi, karikaturachi, portretchi rassom va shoir Jahongir Mirzaaliyev Toshkent viloyatining Qibray tumanida tug‘ilgan.

«Onam mening rassom bo‘lishimni istagani uchun Teatr va rassomchilik institutida o‘qishimni istagan. Ammo men harbiy bo‘lish maqsadida aytmasdan Kiyevga ketib qolganman. Kiyevdan 34 kilometr uzoqlikdagi Aviatsiya texniklari harbiy bilim yurtiga o‘qishga kirganman. O‘qishni tugatgach, yadro poligoni yonidagi aerodromda ishlay boshlaganman», — dedi qahramonimiz.

Xo‘sh, nega harbiy bo‘lish uchun uyidan qochib ketishga jur’at qilgan Jahongir Mirzaaliyev harbiylikdan ketdi? Va nima uchun hech qanday diplomi bo‘lmasa-da, taniqli nashrlarda karikaturalar chizdi, she’riy kitoblar chiqardi, badiiy hushtak san’atini ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ib qilmoqda.

Jahongir akaning san’atga qaytishi va bir necha san’at turini birvarakayiga olib borishdan maqsadi onasining orzularini ro‘yobga chiqarish edimi?  

Muvashshahda ko‘kka tik o‘sar,

Ustun bo‘lgan so‘zga, she’r asir!

Harflab terar shoiring o‘jar,

Alifbodan qurguncha qasr!

Baxting tiniq ko‘zguga o‘xshar

Boqmoq bo‘lgan ko‘zlardan yashir

Armonlarga to‘la qalb bo‘shar,

To‘plamlari etilgach nashr!

E’tibor bergan bo‘lsangiz qahramonimiz muvashshah janrida she’r bitgan.

Ensiklopediyada muvashshah she’r janriga shunday ta’rif beriladi (arab. — bezatilgan, ziynat berilgan), akrostix — Sharq xalqlari (arab, fors, eski o‘zbek) mumtoz she’riyatida badiiy-ifodaviy usullardan biri. «Tavshih» (arab. — «bog‘lamoq») deb ham yuritilgan. Muvashshah asosan qasida janrida ishlatilib, unda she’rning har bir bayti yoki misrasining birinchi harflaridan biror so‘z yoki jumla (ko‘pincha she’r bag‘ishlangan shaxsning nomi) hosil bo‘ladi. Muvashshahdan oyat, qadis va hikmatli so‘zlarni she’r tarkibiga joylash maqsadida ham foydalanilgan. O‘zbek adabiyoti tarixida she’rning bosh qismida kishi ismi berilgan muvashshahlar keng tarqalgan. Muqimiy, Furqat kabi shoirlar ko‘plab muvashshahlar yozishgan.

Ushbu videolavha orqali siz «Xabar.uz» mehmoni chizgan ajoyib karikaturalar, portretlar, she’rlar va hushtak orqali chalingan kuylardan bahramand bo‘lasiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring