Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Is gazi bilan bog‘liq fojialarga nima sabab bo‘lmoqda?

Is gazi bilan bog‘liq fojialarga nima sabab bo‘lmoqda?

Shu kunlarda Toshkent shahrining Chilonzor tumanida bir oilaning 4 nafar farzandi is gazidan zaharlanib voqea joyida vafot etgani haqidagi xabar yuraklarimizni larzaga keltirdi. Bunday fojiani hech kimning boshiga solmasin. Baxtsiz hodisa ijtimoiy tarmoqlarda, internet saytlarida jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda, keyingi paytlarda bunday voqealar ko‘paygani, bu holatlarga hukumat yetarli darajada e’tibor qaratmayotgani haqida gapirilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shu yilning o‘tgan 10 oyida gaz asbob-uskunalaridan noto‘g‘ri foydalanish hamda chaqnash va yong‘in natijasida gaz-havo aralashmasi bilan bog‘liq 21 ta holatda 51 kishi jarohatlangan va 15 kishi vafot etgan. Maishiy gaz ballonlar bilan bog‘liq 10 ta holatda 10 kishi jabrlangan, 7 kishi vafot etgan. Is gazi bilan bog‘liq 32 holatda 53 nafar odam jarohatlangan, 35 kishi vafot etgan. Bu borada eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida bo‘lib, iz gazidan 11 kishi vafot etgan.

Bu qancha oilaning boshiga kutilmagan tashvish, musibat olib kelganini tasavvur qilish qiyin.

Xo‘sh bularga nimalar sabab bo‘lmoqda?

O‘rganishlar, tahlillar ko‘rsatmoqdaki, bunga asosan fuqarolarning qo‘lbola isitish pechlari, gaz chiqib ketishi mumkin bo‘lgan nosoz yoki rezina shilangli gaz uskunalaridan sovuqqonlik bilan foydalanishi sabab bo‘lmoqda.

Ba’zi bir xonadon egalari gaz xo‘jaligi korxonalari xodimlarini xonadonlariga kiritmaslik holatlari uchramoqda. Natijada foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan gaz jo‘mraklari va uskunalaridan gaz sizib chiqishi kuzatilmoqda va eng ayanchlisi bu og‘ir oqibatlarga olib kelmoqda. Oxiri o‘lim bilan tugamoqda, katta-katta miqdorda moddiy zarar yetkazilmoqda.

Aholi xonadonlarida nostandart suv isitish qozonlari, sertifikati bo‘lmagan isitish pechlari o‘rnatib, ulardan yasama dudburonlar orqali foydalanishi, gaz plitalari duxovkasini xonalarni isitish maqsadida yoqib qo‘yishi, gaz asboblarini gaz tarmoqlariga rezina shlanglar orqali ulab olishi natijasida gazdan bo‘g‘ilish, zaharlanish, yong‘in va portlash kabi baxtsiz hodisalar soni ko‘payib bormoqda.

Ularning oldini olish, aholi xonadonlarini xavfsiz isitish, maishiy ehtiyojlar uchun tabiiy va suyultirilgan gazdan foydalanish qoidalarini aholiga keng miqyosda tushuntirish va targ‘ibot ishlarini olib borish maqsadida joriy yilning 1 noyabrida Vazirlar Mahkamasining “Aholi xonadonlarida isitish tizimi va yoqilg‘i mahsulotlaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan aholi xonadonlarida isitish tizimi va yoqilg‘i mahsulotlaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya etilishini o‘rganish va baxtsiz hodisalarning oldini olishga doir takliflar tayyorlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tashkil etildi. Aholi turar joylaridagi isitish qozonlari va pechlaridan xavfsiz foydalanish qoidalariga rioya etilishi holatini tizimli o‘rganish hamda mavjud muammo va nosozliklarning bartaraf etilishini ta’minlash bo‘yicha hududiy komissiyalar tashkil etildi.

“O‘ztransgaz” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, “O‘zdavneftgazinspeksiya” davlat inspeksiyasiga Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda aholi xonadonlarining ichki gaz tarmoqlari hamda gazda ishlovchi qurilma va uskunalarning texnik taftishdan o‘tkazilishini va ularga profilaktika xizmati ko‘rsatilishini ta’minlash vazifalari topshirildi.

Endi ko‘p kvartirali uylarda gaz plitalari (boshqa gaz priborlari mavjud bo‘lmaganda) ikki yilda bir marta, turar joylardagi gaz plitalari, isitish, suv isitish priborlari bir yilda bir marta texnik taftishdan o‘tkaziladi, har yili isitish mavsumidan oldin ularga profilaktik xizmatlar ko‘rsatiladi. Turar joylardagi dudburonlar va ventilyasiya kanallari har yili isitish mavsumidan oldin tekshirilib, ularning sozligi tegishli dalolatnomalar bilan qayd etiladi.

E’tibor berilsa, tabiiy gaz, is gazi bilan zaharlanish aksariyat holatlarda nosoz yoki standart talablariga javob bermaydigan  uskunalardan foydalanish oqibatida kelib chiqmoqda. Shu sababli qarorda davlat soliq qo‘mitasiga qo‘lbola yasalgan nostandart isitish moslamalarini ishlab chiqarish hamda ularning bozorlar va turli savdo shoxobchalarida sotilishining oldini olish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish vazifasi topshirildi.

Hukumat tomonidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilyapti. Mayli qaysidir idora vakillar o‘z vazifasini vijdonan bajarayotgandir, kimlardir o‘z mas’uliyatini his qilmayotgandir. Ammo o‘zimizchi, o‘zimiz o‘z xavfsizligimizni ta’minlash, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan turli baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun tegishli zarur choralarni ko‘ryapmizmi? Ayrim uylarga mehmon bo‘lib borganda gazning hidini sezasan. Xonadon egasi oylab gaz plitani ta’mirlatib qo‘yishga hafsala qilmaydi. Xudo ko‘rsatmasin bir kasofat bo‘lsa buning uchun javobgarlikni kim zimmasiga oladi?

Oddiy hayotiy haqiqat shuki, hukumat va tegishli idoralar tomonidan aholi xavfsizligi hamda tinchligini ta’minlash uchun har qancha harakat qilinmasin, fuqarolarning o‘zi bu borada tegishli tushunchalarga ega bo‘lmasa va xavfsizlik chora-tadbirlariga yaqindan yordam bermasa bunday mudhish hodisalarning oldini olish oson bo‘lmaydi.

Gulnoza Boboyeva

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring