Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? (2-maqola)

Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? (2-maqola)

Foto: «EADaily»


Mavzuga oid: Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? (1-maqola)


Xalqning puli qani?

Mamlakat boyliklarini ayovsiz talon-toroj qilish, shubhali xorijiy kontraktlar tuzish ishiga bosh-qosh bo‘lish orqali behisob boylik orttirdi. O‘zbekistonda biznes olib borgan yuzlab xorijiy kompaniyalar tomonidan bajarilgan ishlar uchun haq to‘lovini asossiz ravishda bajarmadi va mamlakatimizning xalqaro arbitrajlarga tushishiga sabab bo‘ldi.

Boz ustiga yetishib chiqayotgan ko‘plab mahalliy yirik tadbirkorlarni o‘ljaga aylantirib, ularning «shoxini» sindirishni kasbga aylantirdi.

...Uning xorijda sotib olgan ko‘chmas mulklari ro‘yxati va davlatlar jo‘g‘rofiyasi shu qadar kengki, insonning aqlini shoshiradi. Londondan tortib Dubaygacha, Gongkongdan AQShgacha cho‘zilgan bu mulklar keyinchalik uning qudratini fosh qilishda muhim fakt bo‘lib xizmat qildi.

Foto: «Paparatssi»

Albatta, bu harakatlarning barchasi garchi otasi mamlakat prezidenti bo‘lib turgan bo‘lsa ham dunyo hamjamiyatining e’tiborini tortmasdan qolmas edi. Birin-ketin Shvetsiya, Shveysariya, Gollandiya, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSh kabi davlatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarida turli ayblar bo‘yicha tergov ishlarida uning nomi aylana boshladi.

Bu qilmishlari O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini tushira boshladi. Jinoyatlarning adog‘i, yutib yuborilgan pullarning bosh-keti ko‘rinmasdi. Butun mamlakatni uzoq yillar tinch idora qilayotgan Islom Karimov uchun bitta quloqsiz qizini yo‘lga solish qiyin vazifaga aylanib qoldi.

Unga qarshi tergov harakatlari boshlanayotgan bir paytda o‘zini himoya qilish uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali katta qilgan otasi, onasi va jigari bo‘lmish singlisiga qarshi so‘zlar ayta boshladi. Mamlakatda qudratli arbob bo‘lgan MXX raisi Rustam Inoyatovni uquvsizlikda va hokimiyatni egallab olganlikda ochiq ayblab chiqdi.

Gap bir necha milliardlab dollar haqida borar ekan, albatta ular qaysi manbalardan olingani, qanday topilgani juda shubhali va jinoyat izlari yaqqol ko‘rinib turibdi.

Albatta, Birinchi prezident qizini qanchalik qiyin bo‘lmasin, ortiq ochiqda tuta olmas edi.

Nihoyat, chorasiz qizini sud hukmiga topshirishga majbur bo‘ldi. Biroq sud chog‘ida u o‘margan milliardlab dollar mablag‘larning taqdiriga aniqlik kiritilmadi, ularni davlat xazinasiga qaytarish bo‘yicha sud hukmida band bormidi-yo‘qmidi, buni ham hech kim bilmaydi.

Nega jinoyat sudi hukmi ochiq e’lon qilinmadi? Hukm adolatlimidi? Ko‘p savollar ochiq qolib ketdi. Ammo jinoyatchining otasi eng oliy hokimiyatda turgan paytda qaysi sudya «yo‘riqnomasiz» hukm chiqara olar edi, deb o‘ylaysiz. Xullas, hukmron oila uchun uy qamog‘i — eng ma’qul variant edi. Bu orqali Gulnorani tashqi xavfdan yaxshigina himoya qilish ham mumkin edi. Shu sababli milliy qonunchiligimizga o‘zgartirish kiritildi: uy qamog‘i instituti paydo bo‘ldi.

Foto: «UzNews.uz»

Ammo elning peshona teri va qadoq qo‘llarining mehnati evaziga kelgan bu mablag‘lar, albatta, xalq budjetiga qaytarilishi eng adolatli qaror bo‘lar edi. Bu pullarga qancha uylar, yo‘llar, ko‘priklar, maktablar qurilishi mumkin edi.

Bu pullar qaytarilishi adolatdan bo‘lishi haqidagi fikrlar faqat Shavkat Mirziyoyev  prezident etib saylanganidan keyingina ko‘tarildi.

Farqlar va foydalar....

Agar Gulnora haqiqatan ham prezident bo‘lib qolsa nima yuz berar edi?

Avvalo Gulnora o‘zini qamatgani uchun otasini hech qachon kechira olmas edi. U hokimiyatga kelgan kuniyoq birinchi navbatda otasiga qarshi harakat boshlash ehtimoli ham yo‘q emasdi. Tabiiyki, uning hokimiyat tepasiga chiqishi oilaviy nizolar bilan boshlanar edi.

Shavkat Mirziyoyev o‘ziga ustoz deb bilgan inson haqida hokimiyatga kelganiga mana, 2,5 yil to‘lganiga qaramay, biror marotaba haqoratli yoki kamsituvchi so‘zni ishlatmadi. Qolaversa, u o‘tganlarni yomonotliqqa chiqarish orqali soxta obro‘ orttirish yo‘lini inkor qilmoqda.

U o‘z o‘tmishdoshlari haqida biror yomon gap gapirmaslik haqida Sharof Rashidov aytib ketgan tamoyilga qat’iy amal qilishini aytib o‘tdi.

Biz Shavkat Mirziyoyevning faoliyatida Birinchi prezident Islom Karimovga nisbatan g‘araz yoki kekni ko‘rmadik. Aksincha, har doim uni e’zozlab va ulug‘lab kelmokda, ruhi oldida chuqur hurmat va ehtiromini ochiq ko‘rsatmoqda. Mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi sifatida nomini abadiylashtirdi. Buni qo‘shimcha siyosiy dividendlar orttirish yo‘lida qilmoqda, deb baholash noto‘g‘ri bo‘lar edi. Undagi chin oddiylik, olijanob fazilatlar, ulug‘larga bo‘lgan hurmat bugungi kunda quyi rahbarlarga ham ko‘chib o‘tib, davlatning xalq tomon kuchli harakatiga aylanib ketdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘sha davrning eng qaynoq siyosiy nuqtasida yashagan arbob sifatida o‘zbekning barcha muammolarini ham, ularning yechish mexanizmlarini ham juda yaxshi biladi. Eng quyi qatlamlargacha kirib borib, fuqarolar qanday hayot kechirayotganini ich-ichidan his qilib yashaydi.

Prezident marhum Islom Karimov hurmati uchun Gulnoraning barcha gunohlaridan kechib yuborish va ozodlikka chiqarish haqida ham o‘ylamagan, deb bo‘lmaydi. Unga imkon ham berildi. Lekin u nopok qo‘llari bilan orttirgan boylikni o‘z egasiga — xalqqa qaytarishni istamadi.

Jinoyatchini qonuniy jazodan ozod qilib yuborishga Shavkat Mirziyoyevning korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi qat’iy prinsiplari, albatta, yo‘l qo‘ymaydi, deb o‘ylashga barcha asoslar bor.

Bolalar nega jig‘ibiyron?

Oxirgi kunlarda Gulnora Karimovaning xorijda, aniqrog‘i Londonda yashayotgan o‘g‘li Islom va qizi Imon anchayin bezovtalik bilan amaldagi rahbariyat nomiga xalqaro maydonda loy chaplashga berilib ketdi. Bu puxta o‘ylangan kampaniyaga o‘xshaydi.

Qolaversa, Islom hech qanday ehtiyoj bo‘lmasa-da, Britaniyadan shov-shovli tarzda siyosiy boshpana so‘rab, murojaat qilishgacha yetib bordi. Hech kim uni O‘zbekistonda ta’qib qilayotgani yoki qidiruvga bergani ham yo‘q edi.

Imon esa o‘tgan yili 29-sentyabrda Londonga uchib ketish chog‘ida Toshkent aeroportida xavfsizlik xizmati xodimlari uning shaxsiy kompyuterini tekshirishga qaror qilgani to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqda bahsli fikrlarni yozib, mustaqil xalqaro tergov o‘tkazish lozimligi haqida jamoatchilik e’tiborini tortishga urinib ko‘rdi.

Endi ularning uch-to‘rtta asossiz, lekin tagida o‘zining chuqur moddiy-moliyaviy manfaatlari yotgan gap-so‘zlariga odamlar chalg‘ib ketadi, deyish ham xato bo‘lar edi.

Odamlar hamma narsani bilib va ko‘rib turibdi, oqni qoradan ajrata oladi. Biroq ularning ishlari zamirida respublikamizda jinoiy huquq, qamoqdagi shaxslar bilan munosabat bo‘yicha olib borilayotgan tizimli islohotlarni obro‘sizlantirish, xalqaro jamoatchilikni real vaziyatdan chalg‘itishga urinishni kuzatish mumkin.

Foto: «Gazeta.uz»

Islom ular chetda yurganida onasiga biror kor-hol bo‘lishi mumkinligidan chuqur tashvishda ekanligini, hukumatda uni yo‘q qilish rejasi borligi, bobosini oxirgi yo‘lga kuzatishga onasini ataylab qo‘yishmagani haqida tinmay so‘zlaydi.

«Islomboy, sen onang muvaffaqiyatsizliklarida hozirgi hokimiyatni ayblama. Hatto bobongu buving davlat tepasida turganida ham onangni himoya qilmaganini unutma. Sen hali yoshsan-g‘o‘rsan, beling og‘rib bir tiyin topmagansan, ketmon nima, hatto paxtaning rangi qandayligini bilmasang ham kerak. Rossiyaga borib ishlayotgan yigitlarning dardiyu iztiroblari senga begona. Shu sababli onangning manfaatlarini himoya qilishingni to‘g‘ri tushunamiz, albatta. Ammo bu intilishlaring O‘zbekiston manfaatlariga qarshi o‘laroq bo‘lmasligi kerak. Qolaversa, xolang Lola Karimovaning 2001-yildan buyon onang bilan sovuq munosabatlari, jigarlarning bir-biri bilan muloqot qilmasligi haqida dunyoga jar solishga andisha qil. Ertaga singling bilan ham onang yashirgan boyliklarni bo‘lishda  janjal kelib chiqib, yuz ko‘rmas bo‘lib yurmagin», degimiz keladi. O‘marilgan va aniqlangan pullar miqdori 2 milliard dollardan kam emas deyiladi.

Qizi Imon 2015-yil avgustda uy oshxonasida bir necha soat bo‘lgan sudni xotirlab yozgan edi. Hozir onasining sog‘lig‘i bilan bog‘liq jiddiy muammolari borligini va ikkita operatsiya o‘tkazish kerakligini, ammo uni shifokorlarga ko‘rsatishga ruxsat berilmayotgani haqida jar solmoqda.

Inkor etib bo‘lmas asos shuki, mahkuma jazoni o‘tash shartiyu tartiblarini buzdi. Yashash joyidan o‘zboshimchalik bilan chiqib ketdi, internet va mobil vositalardan foydalandi. Yetkazilgan zararni to‘lash haqida butunlay unutdi.

Probatsiya xizmati taqdimnomasiga ko‘ra, qonuniy chora qo‘llanildi. Jazoning qolgan qismini, 2019-yil martdan boshlab, umumiy tartibli koloniyada o‘tamoqda. Hozirda ayrim xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning bo‘layotgan voqealarga siyosiy tus berishga va vaziyatda g‘arazli maqsadlari yo‘lida foydalanib qolishga urinishi samarasiz ishdir.

Aslida ayrimlar bilib-bilmay iddao qilayotganidan ters ravishda Gulnora Karimovaga 2017-yilda emas, balki 2015-yildayoq hukm o‘qilgan va 5 yilga uy qamog‘iga mahkum etilgan edi. U 2013-yildan, ya’ni tergov harakatlari boshlangan davrdan uy qamog‘ida saqlanib kelgan...

Davomi bor.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring