Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eng arzon «Galaxy M» smartfoni 6 dyuymlik ekran va 3400 mA/s akkumulyatorga ega bo‘ladi

Eng arzon «Galaxy M» smartfoni 6 dyuymlik ekran va 3400 mA/s akkumulyatorga ega bo‘ladi

Foto: The Hans India

«Samsung» kompaniyasi yangi turkumda hamyonbop smartfonlar tayyorlamoqda. Ularning ichida eng arzoni Galaxy M10 (SM-M105) modelidir, deb xabar berdi «Terabayt».

Ushbu qurilma haqidagi yangi tafsilotlar AQShning Aloqa federal komissiyasi (FCC) ma’lumotlar bazasida aks etdi. Unga ko‘ra, «Galaxy M10» smartfoni korpusining uzunligi 155,7, eni esa – 75,8 millimetrni tashkil etadi. Ekranining o‘lchami diagonaliga 153,2 millimetr ekanligi qayd etilgan, bu esa 6,02 dyuymga teng.

Gadjetning akkumulyatori 3400 mA/soatlik tok sig‘imiga ega EB-BA750ABN batareyasi ekanligi ko‘rsatilgan. Aytish kerakki, «Galaxy A8s» modelida ham ayni shunday «quvvat toshi» qo‘llangan.

«Galaxy M10» arzon smartfoni Exynos 7870 protsessoriga, 3 GB tezkor va 16-32 GB ichki xotiraga ega ekanligini ham FCC fosh etgan. Shuningdek, bu devaysda Wi-Fi va Bluetooth 4.2 adapterlari mavjud bo‘lib, u «Android 8.1 Oreo» operatsion tizim talqini boshqaruvi ostida ishlaydi.

Hamyonbop model bo‘lganligi uchun unda qo‘shaloq kamera bo‘lmasligi tabiiy. Uning asosiy kamerasi 13, old kamerasi esa 5 megapiksellik datchikka ega. Barmoq izi skaneri odatdagidek – orqa panelning o‘rtasida joylashishi kutilmoqda, biroq bu sensorning «Galaxy M10» modelida mavjudligi hali rasman tasdiqlanmmagan.

Mish-mishlarga qaraganda, Galaxy M10 smartfoni «Samsung»ning Hindistondagi zavodida tayyorlanadi. Mazkur qurilmaning rasmiy savdosi ham asosan Hindiston va unga qo‘shni mamlakatlarga to‘g‘ri keladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring